Qurbonova Elnura G‘aybulloevnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Ahmad Yassaviy ijodining Turkiyada o‘rganilishi”, 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.3.PhD/Fil1104.
Ilmiy rahbar: Asadov Maqsud Husenovich, filologiya fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti, DSc.02/30.12.2019.Fil.46.01.
Rasmiy opponentlar: Boltaboev Hamidulla Ubaydullaevich, filologiya fanlari doktori, professor; Mullaxo‘jaeva Karomat Toshxo‘jaevna, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: ilmiy va amaliy va ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi turkiyalik filolog olimlar tomonidan amalga oshirilgan yassaviyshunoslikka doir tadqiqotlar asosida Ahmad Yassaviyning XII-XIII asrlarda turkiy tasavvuf she’riyatining shakllanishi, turkiy xalqlar adabiyotida hikmatnavislik an’anasining paydo bo‘lishi va XIV-XIX asrlar Sharq mumtoz adabiyoti rivojiga qo‘shgan hissasini e’tirof etish, Ahmad Yassaviy hayoti, ijodi, xususan, “Devoni hikmat”ning Turkiyadagi nashrlari va tadqiqi, hikmatlardagi nur, faqir, murshid, murid, xurmo, tubo, suhbat, zikr, ko‘ngil kabi she’riy timsollarning o‘ziga xosligini asoslab berishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
turkiyalik yassaviyshunoslarning Xoja Ahmad Yassaviy hayoti va faoliyatiga oid izlanishlari, yassaviylik tariqati va uning turkiy xalqlar orasida keng yoyilishining ijtimoiy sabablari, Ahmad Yassaviy hikmatlarining Haqni tanish, insonning o‘zligini anglashga bo‘lgan urinishlari, vatanga, ota-onaga muhabbat tuyg‘ulari, o‘zaro do‘stlik va birodarlikni ulug‘lash singari mavzularga egaligi, ishq va oshiqlik iztiroblari, ustoz va shogirdlik darajalari, adolat va haqiqatni ulug‘lash kabi ma’nolar ifodasi, vazn, qofiya, kompozisiya, til singari badiiy xususiyatlari hamda Sulaymon Boqirg‘oniy, Zangi ota, Azimxo‘ja eshon, Haziniy kabi bir qator izdoshlarining faoliyati ochib berilgan;
Ahmad Yassaviyning Turkiston va Yassidagi yashagan muhiti, hayot tarzi, turmush madaniyati, Arslonbob, Yusuf Hamadoniy, Shayx Shahobiddin Isfijobiy kabi ulug‘ murshidlardan olgan ta’lim-tarbiyasi, yassaviylik tariqatining yuzaga kelish omillari va turkiy tasavvuf adabiyoti taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi ochib berilgan;
Ahmad Yassaviy “Devoni hikmat”ining, asosan, turkiyalik yassaviyshunoslar H.Bije, N.To‘sun, Z.Gungo‘r, K.Eraslon chop etgan bir necha nashrlari, shuningdek, o‘zbek olimlari I.Haqqul va N.Hasan nashri, uyg‘ur adabiyotshunosi Abdurashid Jalil Qorluq va qozoq adabiyotida amalga oshirilgan nashrlari bir-biri bilan o‘zaro qiyoslanib, mazkur nashrlarda so‘zlarning xato o‘qilishi bilan bog‘liq farqlar mavjudligi aniqlangan;
Ahmad Yassaviy hikmatlarining to‘g‘rilik, halimlik, saxiylik, sabru qanoatda sobitlik, olihimmatlikka undash kabi axloqiy, ilmga, ma’rifatga intilish singari ta’limiy, chin e’tiqod egasi, nafsu havodan yiroq bo‘lgan pok qalb sohibi bo‘lishga da’vat etish kabi irfoniy mazmunlari, qarluq va qipchoq lahjasiga oid til xususiyatlarining g‘oyaviy-badiiy olami, til ifodasi nazariy jihatdan asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. “Ahmad Yassaviy ijodining Turkiyada o‘rganilishi” mavzusi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
turkiyalik yassaviyshunoslarning Xoja Ahmad Yassaviy hayoti va faoliyatiga oid ilmiy izlanishlari, yassaviylik tariqati va uning islom diniga e’tiqod qiluvchi Sharq xalqlari orasida keng yoyilishining ijtimoiy sabablari, Yassaviy hikmatlarining Haqni tanish, insonning o‘zligini anglashga bo‘lgan urinishlari; vatanga, ota-onaga muhabbat tuyg‘ulari; o‘zaro do‘stlik va birodarlikni ulug‘lash singari mavzularga egaligi, ishq va oshiqlik iztirobi, ustoz va shogirdlik darajalari, adolat va haqiqatni ulug‘lash kabi ma’nolar ifodasi, vazn, qofiya, kompozisiya singari badiiy xususiyatlari hamda Sulaymon Boqirg‘oniy, Zangi ota, Azimxo‘ja eshon, Haziniy kabi bir qator izdoshlarining faoliyatini tadqiq etishdagi xizmatlari atroflicha yoritib berilgan takliflar O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori institutida bajarilgan FA-F1-G039 raqamli “Alisher Navoiy (2 jildlik) va Abdulla Qodiriy qomuslarini yaratish” (2012–2016 yy.) mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (O‘zR Fanlar akademiyasining 2022 yil 1 martdagi 3/1255-501-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalar “Sulton ul-orifin Ahmad Yassaviy”, “Devoni hikmat nashrlari xususida”, “Devoni hikmat”ning til va ifoda xususiyatlari” mavzularidagi ilmiy maqolalarning asosini tashkil etgan;
Ahmad Yassaviyning Turkiston va Yassidagi yashagan muhiti, hayot tarzi, turmush madaniyati, Arslonbob, Yusuf Hamadoniy, Shayx Shahobiddin Isfijobiy kabi ulug‘ murshidlaridan olgan ta’lim-tarbiyasi, yassaviylik tariqatining yuzaga kelish omillari va turkiy tasavvuf adabiyoti taraqqiyotiga qo‘shgan muhim hissasi turkiyalik yassaviyshunoslar tomonidan amalga oshirilgan monografik tadqiqotlar asosida ochib berilgan takliflar O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori institutida bajarilgan PZ-20170930220 raqamli “Navoiy qomusini nashrga tayyorlash va chop etish” (2018-2020 yy.) mavzusidagi amaliy loyihasini bajarishda foydalanilgan (O‘zR Fanlar akademiyasining 2022 yil 1 martdagi 3/1255-501-son ma’lumotnomasi). Natijada, Alisher Navoiyning nasriy asarlari va tazkiralaridagi Yassaviy hayoti, ta’limoti, murshidlari va izdoshlariga doir ma’lumotlarga aniqlik kiritilgan;
Ahmad Yassaviy “Devoni hikmat”ining, asosan, turkiyalik yassaviyshunoslar H.Bije, N.To‘sun, Z.Gungo‘r, K.Eraslon chop etgan bir necha nashrlari, shuningdek, o‘zbek olimlari I.Haqqul va N.Hasan nashri, uyg‘ur adabiyotshunosi Abdurashid Jalil Qorluq va qozoq adabiyotida amalga oshirilgan nashrlari bir-biri bilan o‘zaro qiyosan o‘rganilib, turli nashrlarda so‘zlarning xato o‘qilishi bilan bog‘liq farqlar mavjudligi aniqlangan, hikmatlarning matni ilmiy jihatdan tahlil qilingan va mavjud kamchiliklarni tuzatishga doir mulohazalar ilgari surilgan; Ahmad Yassaviy hikmatlarning axloqiy, ta’limiy, diniy, tasavvufiy mazmunlari, qarluq va qipchoq lahjasiga oid til xususiyatlari “Karahanlı Eserlerindeki Söz Varlığı Hakkında”, “Ahmed-i Yesevî’nin Hikmetlerinin Dili”, “Divan-ı Hikmet’in dili üzerine düşünceler”, Yassaviylikka doir manbalar va “Devoni hikmat” kabi ilmiy asarlar, “Devoni lug‘otit turk”, “Qutadg‘u bilig” singari adabiy manbalar asosida o‘rganilib, ularning g‘oyaviy-badiiy olami, til ifodasi nazariy jihatdan asoslab berilgan takliflar O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Madaniyat va ma’rifat” telekanalining “Buyuk yurt allomalari”, “Bashariyat siymolari” ilmiy-ma’rifiy ko‘rsatuvlarida foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Madaniyat va ma’rifat” telekanali davlat muassasasining 2022 yil 12 apreldagi 02-02-03/76-son ma’lumotnomasi). Bu orqali Ahmad Yassaviy va izdoshlari ijodi insonning o‘zligini anglashda asosiy omili ekanini keng jamoatchilikka singdirishga erishilgan.