Jumaniyozova Dilnoza Komilovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Toshkent vohasi tog‘oldi qishloq xo‘jalik ekinlari nematodalarining faunasi va dinamikasining qiyosiy tahlili», 03.00.06 – Zoologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/B319.
Ilmiy rahbar: Eshova Xolisa Saidovna, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Qoraqalpoq davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.V.20.04.
Rasmiy opponentlar: Ametov Yakub Idrisovich, biologiya fanlari doktori, professor; Bekmurodov Abdujabbor Sattarovich, biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Toshkent vohasi tog‘oldi hududlari qishloq xo‘jalik ekinlari nematodalarining zamonaviy tur tarkibini aniqlash, ularning ildiz va ildiz atrofi tuproq qatlamlarida tarqalishi, mavsumiy dinamikasi hamda o‘simliklar bilan trofik munosabatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Toshkent vohasi tog‘oldi hududlari qishloq xo‘jalik ekinlari (pomidor, pomidor-olmazor, sabzi, kungaboqar, bug‘doy va ular atrofi tabiiy ekotizim) ildiz va ildiz atrofi tuproqlarida fitonematodalarning 2 kenja sinf, 8 turkum, 32 oila, 60 avlodga mansub 115 turi aniqlangan;
qishloq xo‘jalik ekinlari nematodalari turlarining yashash muhitiga va o‘simliklar bilan trofik munosabatlariga ko‘ra 5 ta guruhga mansub hayotiy shakllari ochib berilgan;
tog‘oldi hududlari qishloq xo‘jalik ekinlari nematodalar faunasi yadrosini Rhabditidae va Cephalobidae oilalariga mansub bakteriotrof, mikotrof va parazit nematodalar tashkil etishi aniqlangan;
ekologik omillar (harorat, namlik) ta’sirida fitonematodalar sonining o‘zgarish dinamikasi xususiyatlari ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Toshkent vohasi tog‘oldi qishloq xo‘jalik ekinlari nematodalarining faunasi va dinamikasining qiyosiy tahlili yuzasidan olingan ilmiy natijalar asosida:
Toshkent vohasi tog‘oldi qishloq xo‘jalik ekinlarida ixtisoslashgan parazit nematodalarning 6 ta (Ditylenchus dipsasi, Nothotylenchus arcus, Helicotylenchus multicinctus, Helicotylenchus nannus, Pratylenchus pratensis Meloidogyne hapla) turining tarqalganligi aniqlangan va “Qishloq xo‘jalik o‘simliklari parazit nematodalari va ularga qarshi kurash chora tadbirlari” mavzusidagi tavsiyanoma ishlab chiqilib O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasining hududiy bo‘limlari amaliyotiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasining 2020 yil 03 sentyabrdagi 1-24/ 1657-son ma’lumotnomasi). Natijada, tashqi karantin ob’ekti bo‘lgan nematodalarning hududlararo tarqalishini oldini olish bo‘yicha profilaktik chora tadbirlarini ishlab chiqish imkonini bergan;
Toshkent vohasi tog‘oldi qishloq xo‘jalik ekinlari nematoda faunasiga tegishli 8 turkum, 32 oila, 59 avlod, 50 turga mansub 290 nusxa nematoda namunalari Respublikada yetakchi bo‘lgan “Zoologiya kolleksiyasi” noyob ob’ektiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining 2020 yil 22 sentyabrdagi 4/1255-1961-son ma’lumotnomasi). Natijada, tog‘oldi hududlari qishloq xo‘jalik ekinlari nematoda faunasining turlar tarkibini aniqlash, ularning tarqalishi va dinamik xususiyatlarini baholash hamda fitonematodalar bo‘yicha ma’lumotlar bazasini shakllantirish imkonini bergan;
tog‘ oldi hududlari parazit nematodalaridan pomidorda 28 ta, sabzida 14 ta, kungaboqarda 19 ta, bug‘doyda 24 ta, dala chetida 32 ta va bog‘ orasi ekinlarida 19 ta turi tarqalganligi aniqlangan va ularga qarshi kurash chora-tadbirlari yuzasidan ishlab chiqilgan amaliy tavsiyalar Qishloq xo‘jaligi vazirligining hududiy bo‘limlari amaliyotiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 25 dekabrdagi 04/029-4620-son ma’lumotnomasi). Natijada, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini etishtiruvchi sub’ektlar tomonidan ekinlarni ekish va parvarishlashda parazit nematodalar populyatsiyalarini monitoring qilish va ularga qarshi samarali kurashish imkonini bergan.