Muminova Dilorom Davronovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Nomanavislik an’anasi va turkiy she’riyatda Lirik janrlar taraqqiyoti (XIV -XV asrlar she’riyati misolida)”, 10.00.02–O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/Fil392,
Ilmiy rahbar: Tohirov Sobirjon Qobilovich, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.02.03.
Rasmiy opponentlar: Abdullaeva Marg‘uba Do‘smiratovna, filologiya fanlari doktori, dotsent; Qobilov Usmon O‘rolovich, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Jizzax davlat pedagogika universiteti. 
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi mumtoz adabiyotimizda XIV-XV asrlarda yaratilgan nomalar va ularning g‘azal, qit’a, fard, masnaviy, tarje’, soqiynoma singari lirik janrlar rivoji va taraqqiyotidagi o‘rnini aniqlash, noma va g‘azal janrlariaro munosabat va bu munosabatning ikkala janr rivojiga ta’siri masalalarini ochib berishdan iborat. 
Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
noma janrining XIII asr fors-tojik adabiyotida paydo bo‘lganligi, o‘zbek mumtoz adabiyotida XIV-XV asrlarda taraqqiy etganligi, janr, mavzu va badiiy obrazlarning sinkretik xususiyatlari hamda vazn, qofiya, novatorlik kabi poetik jihatlari ochib berilgan;
noma janriga mansub asarlarning sarlavha, hamd va na’tlar, hikoyatlar kabi kompozision qurilishga egaligi, hazaj bahrining vazn imkoniyatlari takomillashganligi, mualliflar g‘oyaviy-badiiy niyatini talmeh, tanosub, tajohil-ul orif singari badiiy san’atlar vositasida ifoda etganligi dalillangan;
XIV-XV asr o‘zbek she’riyatida yaratilgan “Muhabbatnoma”, “Dahnoma”, “Taashshuqnoma” kabi noma janriga mansub asarlarda g‘azal, qit’a, fard singari janrlar takomillashgani, ularning taraqqiyoti aynan nomanavislik an’anasi bilan bog‘liqligi, nomalar mazkur janrlar takomiliga bevosita ta’sir etganligi isbotlangan;
o‘zbek mumtoz she’riyatidagi nomalar tarkibida masnaviy, soqiynoma, tarje’band kabi janrlarning ilk namunalari o‘z aksini topganligi, ularning nomanavislik an’anasi ta’sirida yuzaga kelganligi asoslangan. 
Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Nomanavislik an’anasi va turkiy she’riyatda lirik janrlar taraqqiyotini tadqiq etishda olingan amaliy natijalar asosida:
badiiy tafakkur taraqqiyotida folklor katta ahamiyatga ega bo‘lib, mazkur adabiy xazina lirik janrlarning taraqqiyoti uchun ham asosiy manba vazifasini o‘taganligi ma’lum. Shu bois noma janriga mansub asarlarning sarlavha, hamd va na’tlar, hikoyatlar kabi kompozision qurilishi, ularda hazaj bahrining vazn imkoniyatlari takomillashganligi, mualliflar g‘oyaviy-badiiy niyatini talmeh, tanosub, tajohil-ul orif singari badiiy san’atlar tadqiqi asosida olingan ilmiy natijalardan FA-F1-GOO2 “Qoraqalpoq folklori va adabiyoti janrlarining nazariy masalalarini tadqiq etish” mavzusidagi fundamental loyiha doirasida foydalanildi (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2021-yil 7-sentabrdagi 17-01-173-son ma’lumotnomasi). Natijada noma janrining g‘oyaviy-badiiy xususiyatlarini ta’riflab berishga xizmat qilgan;
Sharq xalqlari adabiyotida muhabbat mavzusida yozilgan lirik asarlarni asosan noma va g‘azallar tashkil qilgan. Bu janrlar dunyoviy va ilohiy muhabbat g‘oyalarini kuylashda vosita bo‘lib xizmat qildi. XIV-XV asr o‘zbek she’riyatida yaratilgan “Muhabbatnoma”, “Dahnoma”, “Taashshuqnoma” kabi noma janriga mansub asarlarda g‘azal, qit’a, fard singari janrlar takomillashgani, ularning taraqqiyoti aynan nomanavislik an’anasi bilan bog‘liqligi, nomalar mazkur janrlar takomiliga bevosita ta’sir etgan. Ushbu masalalar tadqiqi natijalaridan FA-F1-OO5 “Qoraqalpoq folklorshunosligi va adabiyoshunosligini tadqiq etish” mavzuidagi fundamental loyiha doirasida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2021-yil 29-iyuldagi 17-01-158-son ma’lumotnomasi). Olingan natijalar noma janrining badiiy-estetik jihatining o‘ziga xosligi, mavzu ko‘lami va didaktik ahamiyatini ochib berishga xizmat qilgan;
noma janrining XIII asr fors-tojik adabiyotida paydo bo‘lishi, uning o‘zbek mumtoz adabiyotida XIV-XV asrlardagi taraqqiyoti, janr, mavzu va badiiy obrazlarning sinkretik xususiyatlari, vazn, qofiya, novatorlik kabi poetik jihatlari asosida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Samarqand viloyat bo‘limida tashkil etilgan “Sadoqat” ijodiy to‘garagi va adabiy kechalarda ushbu tadqiqotning natijalaridan foydalanilgan (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining 2021-yil 27-oktabr 01-03/1266-son ma’lumotnomasi). Ushbu amaliy natijalar yosh shoir va shoiralarga mumtoz adabiyot namoyandalarining hayoti va ijodini targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etgan;
o‘zbek mumtoz she’riyatidagi nomalar tarkibida masnaviy, soqiynoma, tarje’band kabi janrlarning ilk namunalari o‘z aksini topganligi, ularning nomanavislik an’anasi ta’sirida yuzaga kelganligi hamda turkiy she’riyatning o‘ziga xosliklari bo‘yicha olingan xulosalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston tarixi” telekanalining “Taqdimot” ko‘rsatuvida foydalanilgan (“O‘zbekiston tarixi” telekanalining 2021-yil 30-sentabrdagi 01-13-1544-son ma’lumotnomasi). Olingan amaliy natijalar teletomoshabinlarni XIV-XV asr nomalari bilan tanishtirishda muhim ahamiyat kasb etgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish