Yorqulov Javlon Mahmudovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Zarafshon vodiysining kamyob va xavf ostidagi qishlovchi qushlari», 03.00.06 – Zoologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.PhD/B728.
Ilmiy rahbar: Azimov Djalaliddin Azimovich, biologiya fanlari doktori, professor, akademik.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Zoologiya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Zoologiya instituti, DSc.02/30.12.2019.B.52.01.
Rasmiy opponentlar: Kamilov Baxtiyar Ganievich, biologiya fanlari doktori, professor; Kashkarov Roman Danilovich, biologiya fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Qoraqalpoq davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Zarafshon vodiysining kamyob va yo‘qolib borayotgan qishlovchi qushlarining tur tarkibini va bioekologik xususiyatlarini aniqlash hamda kamyob qishlovchi qushlarni muhofaza qilish tadbirlarini maqbullashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
O‘zbekistonning Zarafshon vodiysi biotsenozlarida kamyob va xavf ostidagi qishlovchi qushlarning zamonaviy turlar xilma-xilligi 33 turdan iborat bo‘lib, 8 turkumga (G‘ozsimonlar, Birqozonsimonlar, Laylaksimonlar, Lochinsimonlar, Turnasimonlar, Rjankasimonlar, Bulduruqsimonlar, Yapaloqqushsimonlar) mansubligi aniqlangan;
Zarafshon vodiysi va unga tutash hududlarda qishlovchi qushlarning kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan turlarining biotoplar bo‘yicha tarqalish xususiyatlari hamda oziqlanish biologiyasi aniqlangan;
Zarafshon vodiysi hududida birinchi marta O‘zbekiston qushlari faunasi uchun baliqchi qushlardan burgomistr – Larus hyperboreus aniqlangan;
kamyob va yo‘qolib borayotgan 26 tur qushlar, shuningdek ovlanadigan 4 tur va 3 tur kam sonda qishlovchi qushlarning biologik va ekologik xususiyatlari tavsiflangan;
kamyob qush turlarining yashash muhitlaridagi cheklovchi omillar aniqlangan;
Zarafshon vodiysi qushlar gel`mintlari faunasi 90 turdan iborat ekanligi ilk bor o‘rganilib, ular Cestoda, Trematoda va Nematoda sinflarining 10 turkum, 27 oila va 61 urug‘iga mansubligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Zarafshon vodiysining kamyob va xavf ostidagi qishlovchi qushlari bioekologiyasi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
kamyob, muhofazaga muhtoj hamda ovlanadigan qushlarni uchrash xususiyatlari, ov qilish mavsumi va muddatlari yuzasidan ishlab chiqilgan amaliy tavsiyalar O‘zbekiston ovchilar va baliqchilar sport birlashmasining Buxoro va Navoiy viloyatlari bo‘limlari amaliyotiga joriy etilgan (O‘zbekiston ovchilar va baliqchilar sport birlashmasining 2022 yil 5 maydagi 113-son ma’lumotnomasi). Natijada, Buxoro va Navoiy viloyatlarining ovchilik xo‘jaliklari hududida qish mavsumida 5 turdagi ovlanadigan qushlar kvotalarini maqbullashtirish va 23 turdagi qishlovchi kamyob qushlarni muhofaza qilish imkonini bergan;
Zarafshon vodiysi ornitofaunasi tarkibidagi 4 turkum, 3 oila, 7 avlodga mansub 9 tur qushlarning 11 nusxa namunalari respublikada yetakchi bo‘lgan «Zoologiya kolleksiyasi» noyob ob’ektiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining 2022 yil 28 iyuldagi 4/1255-1765-son ma’lumotnomasi). Natijada, mavjud qushlar kolleksiyasi fondi yangi tur namunalari bilan boyitilgan va O‘zbekiston qush turlari xilma-xilligini aniqlashda samarali foydalanish imkonini bergan;
Zarafshon vodiysidagi kamyob va xavf ostidagi qishlovchi qushlar faunasining zamonaviy holatini baholash, ekologiyasini asoslash, kamyob turlarni muhofaza qilish bo‘yicha ishlab chiqilgan tavsiyalar Buxoro va Navoiy viloyatlari Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish hududiy boshqarmalari amaliyotiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish Davlat qo‘mitasining 2022 yil 7 dekabrdagi 03-02/7-3547-son ma’lumotnomasi). Natijada, qushlar populyasiyasining sonini saqlab qolish va ovlanadigan turlarning kvotalarini tartibga solish hamda kamyob va xavf ostidagi qishlovchi turlarning davlat kadastrini tuzish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish