Abduraxmonov Abiljon Abdusamatovichning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbek she’riyatida nur, rang va ruhiyat tasviri poetikasi (an’ana va novatorlik aspektida)», 10.00.02–O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Fil261.

Ilmiy rahbar: Jo‘raev Habibullo Abdusalomovich, filologiya fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona davlat universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, PhD.27.06.2017.Fil.261.

Rasmiy opponentlar: Karimov Baxodir Nurmetovich, filologiya fanlari doktori, professor; Pardaeva Zulfiya Jo‘raevna, filologiya fanlari doktori, professor.

Yetakchi tashkilot nomi: Namangan davlat universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqot maqsadi: o‘zbek she’riyatida nur hamda rangning ruhiyat tasviridagi badiiy-estetik xususiyatlarini an’anaviy va o‘ziga xos tarzda ifodalanishini tadqiq etishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

muayyan ijtimoiy-siyosiy davrga xos muammolar she’riyatda nur manbalari va ularning badiiy talqinlanishi misolida yoritilishi dalillangan;

rangning lirik asarlarda rangtasvirning grizayl` usuliga xos qo‘llanishi aniqlangan;

lirik kontekstda rang matnga stilistik bo‘yoqdorlik, jarangdorlik (evfonik) bag‘ishlashi asoslangan;

nur va soya ziddiyati vositasida lirik qahramon ichki dunyosiga parallel qo‘yilgan ijodkorning falsafiy qarashlari aks etishi isbotlangan.

nur va rang uyg‘unligi ruhiyat manzarasini teranroq ifodalashdagi ahamiyati ko‘rsatilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Nur va rangning o‘zbek she’riyatidagi badiiy talqinining xususiyatlari, genetikasi va poetikasini ochib berish jarayonida ma’naviy-ma’rifiy tizimni takomillashtirish bo‘yicha belgilangan tadbirlar asosida:

muayyan ijtimoiy-siyosiy davrga xos muammolar she’riyatda nur manbalari va ularning badiiy talqinlanishi misolida yoritilishiga oid ilmiy natijalar A–1-118 raqamli “Alisher Navoiy obrazining tasviri va talqiniga bag‘ishlangan o‘quv qo‘llanmasini tayyorlash va nashr etish”mavzusidagi davlat amaliy granti loyihasi doirasidagi o‘quv qo‘llanma tayyorlashda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 13 martdagi 89-03-992-son ma’lumotnomasi). Natijada, Navoiy she’riyatida nur va soya qo‘llanishi obraz ruhiyatining in’ikosi ekanligini, nur bilan bog‘liq obrazlar badiiy talqinining Navoiy ijodidagi tadriji  masalalari ilmiy asoslangan;

o‘zbek she’riyatida nur va rang poetikasi masalasini tadqiq etish orqali muayyan taraqqiyot bosqichidagi milliy adabiyotimiz va madaniyatimizning o‘ziga xosligi haqida yanada chuqurroq tasavvurga ega bo‘lish imkoni yaratilishi, asarning nur va rang vositasidagi tahlilida lirik qahramon ruhiyatining ichki «qatlamlari»ni ochishga muvaffaq bo‘lish haqidagi materiallardan O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi Farg‘ona viloyat bo‘limi uyushma a’zolari bilan o‘tkazilgan seminarlarda, yosh ijodkorlarning to‘garak mashg‘ulotlarida, adabiyotga oid targ‘ibot ishlarida foydalanilgan (O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi Farg‘ona viloyat bo‘limining2017 yil 20 sentyabrdagi 85-son ma’lumotnomasi). Natijada nurning badiiy ijoddagi ahamiyati, uning nur ramzga aylanishi, muayyan hayotiylik belgilarini o‘zida tashiganicha tasavvurga sig‘adigan hodisalarni ifodasiga ko‘maklashishi, o‘zbek she’riyatidagi nur bilan bog‘liq obrazlarning g‘oyaviy-estetik ahamiyat kasb etishi, rang qo‘llash muayyan davrning ijtimoiy-siyosiy hayotining badiiy-estetik  in’iokosi ekanligi haqidagi ma’lumotlar hozirgi adabiy jarayonni xolis va teran tahlil etishga xizmat qilgan;

o‘zbek she’riyatida nur va rang qo‘llanishi va badiiy-estetik qarashlar milliy mentalitetga xos munosabat uyg‘unligida aks etishi haqidagi materiallardan 2016–2017 yillarda Farg‘ona viloyat teleradio-kompaniyasining «Ochiq muloqot», «Zamondosh», «Adabiy muhit», «Qadriyat», «Ma’naviyat – qalb ko‘zgusi» ko‘rsatuvlari hamda «Ma’naviyat», «Ziyo maskanlarida» nomli radioeshittirishlar ssenariylarida keng foydalanilgan (Farg‘ona viloyati teleradiokompaniyasining 2017 yil 2 oktyabrdagi 466-son ma’lumotnomasi). Natijada ko‘rsatuv va eshittirishlarning ilmiy dalillarga boy va ommabop bo‘lishi ta’minlangan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish