Isamov Sobirjon Boltaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Ko‘p zaryadli nanoklasterlarga ega bo‘lgan kremniyda fotoelektrik xodisalarning o‘ziga xos jihatlari», 01.04.10 – Yarimo‘tkazgichlar fizikasi (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/FM81.
Ilmiy rahbar: Bahodirxonov Muhammad Kabir, fizika-matematika fanlari doktori, professor, akademik.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Toshkent davlat texnika universiteti, O‘zbekiston milliy universiteti, DSc.28.02.2018.FM/T.03.05.
Rasmiy opponentlar: Rasulov Rustam Yavkochovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor; Aripov Xayrulla Kabulovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: “Fizika-Quyosh” ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: kremniy kristall panjarasida hosil qilingan zaryadi uchdan katta bo‘lgan nanoklasterlarni materialning fotoelektrik va fundamental xossalariga ta’sirlarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
diffuzion legirlash yordamida zaryadlanish karraligini uchdan katta bo‘lgan nanoklasterli kremniy olish imkonini beruvchi texnologiyaning termodinamik sharoitlari aniqlangan;
nanoklasterlar zaryadining qiymatini yorug‘lik ta’sirida kamayishi va elektr maydon ta’sirida zaryad tashuvchilarning ko‘p karrali zaryadlangan markazlarda sochilishini susayishi sababli o‘rganilayotgan namunalarda zaryad tashuvchilarning harakatchanligi yoritilganlik intensivligi ta’sirida 3÷5 martaga va elektr maydon kuchlanganligi ta’sirida 2,5 martagacha oshishi aniqlangan;
ko‘p karrali zaryadlangan nanoklasterlar atrofida elektronlarning energetik holatlarini qayta taqsimlanishi tufayli nanoklasterli kremniy 100 K haroratda 10 mikrometrli infraqizil nurlanishni qayd eta olishi aniqlangan;
ko‘p karrali zaryadlangan klaster atrofida kuchli elektr maydon hosil bo‘lishi hisobiga Frans-Keldish nazariyasiga asosan kremniyning lokal sohalarida o‘zgaruvchan zonali struktura paydo bo‘lishi tufayli 0,12÷0,75 eV spetkr oralig‘ida katta fotosezgirlik aniqlangan;
ko‘pzaryadli nanoklasterlar orasidagi potensial chuqurlikda joylashgan kovaklarning energetik sathlariga elektronlarni tunnellanishi natijasida namunalarni qo‘shimcha oq yorug‘lik fonisiz infraqizil nur bilan yoritiliganda fotoo‘tkazuvchanlikning maksimum kamayishi kuzatiladigan energiyani 0,43 eV dan 0,55 eV gacha siljishi aniqlangan;
potensial chuqurlikda joylashgan kovaklar bilan klasterlar yutib olgan elektronlar orasida rekombinatsiya bo‘lmasligi tufayli 0,15÷0,4 eV spektral oraliqda relaksatsiya vaqti 103 s ga teng bo‘lgan katta qiymatdagi kirishmali qoldiq fotoo‘tkazuvchanlik aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Kremniy kristall panjarasida hosil qilingan zaryadi uchdan katta bo‘lgan nanoklasterlarni materialning fotoelektrik va fundamental xossalariga ta’sirlarini aniqlash asosida:
marganes atomlarining ko‘p karrali zaryadlangan klasterlari mavjud kremniyning elektrofizik va fotoelektrik xossalarini tadqiq etish natijalari «FOTON» aksiyadorlik jamiyatida yarimo‘tkazgichli asboblar ishlab chiqishda qo‘llanilgan («O‘zeltexsanoat» aksiyadorlik kompaniyasining 2017 yil 6 oktyabrdagi 02-2073-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi detektorlar tayyorlash texnologiyasini takomillashtirish imkonini bergan;
kremniyning fotoo‘tkazuvchanligini ko‘p karrali zaryadlangan nanoklasterlar ta’sirida boshqarish “Nanoo‘zgaruvchan zonali keng spektral sezgirlikka ega (0,1–3 mkm) yangi fotoelementlarni tayyorlash va ishlab chiqish” (2012-2015) grant loyihada tajriba natijalarini qayta ishlashda qo‘llanilgan (Turkmaniston Fanlar akademiyasi Quyosh energiyasi institutining 2017 yil 9 noyabrdagi 161/170-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish nanostrukturali Shottki to‘siqlarining fotosezgirligini oshirish imkonini bergan.