Jo‘rayeva Madinaxon Abdujalilovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Abdurahmon Jomiy «Al-Favoidu-z-Ziyoiyya» asarining lingvistik tadqiqi», 10.00.05 – Osiyo va Afrika xalqlari tili va adabiyoti (filologiya fanlari). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.PhD/Fil1440.
Ilmiy rahbar: Sodiqov Qosimjon Pozilovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, DSc.03/30.2019.Fil/Tar.21.01.
Rasmiy opponentlar: Dadaboyev Xamidulla Aripovich, filologiya fanlari doktori, professor; Qosimova Sarvinoz Sayfullayevna, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Abdurahmon Jomiy «Al-Favoidu-z-Ziyoiyya» asarining arab tilshunosligi tarixida tutgan o‘rnini aniqlab, muallifning grammatik kategoriyalarni yoritish prinsiplari, yo‘l-yo‘riqlarini hamda uni boshqa klassik arabshunoslar ishlariga qiyoslagan holda olimning tilshunoslik sohasidagi xizmatlarini ochib berishdan iborat. 
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
Abdurahmon Jomiyning «Al-Favoidu-z-Ziyoiyya» asarida arab tili grammatikasini o‘qitishning o‘ziga xos uslubini ishlab chiqqani dalillangan; arab tilshunosligining hozirgi holati, soha terminologiyasining Jomiy kiritgan العهد الخارجى («aniqlik yuklamasi») va الدَّوَالُ الاربَعُ ) so‘zma-so‘z: «to‘rt holatga dalolat»(, خُطُوط («chiziqlar», ya’ni «sahifaga qo‘shimcha yozuv»), عُقُود («barmoq bo‘g‘imlari»), اِشَارَات («ishoralar»), نَصْب («ustunlar», ya’ni «yo‘l belgilari») istilohlari hisobiga boyish yo‘llari isbotlangan va arab tili grammatik masalalarini yoritishda qo‘llangan prinsiplarning mohiyati, jumladan, grammatik istilohlarning semantikasi, ularning matnda qo‘llanilish usullari, boshqa arabshunoslarning asarlarida uchramaydigan o ’ziga xos farqlari asoslangan;
asarda Jomiy «asmāʾu-l-ẖamsa» deb nomlangan beshta اب(ota), اخ(aka), ذو (ega, sohib), هن (narsa), حم (qaynota) otlarini yana bittaga orttirib, «asmāʾu-s-sitta» iborasini qo‘llagani va ushbu otlar tarkibidagi فو (og‘iz) so‘zining فوه va فوك shakllari, mazkur otlar tarkibidagi حم so‘zining faqatgina حموكِ (qaynotang (mn)) shaklida kaf harfi kasra, ya’ni [i] bilan harakatlanib, ayol kishiga eri tarafidan yaqin bo‘lgan qarindoshi ma’nosida ishlatilishi dalillangan;
«Al-Favoidu-z-Ziyoiyya»ning arab tili grammatikasiga bag‘ishlangan boshqa asarlar bilan qiyoslash natijasida olimning boshqa tilshunoslardan farqli ravishda ism turkumi katta e’tibor qaratgani va nahvshunoslarning nazaridan chetda qolgan ko‘plab sintaktik jarayonlarning sodir bo‘lish usullari, ism turkumidagi so‘zlarning matndagi sintaktik vazifalari, semantikasi va etimologiyasini bayon etib, arab tili nahviga xos ilmiy fikrlarni asoslab bergani isbotlangan;
«Al-Favoidu-z-Ziyoiyya» asarini lingvistik tadqiq etish asosida Abdurahmon Jomiy boshqa mualliflardan farqli o‘laroq, arab nahvini yangicha usullarda bayon qilgani, uning arab nahviga yondashuvlari o‘zidan avval o‘tgan biror-bir olimga ergashish emas, balki «Kofiya» asaridagi ilmiy fikrlarni asos qilingani holda tamoman o‘z yondashuvlari bilan talqin etilganligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Abdurahmon Jomiy «Al-Favoidu-z-Ziyoiyya» asarining lingvistik tadqiqi yuzasidan olingan ilmiy natijalar asosida: 
Abdurahmon Jomiyning Movarounnahr arab tilshunosligi maktabida tutgan o‘rni, arab tilshunosligidagi xizmatlari, arab tilini o‘rganish borasidagi o‘ziga xos yandasuvlari haqidagi ilmiy ma’lumotlardan «O‘rta asrlar sharq olimlari ensiklopediyasi»ni yaratishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining 2020 yil 23 dekabrdagi 02/372-son ma’lumotnomasi). Natijada, Jomiyning «Al-Favoidu-z-Ziyoiyya» asari haqidagi tadqiqot natijalari o‘quvchilarda ko‘proq bilim va tushuncha hosil bo‘lishida zarur manba bo‘lib xizmat qilgan;
Abdurahmon Jomiyning «Al-Favoidu-z-Ziyoiyya» asarida arab tili grammatikasini o‘qitishning o‘ziga xos uslubini ishlab chiqqani, arab tilshunosligining hozirgi holati, soha terminologiyasiga Jomiy kiritgan istilohlar, arab tili grammatik masalalarini yoritishda qo‘llangan prinsiplarning mohiyati, boshqa arabshunoslarning asarlarida uchramaydigan o‘ziga xos farqlari haqidagi fikr-mulohazalardan Toshkent islom institutida «Arab tili», «Mantiq» fanlaridan o‘quv darsliklarini yaratish, shuningdek, tilga doir ilmiy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etish, arab tilining tarixiy-madaniy merosini targ‘ib etish jarayonlarida foydalanilgan (O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2020 yil 24 dekabrdagi 2680-son ma’lumotnomasi). Natijada, Jomiy va uning bebaho ilmiy merosini o‘rganish borasida, ayniqsa, ism turkumida sharhlangan aniqlik holati shakllarini hadislar orqali dalillanishi, «lafz» tushunchasining tasnifi kabi bir qator grammatik tushunchalarni muqaddas kitoblar va arab nazmidan namunalar keltirish orqali asoslanishi bilan bog‘liq ilmiy masalalar haqida o‘quvchilar ko‘nikma hosil qilishida muhim ahamiyat kasb etgan;
«Al-Favoidu-z-Ziyoiyya» asarda Abdurahmon Jomiy boshqa mualliflardan farqli o‘laroq, arab nahvini yangicha usullarda bayon qilgani, uning arab nahviga doir yondashuvlari haqidagi ma’lumotlardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi «O‘zbekiston tarixi» telekanalining «Moziydan sado» ko‘rsatuvini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi «O‘zbekiston tarixi» telekanalining 2020 yil 30 dekabrdagi 01-40-1348-son ma’lumotnomasi). Natijada, tomoshabinlarga «Al-Favoidu-z-Ziyoiyya» asarining nahv bo‘limidagi ilmiy yangiliklar, yurtimiz olimlarining asarlari hozirgi kunda ham o‘z ilmiy ahamiyatini yo‘qotmaganligi haqidagi ma’lumotlar ilmiy asoslar orqali yetkazilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish