Ziyamuxamedova Munojot Mirgiyasovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Tukli-bargli xandeliya asosida yallig‘lanishga qarshi dori vositalarini ishlab chiqarishning texnologik jihatlari», 15.00.01–Dori texnologiyasi (farmatsevtika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.DSc/Far8.
Ilmiy maslahatchi: Nazarova Zarifa Alimdjanovna, farmatsevtika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent farmatsevtika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent farmatsevtika instituti, DSc.27.06.2017.Far.32.01.
Rasmiy opponentlar: Mamatxanov Axmatxon Umarxanovich, texnika fanlari doktori, professor; Yunusova Xalida Mannanovna, farmatsevtika fanlari doktori, professor; Xudoyberdiev Ma’ruf Obidovich, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston kimyo-farmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi: mahalliy o‘simlik xomashyosi asosida yallig‘lanishga qarshi ta’sirga ega bo‘lgan tukli-bargli xandeliya suyuq ekstrakti asosida gel`, surtma va pasta dori turlari tarkibini ishlab chiqish va texnologiyasini yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor tukli-bargli xandeliya suyuq ekstrakti asosida olingan applikatsion dori turlari gel`, surtma va pastalarning tarkibi aniqlangan va ularning tayyorlash texnologiyasi ishlab chiqilgan;
yumshoq dori turlari (gel`, surtma, pasta)ning struktura-mexanik xossalari: plastikligi, struktura – qovushqoqligi va mexanik ta’sirlar natijasida dispers sistemalarning suyulishga moyilligi aniqlangan hamda ushbu ko‘rsatkichlar yumshoq dori turlarini ishlab chiqish va saqlashdagi sifatni baholovchi asosiy nazorat ko‘rsatkichlari ekanligi isbotlangan;
tarkibida tukli-bargli xandeliya suyuq ekstrakti saqlovchi dori preparatlarining spesifik faolligi va bezararligi aniqlangan.
tukli-bargli xandeliya suyuq ekstrakti, xandeliya geli, xandeliya surtmasi va murakkab tarkibli stomatologik pasta dori preparatlari uchun sifat va miqdoriy ko‘rsatkichlarni turg‘unligini ta’minlovchi saqlanish sharoitlari va yaroqlilik muddatlari aniqlangan;
dori turlarining biofarmatsevtik xossalari «in vitro» va «in vivo» tajribalarida isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Original dori preparatlarining tarkibi va texnologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
«Tukli-bargli xandeliya suyuq ekstrakti» va «Xandeliya» surtmasi uchun me’yoriy hujjatlar Sog‘liqni saqlash vazirligi Dori vositalari va tibbiy texnika sifatini nazorat qilish bosh boshqarmasining qarori bilan tasdiqlangan (FM 42 Uz-0922-2017; FM 42 Uz-0215-2017). Natijada olingan dori vositalari stomatologik va yallig‘lanishga qarshi dermatologik kasalliklarini samarali davolash imkonini bergan;
«Tukli-bargli xandeliya suyuq ekstrakti» va «Xandeliya surtmasi» Dori vositalari va tibbiy texnika sifatini nazorat qilish bosh boshqarmasida ro‘yxatga olingan (guvohnoma, №003-06, 2006 y.; №07-11, 2011 y.). Mazkur me’yoriy hujjatning tasdiqlanishi mahalliy xomashyo asosida yaratilgan, iqtisodiy jihatdan samarador bo‘lgan dori vositalarini ishlab chiqarish imkonini beradi;
Tukli-bargli xandeliya suyuq ekstrakti, xandeliya surtmasi va xandeliya geli dori preparatlari uchun tajriba sanoat ishlab chiqarish reglamenti o‘rnatilgan tartibda tasdiqlangan (tasdiqlangan sana:15.12.2016 y.; 29.12.2016 y.; 29.07.2017 y.). Ushbu me’yoriy hujjatning ishlab chiqilishi stomatologik va dermatologik yallig‘lanishga qarshi dori vositalarini ishlab chiqishning normativ asosini yaratishga xizmat qilgan;
Tukli-bargli xandeliya suyuq ekstrakti (buyruq, №440 16.10.2016 y.) va xandeliya surtmasi (buyruq, №313 19.11.2011 y.) Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tibbiyot amaliyotida keng qo‘llashga ruxsat berilganligi uchun ularni «Torimed Pharm» MChJ bazasida seriyali ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Natijada tukli-bargli xandeliya suyuq ekstrakti va xandeliya surtmasining tayyorlash texnologiyalari o‘zlashtirilib, dori preparatlarini ishlab chiqarish importni qisqartirish imkonini bergan.