Sotiboldieva Sarvinoz Ruzievnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Zamonaviy fors romanchiligi (janr evolyusiyasi va badiiy mahorat)», 10.00.05–Osiyo va Afrika xalqlari tili va adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/Fil40.
Ilmiy maslahatchi: Kuranbekov Axmadkul, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat sharqshunoslik instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.27.06.2017.Fil.21.01.
Rasmiy opponentlar: Imomnazarov Muxammad Sultanovich, filologiya fanlari doktori, professor; Jumaev Hamroqul filologiya fanlari doktori, professor; Hasanov Qudratilla Samadovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: shakl va mazmun jihatidan muntazam o‘zgarishda bo‘lgan zamonaviy fors romanchiligini qiyosiy tahlil qilish orqali janr dinamikasini ta’minlovchi tamoyillarni aniqlash va unda muhim o‘rin tutgan yozuvchilarning badiiy mahoratini manbalar asosida yoritib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
zamonaviy fors romanining janr evolyusiyasi qiyosiy-tipologik va tarixiy-madaniy aspektda tahlil etilib, XIX asrning oxiridan XXI asrning birinchi o‘n yilligigacha bo‘lgan taraqqiyot yo‘li ishlab chiqilgan;
XX asrda ijod qilgan eronlik yozuvchilarning romanlarini tahlil etish asnosida milliy an’analar va jahon romanchilik tajribalari, zamonaviy oqim va yo‘nalishlarning yozuvchi ijodiy metodiga ta’siri jarayoni dalillangan;
zamonaviy fors romanchiligida xalq og‘zaki ijodi namunalari, dostonlar, muqaddas kitoblar va diniy mavzudagi qissalar, mif va asotirlar, mumtoz adabiyotga xos poetik an’analar aniqlangan;
roman janrini belgilashda, mavzu va obrazlar talqini, roman poetikasini yuzaga chiqaruvchi komponentlar tanlovida yozuvchi niyatining hal qiluvchi omillardan biri sifatida yuzaga chiqishi isbotlangan;
zamonaviy fors romanchiligida ijtimoiy, tarixiy, tarixiy-avtobiografik, tarixiy-biografik, tarixiy-siyosiy, xotira roman, xat roman kabi janr turlari va “grafik roman”ning mavzular ko‘lami va poetikasi asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Zamonaviy fors romanchiligi, janr evolyusiyasi, badiiy mahoratning tahlili bo‘yicha olingan natijalar asosida:
zamonaviy fors romanlarining milliy ildizlari bo‘yicha olingan ilmiy-nazariy natijalar OT–F8-027 raqamli «Qo‘lyozma manbalarning milliy ma’naviy va adabiy meros targ‘ibotidagi ahamiyati» mavzusidagi fundamental tadqiqot loyihasida foydalanilgan (Fan va texnologiyalar agentligining 2017 yil 18 oktyabrdagi FTA-02-11/909-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi fors romanchiligining shakllanishida muhim manba bo‘lgan xalq og‘zaki janrlari, romanchilikning falsafiy-estetik asoslari, fors mumtoz adabiyoti, dostonchilik an’analariga munosabat, adabiy ta’sir, badiiy nutq poetikasi, an’ana va novatorlik, badiiyat ilmining yozuvchi badiiy mahoratini ochishdagi o‘rnini aniqlashga xizmat qilgan;
XX asrning so‘nggi choragi va XXI asr boshlarida fors romanchiligi taraqqiyoti, yangi nomlarning ilmiy muomalaga kiritilganligiga oid tadqiqot natijalari va materiallaridan O‘zbekistondagi Eron madaniyat markazida fors-o‘zbek adabiy aloqalari doirasida tashkil etilgan ilmiy tadbirlarda foydalanilgan (O‘zbekistondagi Eron Islom Respublikasi elchixonasining 2017 yil 7 oktyabrdagi ma’lumotnomasi). Mazkur tadqiqotga tortilgan eronlik yozuvchilarning ijodi jahon adabiyoti namoyandalarining ijodiy faoliyatini yoritishga asos bo‘lgan;
zamonaviy fors romanchiligining taraqqiyot xususiyatlari, Ahmad Mahmud, Mahmud Davlatobodiy, Shahrnush Porsipur, Muhammad Kozim Mazinoniy singari yozuvchilarning asarlariga bag‘ishlangan tahliliy fikrlar va nazariy xulosalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining «O‘zbekiston» teleradiokanalida foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi «O‘zbekiston» teleradiokanali DUKning davlat unitar korxonasi, 2017 yil 20 oktyabrdagi 04-27-son ma’lumotnomasi). Tadqiqotga tortilgan o‘zbek va fors romanlarida ko‘tarilgan umumbashariy muammolar, ularning mavzular ko‘lami, bugungi romanlarning janr tabiati haqidagi ma’lumotlar «Bedorlik» turkum eshittirishlarini tayyorlanishida manba bo‘lib xizmat qilgan;
tadqiqotning Navoiy “Xamsa”siga kiritilgan dostonlarda roman janriga xos syujet, muammo, obrazlar tizimi, badiiy tafakkurning mavjudligi va dostonlarning turkumlashish hodisasi zamonaviy romanning tug‘ilishi uchun asosiy milliy omil bo‘lganligi haqidagi muhim nazariy xulosalaridan Samarqand davlat universiteti “Navoiy muzeyi” noyob ob’ekti ilmiy-amaliy laboratoriyasida foydalanilgan (Samarqand davlat universitetining 2017 yil 22 noyabrdagi №3041-03-son ma’lumotnomasi). Ayni ilmiy natijaning qo‘llanilishi jahon navoiyshunosligining yangi qirralarini baholash imkonini bergan.