Zokirova Sohiba Muxtoralievnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi):«Tillar tadqiqida kontrastiv lingvistika ilmiy paradigmasining o‘rni», 10.00.11–Til nazariyasi. Amaliy va kom`yuter tilshunosligi.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Fil222.
Ilmiy rahbar: Hakimov Muxammad Xo‘jaxonovich, filologiya fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, PhD.27.06.2017.Fil.05.02.
Rasmiy opponentlar: Umarxo‘jaev Muxtor Eshonxo‘jaevich, filologiya fanlari doktori, professor; Berdaliev Abduvali, filologiya fanlari doktori, professor (Tojikiston).
Yetakchi tashkilot nomi: O‘zbekiston jahon tillari universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqot maqsadi: kontrastiv lingvistikaning nazariy va amaliy masalalarining tadrijiy takomilini asoslash, tillar tadqiqida kontrastiv lingvistika ilmiy paradigmasi xususiyatlarini yoritishdan iboratdir.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
kontrastiv lingvistika strukturasida kongruentlik, ekvivalentlik, lakunarlik, konvergensiya, divergensiya, polivergensiya hodisalarining intralingvistik va komparativistik tabiati dalillangan;
kontrastiv lingvistika paradigmasida fonetik-fonologik belgilariga ko‘ra kongruent bo‘lgan so‘zlar o‘z mazmunini saqlashi bilan birga semantik jihatdan o‘zaro bir-biriga yaqin bo‘lishi, tamoman yangi ma’no kasb etishi, zid ma’noda bo‘lishi isbotlangan;
qisman ekvivalentlik paradigmasi tarkibida konvergensiya va divergensiya bilan bir qatorda polivergensiya hodisasi mavjudligi aniqlangan;
kontrastiv lingvistikada ekvivalentlik darajalaridan biri sifatida lakunarlik hodisasi ajratilgan hamda bu kategoriyaning unikaliya nazariyasi asosi ekanligi asoslangan;
fonetik, leksik-semantik, morfem-morfologik va sintaktik birliklarning zidlanuvchi kontrast belgilari aniqlangan;
til birliklarining kontrast zidlanishi olamning lingvistik manzarasining rang-barangligi, turli til egalarining milliy madaniyati hamda dunyoqarashi natijasi bo‘lgan lingvomadaniy xususiyatlaridan kelib chiqishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Tillar tadqiqida kontrastiv lingvistika ilmiy paradigmasining o‘rnini tadqiq etish asosida:
kontrastiv lingvistikaga oid kongruentlik va ekvivalentlik, ekvivalentsiz leksika, lakunarlik va lakunar birlik singari tushunchalar A-1-61 raqamli «Ko‘rish imkoniyati cheklangan talabalar uchun tilshunoslik fanlari bo‘yicha audiokitob ta’minotini yaratish» amaliy loyihasida foydalanilgan (Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligining 89-03-2473-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘quv qo‘llanma, uslubiy ko‘rsatmalar va ularning audiokitob shaklidagi nusxalarida qo‘llanilgan terminlar izohining ilmiyligi hamda mukammalligiga erishilgan;
tadqiqotda qo‘llanilgan aksent, bilingvizm, grammatik ma’no, intonatsiya, izofa, millatlararo aloqa tili, qarindosh tillar, sema singari tushunchalardan «O‘zbekcha-inglizcha-ruscha lingvistik terminlar muxtasar lug‘ati»da foydalanilgan (Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligining 89-03-3307-son ma’lumotnomasi). Natijada lug‘atning o‘zbek tilidagi qismi kontrastiv lingvistikaga oid terminlar bilan boyitilgan, terminlar izohi mukammallashgan;
xulosalar asosida «O‘zbek va tojik tillaridagi qisman kongruent so‘zlar lug‘ati» yaratilgan (Farg‘ona davlat universiteti kengashining 2017 yil 30 noyabrdagi 4-son bayonnomasi). Natijada tojik tili yo‘nalishi talabalari va o‘quvchilarining o‘zbek orfografiyasi va orfoepiyasidagi xatolar oldini olishga erishilgan;
tadqiqotning madaniy, iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy aloqalarning til materiallarida namoyon bo‘lishi xususidagi xulosalaridan viloyat teleradiokompaniyasining «Oltin halqa» ko‘rsatuvi, «So‘z sehri», «Armug‘on» radioeshittirishlari ssenariylarini tuzishda foydalanilgan (Farg‘ona viloyat teleradiokompaniyasining 12-01/3-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu teleko‘rsatuv va eshittirishlar uchun tayyorlangan materiallarning mazmuni mukammallashgan.