Jo Min Youngning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon


I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi: “O‘zbek va koreys tillarida o‘xshatishlarning lingvomadaniy tadqiqi”. 10.00.06 – Qiyosiy adabiyoshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.PhD/Fil1514.
Ilmiy rahbar: Usmanova Shoira Rustamovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti DSc.03/30.2019.Fil/Tar.21.01.
Rasmiy opponentlar: Dadaboyev Hamidulla Aripovich, filologiya fanlari doktori, professor; Kim Pyong Il, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘zbek va koreys tillaridagi turg‘un o‘xshatishlarni lingvomadaniy jihatdan tadqiq etish orqali o‘zbek va koreys millatlariga xos bo‘lgan lisoniy manzarani ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘zbek va koreys tillaridagi flora va fauna kodli, inson tashqi ko‘rinishi hamda inson xulq-atvorini tavsiflovchi o‘xshatishlarning har ikkala millatga xos olam lisoniy manzarasini aks ettiruvchi lingvomadaniy birliklar ekanligi dalillangan; 
o‘zbek va koreys lingvomadaniyatida “qomat”, “yuz”, “ko‘z”, “qosh”, “tish”, “soch”, “lab”, “og‘iz”, “ko‘krak” somatizmli o‘xshatishlar vositasida o‘ziga xos milliy aksiologik munosabatning ifodalanishi asoslangan; 
biomorf kodli o‘xshatishlarning o‘zbek tilida arslondek, sherdek, qo‘chqordek, musichadek, qo‘ydek, koreys tilida baqadek, yo‘lbarsdek, qo‘ydek, sigirdek baquvvatlik va beozorlik xususiyatlariga ko‘ra o‘zbek va koreys stereotiplari bilan bog‘liqligi aniqlangan;
o‘xshatishlar vositasida o‘zbek va koreys xalqlarining milliy-etnik va antropologik, xususan, o‘zbeklarda qora, katta, yumaloq ko‘zlar (charosdek, munchoqdek), koreyslarda qisiq ko‘z shaklining 초승달 [chosingdal] yangi chiqqan oy (hilol)ga qiyoslanishidagi farqli jihatlari ochib berilgan;
o‘zbek va koreys tillarida meliorativ o‘xshatishlarning ko‘pligi har ikkala lingvojamoada odob-axloq me’yorlarining ustuvorligi bilan bog‘liqligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek va koreys tillarida o‘xshatishlarning lingvomadaniy tadqiqi yuzasidan olingan ilmiy natijalar va xulosalar asosida:
biomorf kodli o‘xshatishlarning o‘zbek tilida arslondek, sherdek, qo‘chqordek, musichadek, qo‘ydek, koreys tilida baqadek, yo‘lbarsdek, qo‘ydek, sigirdek baquvvatlik va beozorlik xususiyatlari bilan bog‘liq lingvomadaniy tahliliy materiallardan A 1-180 “Tarjima va madaniyatlararo muloqot masalalariga oid o‘quv qo‘llanmalari yaratish” mavzusidagi ilmiy tadqiqot loyihasida foydalanilgan (Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining 2022-yil 8-sentyabrdagi 01-04-01/1736-son ma’lumotnomasi). Olingan natijalar “Tarjimaning lingvomadaniy aspekti” darsligini tayyorlashda xizmat qilgan; 
o‘zbek tilidagi “qomat”, “yuz”, “ko‘z”, “qosh”, “tish”, “soch”, “lab”, “og‘iz”, “ko‘krak” somatizmlar vositasida o‘ziga xos milliy aksiologik munosabatni ifodalagan turg‘un o‘xshatishlarga oid tadqiqot natijalaridan Xitoy Xalq Respublikasi Pekin Markaziy millatlar universiteti Akademik tadqiqotlar bo‘limi loyihalari bo‘yicha PX167201960 «Masofaviy ta’limni tashkillashtirish va isloh qilish» mavzusidagi ilmiy tadqiqot loyihasida foydalanilgan (Xitoy Xalq Respublikasi Pekin Markaziy millatlar universitetining 2022-yil 8-iyundagi 10301-202000205-son ma’lumotnomasi). Olingan natijalar Xitoy Xalq Respublikasi Pekin Markaziy millatlar universiteti (Minzu university of China)da o‘zbek tili va madaniyatini o‘qitish hamda xitoyliklar uchun “O‘zbek tili” darsligi tayyorlashda xizmat qilgan;
o‘zbek tilida (charosdek, munchoqdek), koreys tilida초승달 [chosingdal] yangi chiqqan oy (hilol) o‘xshatishlari vositasida o‘zbek va koreys xalqlarining milliy-etnik va antropologik farqli jihatlari ochib berilgan xulosalardan Koreya Respublikasining O‘zbekiston elchixonasi huzuridagi “O‘zbekistondagi koreys rezidentlari uyushmasi”da taqdimot o‘tkazilgan (O‘zbekistondagi koreys rezidentlari uyushmasining 2021-yil 25-yanvardagi KR2021012130-son ma’lumotnomasi). Natijada koreys tinglovchilarining madaniyatlararo muloqotda o‘xshatishlarni o‘rinli qo‘llash malakasi oshgan; 
o‘zbek va koreys tillaridagi inson tashqi ko‘rinishi hamda inson xulq-atvorini tavsiflovchi o‘xshatishlarning har ikkala millatga xos olam lisoniy manzarasini aks ettiruvchi lingvomadaniy birliklar to‘g‘risidagi xulosalardan Osiyo almashinuv assotsiatsiyasining tadbirlarida foydalanilgan (Osiyo almashinuv assotsiatsiyasining 2021-yil 19- fevraldagi 2021021909-son ma’lumotnomasi). Natijalar Koreya Respublikasining KNN telekanalida yoritilgan. O‘zbek va koreys tillaridagi o‘xshatishlarning lingvomadaniy xususiyatlariga doir tahliliy fikrlar va nazariy xulosalar teleko‘rsatuv materiallari mazmunini boyitishga xizmat qilgan;
o‘zbek va koreys tillarida meliorativ o‘xshatishlarning ko‘pligi va ularning har ikkala lingvojamoada odob-axloq me’yorlarining ustuvorligi bilan bog‘liqligi ko‘rsatilgan tahliliy natijalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Oilaviy” telekanalining “Forein language” teleloyihasini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali davlat unitar korxonasining 2022 yil 10 iyundagi 02-05-876-son ma’lumotnomasi). O‘zbek va koreys tillaridagi turg‘un o‘xshatishlarning lingvomadaniy tadqiqi orqali har ikkala xalq assotsiativ tafakkuridagi o‘xshash va farqli jihatlar xususidagi tahliliy fikrlar va nazariy xulosalar teleloyihaning mazmunini boyitishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish