Makkambaev Pulat Abutalipovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekiston Respublikasi chegara xavfsizligining xalqaro-huquqiy muammolari», 12.00.10 – Xalqaro huquq (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.DSc/Yu106.  
Ilmiy maslahatchi: Saidov Akmal Xalmatovich, akademik, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: DSc.11/25.08.2022.Yu.24.01
Rasmiy opponentlar: Yuldasheva Govxerjan, yuridik fanlar doktori, professor, Raximova Muattar Abdusattarovna yuridik fanlar doktori, professor, Matchanov Alimjan Atabaevich, yuridik fanlar doktori, professor.
Yetakchi tashkilot nomi: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqot maqsadi O‘zbekiston Respublikasining chegara xavfsizligini ta’minlashning xalqaro-huquqiy muammolarini echimini ta’minlovchi zamonaviy xalqaro huquqning amaldagi normalari asosida ilmiy-nazariy va amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
xalqaro huquq normalari talablariga muvofiq delimitatsiya va demarkatsiya jarayonlarini tashkil etish va o‘tkazishda chegaralar buzilmasligi va daxlsizligi tamoyillarining mazmun-mohiyati yuzasidan mualliflik talqinini keltirilgan, davlatlarning hozirgi kunda va kelajakda ushbu chegaralarga daxl qilmaslik majburiyatini ko‘zda tutishini, hududini qisman yoki to‘liq bosib olish va uzurpatsiya qilishdan o‘zini tiyishini hamda mamlakatimiz chegara xavfsizligini ta’minlash jarayonida ushbu tamoyillarga qat’iy rioya qilish zarurligi asoslangan;
chegara xavfsizligi tizimini rivojlantirish masalalarini huquqiy tartibga solishda qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyatning keskinlashgan sharoitida chegarani himoya qilish, daryo va quruqlik uchastkalarida davlat chegarasini qo‘riqlash zamonaviy taktikasini ishlab chiqish, chegara oldi mintaqasi va chegara oldi zonasi rejimlarining ularga kirish va u erda ishlar bajarish kabi talablarini kuchaytirishiga qaratilgan chora-tadbirlarni takomillashtirish, chegara xavfsizligini ta’minlashda ishtirok etuvchi sub’ektlar o‘rtasida muvofiqlashtirish va o‘zaro hamkorlikni tashkil etish zarurligi asoslangan;
ilk bor Markaziy Osiyo davlatlarining chegara fazosida chegara va harbiy xavfsizlikni ta’minlash, davlatlar o‘rtasida davlat chegaralarini xalqaro-huquqiy rasmiylashtirish, chegara hamkorligini mustahkamlash orqali mintaqa mamlakatlarining chegara xavfsizligi konsepsiyasini takomillashtirish zarurligi asoslangan;
ilk bor «chegara xavfsizligi» toifasidagi «chegara siyosati», «chegara fazosi», «chegara oldi hududlar» kabi atamalarini milliy normativ-huquqiy hujjatlariga kiritish zarurati, ularning yaxshi chegaradosh qo‘shnichilik munosabatlarining o‘rnatilishiga ta’sir ko‘rsatayotganligi hamda Chegara qo‘shinlari ofiserlar tarkibiga «O‘zbekiston Respublikasi chegara xavfsizligi asoslari» yangi maxsus o‘quv fanini o‘qitish zarurligi asoslab berilgan;
ilk bor Chegara qo‘shinlari davlat chegarasini qo‘riqlash va himoya qilish bo‘yicha kundalik xizmatida qonun ijodkorligi va qonunni qo‘llash faoliyatini amalga oshirayotganligi tufayli O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari Akademiyasining Chegara fakul`tetida tahsil olayotgan tinglovchilar va magistrantlar uchun huquqiy fanlarini kiritilishi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Chegara xavfsizligining xalqaro huquqiy muammolari bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:  
O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 17-moddasida ko‘rsatilgan chegaralar buzilmasligi tamoyilini, uning zamonaviy xalqaro huquqda belgilangan xalqaro-huquqiy mohiyatiga rioya etilishini ta’minlash maqsadida, O‘zbekiston Konstitusiyaning 17-moddasiga «chegaralarning daxlsizligi» iborasi o‘rniga «chegaralarning buzilmasligi» iborasini almashtirish bo‘yicha davlat tilida tegishli protsedurasini boshlashida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar Qo‘mitasining 2021 yil 20 yanvardagi № 10/1-09-8312-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning joriy qilinishi O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi takliflarni shakllantirish bo‘yicha Konstitusiyaviy komissiyasiga  «chegaralarning daxlsizligi» iborasi o‘rniga «chegaralarning buzilmasligi» iborasini almashtirishga xizmat qildi;
O‘zbekiston Respublikasi DXX Chegara qo‘shinlari qo‘mondonligi qaroriga muvofiq, dissertant tomonidan shakllantirilgan chegara xavfsizligini takomillashtirish bo‘yicha xulosalar va amaliy takliflar me’yoriy faoliyat jarayonida, shuningdek, qo‘mondonlik va jangovar tayyorgarlik o‘quv-uslubiy bazasini takomillashtirishida foydalanildi (O‘zbekiston Respublikasi DXX Chegara qo‘shinlari 2020 yil 12 dekabrdagi № 30/3-12981-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning joriy qilinishi chegara oldi mintaqasi va chegara oldi zonasi rejimlarini huquqiy tartibga solishni takomillashtirish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashga xizmat qildi;
Qozog‘iston Respublikasi Milliy xavfsizlik qo‘mitasi Chegara Akademiyasining xulosasiga ko‘ra, chegara xavfsizligi sohasidagi maqsadli ilmiy-tadqiqot natijalari ijobiy baholandi. Xususan, mintaqada davlatlararo chegaralarning o‘rnatilish jarayonlarining tugallanmaganligi sharoitida Markaziy Osiyo davlatlarining samarali chegara xavfsizligini ta’minlashga oid taklif etilgan xizmat va tezkor faoliyatning chora-tadbirlari hamda Afg‘onistonda davom etayotgan fuqarolar urushi davridagi harbiy xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha harbiy harakatlar milliy qonunchilikni takomillashtirishda foydalanildi (Qozog‘iston Respublikasi Milliy xavfsizlik qo‘mitasi Chegara Akademiyasining 2020 yil 13 noyabrdagi № 15/14-1393-sonli ma’lumotnomasi). Ushbu takliflar «Qozog‘iston Respublikasi chegara xavfsizligi sohasidagi fanlararo tadqiqotlar metodologik muammolarining o‘ziga xosligi» mavzusidagi oraliq ilmiy hisobotni tayyorlashda xizmat qilgan;
dissertatsiya tadqiqotlari materiallari asosida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasi Chegara fakul`teti tinglovchilarni o‘qitish uchun «O‘zbekiston Respublikasi chegara xavfsizligi asoslari» yangi o‘quv fanini o‘quv jarayoniga kiritishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining 2022 yil 11 apreldagi  № 10/644-son ma’lumotnomaci). Ushbu takliflarning joriy qilinishi tinglovchilarda mamlakatimiz chegara xavfsizligini ta’minlash tizimi hamda chegara xavfsizligi asoslari to‘g‘risida yaxlit tasavvurni shakllantirishga xizmat qildi;
tadqiqot materiallarida chegara xavfsizligini, Chegara qo‘shinlarining xizmat-tezkor va xizmat-jangovar faoliyatining huquqiy asoslarini doimiy ravishda takomillashtirish zarurati asoslab berilgan bo‘lib Qurolli kuchlar Akademiyasining Chegara fakul`teti tinglovchilari va magistrantlarining o‘quv dasturiga yuridik fanlar kursini kiritish uchun asos bo‘lib xizmat qildi (O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining 2022 yil 11 apreldagi № 10/644-son ma’lumotnomaci). Ushbu taklifning joriy qilinishi Chegara qo‘shinlari ofiserlarida mamlakatimiz chegara xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha xizmat va jangovar vazifalarni bajarishda zarur bo‘lgan huquqiy bilimlarni shakllantirish imkonini beradi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish