Raupov Dilmurod Rasulovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Ikki komponentali blow-up rejimli nochiziqli muhitlarda sonli modellashtirish”, 05.01.07 – Matematik modellashtirish. Sonli usullar va dasturlar majmui (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/FM392.
Ilmiy rahbar: Matyakubov Alisher Samandarovich, fizika-matematika fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbekiston milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.FM.01.02.
Rasmiy opponentlar: Normurodov Chori Begaliyevich, fizika-matematika fanlari doktori, professor; Seytov Aybek Jumabayevich, texnika fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: manbaga ega bir jinsli bo‘lmagan muhitlarda nochiziqli parabolik tipdagi nodivergent tenglamalar sistemalari bilan ifodalanuvchi jarayonlarning nochiziqli matematik modellarining blow-up xossalarini sonli va analitik tadqiq etish, issiqlik diffuziyasi va yonish jarayonlari masalalarini sonli yechish uchun dasturiy ta’minotini yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
bir jinsli bo‘lmagan muhitda parabolik tipdagi nodivergent tenglamalar sistemasi uchun Koshi masalasining yechimlari uchun taqqoslash teoremalari yordamida quyi va yuqori baholar olingan;
blow-up rejimli muhitda parabolik tipdagi nodivergent tenglamalar sistemasi uchun nochiziqli ajratish usulidan foydalanib Koshi masalasining avtomodel yechimlari asimptotikalari olingan;
issiqlik diffuziyasi va yonish jarayonlarini matematik modellari uchun blow-up va global yechimlarga ega bo‘lish shartlari avtomodel tahlil va taqqoslash teoremasi asosida isbotlangan;
issiqlik diffuziyasi va yonish jarayonlarini ifoda etuvchi chegaraviy shartlar bilan berilgan parabolik tipdagi nodivergent tenglamalar sistemasi uchun blow-up yechim baholari qurilgan;
issiqlik diffuziyasi va yonish jarayonlari masalalarida portlash vaqti uchun maksimum tamoyillari asosida baholar olingan;
muhitning sonli parametrlari qiymatlari asosida sonli yechimlar olishda iteratsion jarayon uchun boshlang‘ich yaqinlashishni qurish masalasi yechilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Ikki komponentli blow-up rejimli nochiziqli muhitlarda issiqlik diffuziyasi va yonish jarayonlari masalalarini sonli va analitik yechish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar amaliyotda quyidagi yo‘nalishlarda joriy etilgan:
issiqlik diffuziyasi va yonish jarayonlarini matematik modellari uchun blow-up va global yechimlar, sonli yechish algoritmlari va usullari, iteratsion jarayon uchun boshlang‘ich yaqinlashish hamda ishlab chiqilgan dasturiy ta’minoti natijalaridan PZ-202008061-sonli “Yangi avlod oligomer antipirenlarni qo‘llab yog‘och qurilish materiallari va buyumlarining olovbardoshligini oshirish resurstejamkor texnologiyasini ishlab chiqish” mavzusidagi amaliy loyihasida foydalanilgan (“O‘zkimyosanoat” AJ Toshkent kimyo texnologiyasi ilmiy tadqiqot instituti 2022 yil 20 sentabrdagi №0410/289-son ma’lumotnomasi). Natijada olingan sonli natijalardan bir jinsli bo‘lmagan muhitda yonuvchi materiallarni alangalanishi va portlash vaqtlarini aniqlash imkonini bergan;
bir jinsli bo‘lmagan muhitda parabolik tipdagi nodivergent tenglamalar sistemasi uchun yuqori va quyi yechimlarini qurish, ikki komponentli blow-up rejimli chiziqsiz muhitlarda sonli modellashtirish uchun progonka, sonli natijalarni vizual shaklda tasvirlash uchun dasturiy ta’minot va bir jinsli bo‘lmagan muhitda yonish va issiqlik diffuziyasi jarayonlarini tasvirlovchi grafik ko‘rinishdagi natijalaridan MB-ATEX-2018-58. “Yangi avlod metallorganik oligomer qo‘shimchali olovbardosh, issiqlik izolyasiyalovchi qurilish materiallarini tadqiq etish va texnologiyasini yaratish” mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi 2022 yil 15 noyabrdagi №36/16-2217-son ma’lumotnomasi). Natijada olingan sonli natijalardan issiqlik diffuziyasi va yonish jarayonlarini sonli modellashtirish uchun amaliy dasturlar paketini yaratish imkonini bergan.