Rahmatov Laziz Xasanovichning siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “Markaziy Osiyo neft` va gaz zaxiralari uchun jahon kuch markazlarining geosiyosiy raqobati”, 23.00.04 – Xalqaro munosabatlar, jahon va mintaqa taraqqiyotining siyosiy muammolari ixtisosligi (siyosiy fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: OAK Byulleteni, B2017.2.PhD/Siyos49.
Ilmiy rahbar: Jo‘raev Qodir Asadovich, siyosiy fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi va IK raqami: DSc.11/25.08.2022.S.24.02
Rasmiy opponentlar: Seitov Azamat Pulatovich, sotsiologiya fanlari doktori, professor; Yakubov Baxtiyor Sultonnazirovich, siyosiy fanlar doktori.
Yetakchi tashkilot nomi: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Markaziy Osiyodagi neft` va gaz zaxiralari uchun xalqaro raqobat kuchayishi sharoitida O‘zbekiston Respublikasining energetik diplomatiyasi samaradorligini oshirish va energetik xavfsizligini ta’minlash yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi.
Zamonaviy bosqichda RF, XXR, EI va AQShning Markaziy Osiyodagi strategik manfaatlarini kompleks tahlil qilish, ularning mintaqadagi energetik siyosati va maqsadlarining o‘ziga xos xususiyatlarini aniqlash orqali Markaziy Osiyoning jahon geosiyosiy va geoiqtisodiy jarayonlarida muhim o‘rin tutishi ilmiy-nazariy jihatdan asoslangan;
Markaziy Osiyoda xalqaro geosiyosiy raqobat va mintaqaning strategik tabiiy gaz va neft` resurslari o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni keng tahlil qilish hamda tizimli yondashuv orqali yoritish asosida O‘zbekiston tashqi siyosatining ushbu yo‘nalishga oid nazariy-konseptual asoslarini takomillashtirish zarurati asoslab berilgan;
Xalqaro geosiyosiy raqobat sharoitida Markaziy Osiyoda energetika sohasida yagona mintaqaviy siyosatni shakllantirish va amalga oshirish, shuningdek, O‘zbekiston orqali o‘tadigan neft` va gaz tranzit yo‘laklarini rivojlantirish zaruriyatini ko‘rsatuvchi omillar aniqlanib, mintaqaviy oliy va yuqori darajadagi muzokaralar tezislarida foydalanish uchun tavsiya etilgan;
Markaziy Osiyoda geosiyosiy plyuralizm tamoyili asosida uglevodorod resurslari jahon kuch markazlari tomonidan taqsimlanishi nafaqat energetik bozorni samarali diversifikatsiya qilishning, balki mintaqada uzoq muddatli barqaror taraqqiyot hamda tashqi kuchlar ta’siri muvozanatini ta’minlashning muhim sharti ekani ilmiy-nazariy jihatdan asoslab berilgan.
IV. Tadqiqotning amaliy natijalari quyidagilardan iborat.
O‘zbekiston Respublikasi milliy manfaatlariga zid bo‘lgan va mintaqaviy umumiy energetika siyosatini olib borishga to‘sqinlik qilayotgan omillar aniqlanib, ularni bartaraf etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan;
Xalqaro geosiyosiy raqobat sharoitida Markaziy Osiyodagi neft` va tabiiy gaz resurslari bilan bog‘liq vaziyat va uning atrofida kechayotgan global raqobat jarayonlarini qiyosiy tahlil qilish orqali kelgusida yagona mintaqaviy siyosatni shakllantirish va amalga oshirishga qaratilgan amaliy takliflar taqdim etilgan;
O‘zbekistonning milliy manfaatlaridan kelib chiqib, energetik diplomatiyaning asosiy yo‘nalishlarini belgilash va samarali amalga oshirish, xususan, energetika sohasida xalqaro hamkorlar va sheriklar bilan olib borilayotgan hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha muayyan chora-tadbirlar rejalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha tavsiyalar berilgan;
energetik xavfsizlikni ta’minlash va bu sohada xalqaro hamkorlik borasida samarali siyosat olib borishga oid tashkiliy-huquqiy masalalar yuzasidan takliflar ilgari surilgan.