Zafarov Olmosning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Inshootlar asosidagi sho‘rlangan gruntlarning namlanishidan fizik-mexanik xossalarining o‘zgarishi (Jizzax viloyati Paxtakor tumani misolida)», 04.00.04 – Gidrogeologiya va muhandislik geologiyasi (geologiya-mineralogiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.4.PhD/GM118.
Ilmiy rahbar: Kayumov Abdubaki Djalilovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Jizzax politexnika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: «Gidrogeologiya va injenerlik geologiyasi instituti» DM, DSs.24/30.12.2019.GM.96.01.
Rasmiy opponentlar: Aimbetov Izzet Kallievich, geologiya-mineralogiya fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Ibragimov Aziz Sabirovich, geologiya-mineralogiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: sho‘rlangan gruntlarning muhandislik-geologik va gidrogeologik o‘ziga xos sharoitlarini hisobga olgan holda, ularning namlanishidan gruntlarni fizik-mexanik xossalarining o‘zgarishini Jizzax viloyati Paxtakor tumani misolida aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tadqiqot ob’ektidagi gruntlarning sho‘rlanish miqdorini tabiiy va texnogen omillar ta’sirida o‘zgarishi aniqlangan, ularning gidrogeologik va muhandislik-geologik sharoiti bo‘yicha sxematik xaritalari tuzilgan va fil`tratsiya koeffisientini o‘zgarishi baholangan;
sho‘rlangan gruntlarning muhandislik-geologik ko‘rsatkichlaridan mustahkamlik, deformatsiyalanish va seysmik xossalari, boshlang‘ich gipslanish va ishqorlanish darajasining namlik ta’sirida kamayishi aniqlangan;
gruntlarni mustahkamlik va deformatsiyalanish ko‘rsatkichlarining sho‘rlanish turlariga, boshlang‘ich gipslanish va ishqorlanish darajasiga bog‘liqligi aniqlangan hamda ularning matematik ifodalari ishlab chiqilgan;
Jizzax viloyati Paxtakor tumani hududidagi sho‘rlangan gruntlar ishqorini yuvish va uzoq vaqt suv ta’sir etishi natijasida shartli hisoblanadigan qarshilikni 1,2-1,6 barobar kamayishi va bunday sharoitlarda poydevorning qo‘shimcha cho‘kishi 1,5-2,0 barobarga ortishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Jizzax viloyati Paxtakor tumani hududidagi sho‘rlangan gruntlarda olib borilgan dastlabki va mufassal qidiruv bosqichlarida, shuningdek, uzoq muddatli kuzatuv ishlari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Jizzax viloyati Paxtakor tumani hududidagi sho‘rlangan gruntlarning namlanishi natijasida cho‘kishi va hisoblanadigan qarshiligi “Jizzax viloyat qurilish bosh boshqarmasi” tomonidan bino va inshootlarni loyihalashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining 2022 yil 17 noyabrdagi 17-06/13030-son ma’lumotnomasi). Natijada, muhandislik-geologik xossalarining 20-60 % o‘zgarishi asosli tarzda prognoz qilingan, bino va inshootlardan xavfsiz foydalanishni ta’minlash imkonini bergan;
gruntlarning sho‘rlanish miqdorini tabiiy va texnogen omillar ta’sirida o‘zgarishi bo‘yicha aniqlangan parametrlari “O‘zGAShKLITI” DUK Samarqand filialida amaliyot ishlari jarayoniga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining 2022 yil 17 noyabrdagi 17-06/13030-son ma’lumotnomasi). Natijada, Jizzax viloyati Paxtakor tumanida sho‘rlangan gruntlar tarqalgan hududlardagi bino va inshootlarning mustahkamligini ta’minlashga imkon yaratgan;
gruntlarni mustahkamlik va deformatsiyalanish ko‘rsatkichlarining sho‘rlanish turlariga, boshlang‘ich gipslanish va ishqorlanish darajasiga umumlashtirilgan bog‘liqligi va ularning matematik ifodalari Bosh loyiha-qidiruv instituti “Qishloqqurilishloyiha” Jizzax filiali faoliyatiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining 2022 yil 17 noyabrdagi 17-06/13030-son ma’lumotnomasi). Natijada, bino va inshootlarni loyihalash davrida hisoblanadigan shartli qarshilikni 1,2-1,6 barobar kamayishi va poydevorning qo‘shimcha cho‘kishi 1,5-2,0 barobarga ortishini hisobga olgan holda chora-tadbirlar ishlab chiqilgan, bu esa o‘z navbatida bino va inshootlarning turg‘unligi ta’minlashga imkon yaratgan.