Kurbanov Shaxzod Xabibullaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Umumlashgan Fridrixs modeli xos qiymati uchun yoyilma», 01.01.01–Matematik analiz (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.4.PhD/FM147.
Ilmiy rahbar: Laqaev Saidaxmat Norjigitovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor, akademik.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, PhD.27.06.2017.FM.02.01.
Rasmiy opponentlar: Ashurov Ravshan Rajabovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor; Urozboev G‘ayrat O‘razalievich, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Navoiy davlat pedagogika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: qo‘zg‘alishining rangi birga teng bo‘lgan umumlashgan Fridrixs modeli xos qiymatlari mavjudligini ko‘rsatish va bu xos qiymat uchun yaqinlashuvchi yoyilmalar topishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
qo‘zg‘alishining rangi birga teng bo‘lgan umumlashgan Fridrixs modeli muhim spektri o‘rni aniqlangan;
qo‘zg‘alishining rangi birga teng bo‘lgan umumlashgan Fridrixs modeli muhim spektr tashqarisidagi xos qiymatlarining mavjudlik shartlari topilgan;
qo‘zg‘alishining rangi birga teng bo‘lgan umumlashgan Fridrixs modeli muhim spektr tashqarisidagi xos qiymatga mos xos funksiyaning xossalari o‘rganilgan;
muhim spektr tubining xos qiymat yoki virtual sath bo‘lish shartlari aniqlangan va mos ravishda bu xos funksiya yoki virtual sath ko‘rinishi topilgan;
xos qiymat uchun o‘zaro ta’sir doimiysining bo‘sag‘a qiymati atrofida yaqinlashuvchi yoyilmalar olingan;
xos qiymatning o‘zaro ta’sir doimiysi cheksizga intilgandagi asipmtotikasi topilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Panjaradagi ikki zarrachali sistemaga mos umumlashgan Fridrixs modeli diskret spektriga oid olingan natijalar asosida:
qo‘zg‘alishining rangi birga teng bo‘lgan umumlashgan Fridrixs modeli spektral xossalari, ya’ni xos qiymatining analitikligi va uning joylashish o‘rni QJ130000.2626.14J72 raqamli grant loyihasida olmos panjaradagi uch zarrachali Shredinger operatorining spektral xossalarini aniqlashda foydalanilgan (Malayziya texnologiya universitetining 2017 yil 19 dekabrdagi ma’lumotnomasi). Ilmiy natijaning qo‘llanilishi olmos panjaradagi uch zarrachali Shredinger operatoriga mos Fredgol`m determinantining muhim spektrdan chapda o‘suvchi ekanligini isbotlash imkonini bergan;
qo‘zg‘alishining rangi birga teng bo‘lgan umumlashgan Fridrixs modelining yagona xos qiymati mavjudligi QJ130000.2626.14J72 raqamli grant loyihasida olmos panjaradagi uch zarrachali Shredinger operatori xos qiymatining mavjudligini isbotlashda foydalanilgan (Malayziya texnologiya universitetining 2017 yil 19 dekabrdagi ma’lumotnomasi). Ilmiy natijaning qo‘llanilishi olmos panjaradagi uch zarrachali Shredinger operatorining muhim spektrdan tashqarida yotuvchi diskret spektrining chekliligini ko‘rsatish imkonini bergan;
bir o‘lchamli holda qo‘zg‘alishining rangi birga teng bo‘lgan umumlashgan Fridrixs modeli xos qiymatining mavjudligi va xos qiymat uchun olingan yoyilmalar QJ130000.2626.14J72 raqamli grant loyihasida olmos panjaradagi uch zarrachali Shredinger operatori xos qiymatining xossalarini aniqlashda foydalanilgan (Malayziya texnologiya universitetining 2017 yil 19 dekabrdagi ma’lumotnomasi). Ilmiy natijaning qo‘llanilishi olmos panjaradagi uch zarrachali Shredinger operatorining muhim spektrdan tashqarida yotuvchi xos qiymatning monotonligini ko‘rsatish imkonini bergan.