Bahronov Sherzod Xolmurodovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ekologik ekspertizadan o‘tkazishning tashkiliy-huquqiy asoslari», 12.00.02. – Konstitutsiyaviy huquq. Ma’muriy huquq. Moliya va bojxona huquqi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.2.PhD/Yu527.
Ilmiy rahbar: Fayziev Shuxrat Hasanovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/30.12.2019.Yu.22.02.
Rasmiy opponentlar: Xayitov Xushvaqt Saparbaevich, yuridik fanlar doktori, professor; Nematov Jo‘rabek Nematilloevich, yuridik fanlar doktori.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti.
Dissertatsiyaning yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekiston Respublikasida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ekologik ekspertizadan o‘tkazishning joriy holati asosida ekologik ekspertizaning tashkiliy-huquqiy asoslari va mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
mamlakatimizda normativ-huquqiy hujjatlarning atrof muhitni muhofaza qilish va ekologik xavfsizlik talablariga muvofiqligini ta’minlash dolzarb masala bo‘lganligi sababli ularning loyihalarini ekologik ekspertizadan o‘tkazish zarurligi asoslangan;
“norma ijodkorligi”, “normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining ekspertizasi”, “normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining ekologik ekspertizasi”, “normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining ekologik ekspertizasi predmeti” kabi ilmiy tushunchalarga norma ijodkorligi qoidalari va atrof muhitni muhofaza qilish talablaridan kelib chiqqan holda mualliflik ta’rifi berilgan;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining ekspertizasi tushunchasi, prinsiplari, ekspertiza turlari, sub’ektlarning huquq va majburiyatlari, ekspertiza xulosasini rasmiylashtirish bilan bog‘liq munosabatlar yagona qonun hujjati bilan tartibga solinishi asoslangan;
norma ijodkorligi va qonunchilik ekspertizasi bo‘yicha malakali mutaxassislarni shakllantirish maqsadida yuridik va ijtimoiy sohalarda kadrlar tayyorlovchi oliy o‘quv yurtlarida maxsus o‘quv dasturlarini joriy qilishga qaratilgan taklif asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Mazkur tadqiqot doirasida ishlab chiqilgan taklif va tavsiyalardan ayrim qonunchilik hujjatlarini ishlab chiqishda va takomillashtirishda foydalanilgan:
davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish tartib-taomillarini takomillashtirish hamda ushbu sohaga oid qonunchilik asoslarida “atrof muhitga ta’sirni baholash” tushunchasi va chora-tadbirlarini nazarda tutish lozimligi haqidagi taklifdan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 7 sentyabrdagi 541-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat ekologik ekspertizasi to‘g‘risidagi nizomning 2-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (Vazirlar Mahkamasi Yuridik ta’minlash boshqarmasining 2022 yil 15 avgustdagi 12/21-54-son dalolatnomasi). Natijada milliy qonunchilikda atrof muhitga ta’sirni baholash tushunchasi va unga berilgan ta’rif mustahkamlangan;
davlat ekologik ekspertizasi sohasidagi maxsus vakolatli davlat organining davlat va jamoat ekologik ekspertizasini o‘tkazish borasidagi vakolatlarini kengaytirish, ushbu sohada monitoring va nazorat tizimini yaratish haqidagi takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 7 sentyabrdagi 541-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat ekologik ekspertizasi to‘g‘risidagi nizomning 7-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (Vazirlar Mahkamasi Yuridik ta’minlash boshqarmasining 2022 yil 15 avgustdagi 12/21-54-son dalolatnomasi). Natijada qonunchilikda davlat ekologik ekspertizasi sohasidagi vakolatli davlat organining vazifa va funksiyalariga doir normalar belgilangan;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ekologik ekspertizadan o‘tkazishda fuqarolarning ishtirokini kengaytirish hamda jamoatchilik ekologik ekspertizasi imkoniyatlarini oshirish bo‘yicha takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 7 sentyabrdagi 541-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat ekologik ekspertizasi to‘g‘risidagi nizomning 30-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (Vazirlar Mahkamasi Yuridik ta’minlash boshqarmasining 2022 yil 15 avgustdagi 12/21-54-son dalolatnomasi). Natijada davlat ekologik ekspertizasini amalga oshirishda jamoatchilik ekologik ekspertizasi natijalarini hisobga olish mexanizmi joriy qilingan;
“Ekologik ekspertiza to‘g‘risida”gi Qonun (yangi tahriri) loyihasidan va unda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ekologik ekspertizadan o‘tkazishning huquqiy asoslarini belgilash haqidagi takliflardan Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining norma ijodkorligi faoliyatida foydalanilgan (Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2022 yil 15 avgustdagi 02-02/7-1152-son dalolatnomasi). Ushbu takliflar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga 2022 yil 9 noyabrda ID-70946 raqami bilan joylashtirilgan “Ekologik ekspertiza to‘g‘risida”gi Qonun (yangi tahriri) loyihasini ishlab chiqish va takomillashtirishga xizmat qilgan.