Djuraeva Nafisa Radjabovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Bug‘doy murtagini qo‘llab, maqsadli o‘simlik-yog‘ aralashmalarini olish», 02.00.17–Qishloq xo‘jalik va oziq-ovqat mahsulotlariga ishlov berish, saqlash hamda qayta ishlash texnologiyalari va biotexnologiyalari (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/T38.
Ilmiy rahbar: Isabaev Ismoil Babadjanovich, texnika fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro muhandislik-texnologiya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent kimyo-texnologiya instituti, DSc.27.06.2017.T.04.01.
Rasmiy opponentlar: Qurbonov Jamshed Madjidovich, texnika fanlari doktori, professor; Serkaev Qamariddin Pardaevich,texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Umumiy va noorganik kimyo instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: yuqoribiopotensialga ega yog‘sizlantirilmagan bug‘doy murtagi unini qo‘llab, maqsadli o‘simlik-yog‘ aralashmalari olishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
bug‘doy murtagi asosida o‘simlik-yog‘ kompozit aralashmalari tarkibi yaratilgan;
margarin turidagi emul`sion yog‘li tizimlarda bug‘doy murtagi mahsuloti unini qo‘llash emul`siya turg‘unligini oshirishi va mahsulotning konsistensiyasiga ijobiy ta’siri aniqlangan;
suvsiz yog‘-moylarga qo‘shib termik ishlov berish natijasida mikrobiologik ko‘rsatkichlar va fermentlar faolligi bo‘yicha bug‘doy murtagi unini o‘simlik-yog‘ aralashmalari tarkibida stabillashtirishning texnologik usuli ishlab chiqilgan;
suvsiz o‘simlik-yog‘ kompozit aralashmalari tarkibida bug‘doy murtagi mahsuloti unini qo‘llash ularning funksional xususiyatlarini kuchaytirishi aniqlangan;
bug‘doy murtagi mahsulotidan foydalanib o‘simlik-yog‘ kompozit aralashmalari ishlab chiqarishda va uni qo‘llashda uch faktorli matematik differensiyalangan tahlillar o‘tkazilib, texnologik echimlari asoslangan;
bug‘doy murtagi uni qo‘shilgan suvsiz o‘simlik-yog‘ kompozit aralashmalari asosida non-bulka, qandolat va boshqa unli mahsulotlar ishlab chiqarish texnologiyasi takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘simlik-yog‘ kompozit aralashmalarini tayyorlash va ularni unli mahsulotlar ishlab chiqarishda qo‘llash bo‘yicha tadqiqot natijalari asosida:
«Toshkent yog‘-moy kombinati»da ishlab chiqarish sinovlaridan o‘tkazilgan bug‘doy murtagi uni qo‘shilgan o‘simlik-yog‘ kompozisiyalarni qo‘llab qatlamli xamir ishlab chiqarishga tashkilot standarti «O‘zstandart» agentligi tomonidan tasdiqlangan (Ts19819331-03:2014). Natijada bu bug‘doy murtagi uni qo‘shilgan o‘simlik-yog‘ kompozisiyalaridan qatlamli xamir ishlab chiqarish imkonini bergan;
bug‘doy murtagi uni qo‘shilgan o‘simlik-yog‘ kompozisiyalaridan qatlamli xamir ishlab chiqarishga texnologik yo‘riqnoma «O‘zstandart» agentligi tomonidan tasdiqlangan (TI-19819331-03:2014). Natijada bu qatlamli xamir sifatini nazorat etish va uni ishlab chiqarishdagi asosiy xomashyolar sarfini 11% kamaytirish imkonini bergan;
bug‘doy murtagi uni qo‘shilgan o‘simlik-yog‘ kompozisiyalari olish va ularni unli mahsulotlar resepturasi tarkibida an’anaviy yog‘-moylar o‘rnida qo‘llash texnologiyasi «Buxorodonmahsulotlari» AK tasarrufidagi korxonalarda ishlab chiqarishga joriy etilgan («O‘zdonmahsulot» aksionerlik kompaniyasining 2017 yil 9 noyabrdagi 13-12/311-2064-son ma’lumotnomasi). Natijada bu ishlab chiqarishni diversifikatsiyalash, tayyor mahsulot sifatini oshirish, shuningdek, asosiy xomashyolar sarfini qisqartirish va tayyor mahsulot chiqishining oshishi hisobidan umumiy xarajatlarning 37% gacha kamaytirish imkonini bergan.