Mustafaeva Nilufar Ulashovnaning
falsafa doktori (PhD) himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtissoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Talabalarning ingliz tilida yozma nutq kompetensiyasini rivojlantirish mexanizmlarini takomillashtirish (disgrafiya, disleksiya va dispraksiyani bartaraf etish misolida)”, 13.00.02 – Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (pedagogika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.4.PhD/Ped2874.
Ilmiy tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston milliy universiteti.
Ilmiy rahbar: Djumabaeva Jamila Sharipovna, filologiya fanlari doktori, dotsent.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Chirchiq davlat pedagogika universiteti, DSc.03/30.04.2021.Ped.82.01.
Rasmiy opponentlar: Botirova Shahlo Isamiddinovna, pedagogika fanlari doktori (DSc), dotsent; Ro‘zmetova Muhabbat Shokirjonovna, pedagogika fanlari bo‘yicha doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Jizzax davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi bo‘lajak ingliz tili o‘qituvchilarining ingliz tilidagi yozma nutqida uchraydigan qiyinchiliklar (disgrafiya, disleksiya va dispraksiya)ni aniqlash va ularni bartaraf etish mexanizmlarini takomillashtirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
xorijiy tillarni o‘rganish jarayonida uchraydigan disleksiya, disgrafiya va dispraksiya singari til qiyinchiliklarining umumiy jihatlari va ingliz tilidagi yozma nutq ko‘nikmasining ko‘rgazmali-obrazli harakatlar tizimiga oid pedagogik-psixologik xususiyatlari talabalarning lingvistik malaka darajalariga ko‘ra aniqlashtirilgan;
ingliz tilida yozuv texnikasini rivojlantirishning metodik ta’minoti individuallik, differensial yondashuv kabi til malakalarini intensiv rivojlantirishga yo‘naltirilgan tamoyillarni kompentensiyaviy o‘qitish muhitiga grafikli takrorlash munosabatida singdirish asosida takomillashtirilgan;
talabalarning ingliz tilida yozma nutq kompetensiyasini rivojlantirish modeli yozma nutq va talaffuzdagi kamchiliklarni bartaraf etishning taqlid, shaxsiy korreksiya usullarini “guided and controlled” (yo‘naltirilganlik va nazorat) nazorat muhitida konsentrik qo‘llash asosida takomillashtirilgan;
talablarning kongnitiv-lingvistik kompetentligini rivojlantirishning didaktik ta’minoti fonematik eshitishga mo‘ljallangan “clapping dictation” (qarsakli diktant), yozuv texnikasini rivojlantirishga qaratilgan “speed writing” (tez yozish) texnikalarini mul`tisensorli o‘qitish muhitida integrativ qo‘llash asosida takomillashtirilgan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Talabalarning yozma nutq kompetensiyasini rivojlantirishda disgrafiya, disleksiya va dispraksiyani bartaraf etish mexanizmlarini takomillashtirishga doir erishilgan ilmiy natijalar asosida:
talabalarning yozma nutq kompetensiyasini rivojlantirishda disgrafiya, disleksiya va dispraksiya muammolarini bartaraf etish mexanizmlarini takomillashtirishga oid takliflardan Termiz davlat universitetida bajarilgan 574099-EPP-1-2016-1-IT-EPPKA2-CBHE-SP raqamli “Oliy ta’lim sohasida potensialni rivojlantirish yo‘nalishidagi PAWER – Hududlararo mobillikni yo‘lga qo‘yish va bu borada dolzarblik, sifat hamda tenglikni ta’minlash” (Paving the way to interregional mobility and ensuring relevance, quality and equity of access) mavzusidagi loyihada belgilangan vazifalarni bajarishda foydalanilgan (Termiz davlat universitetining 2022 yil 2 fevraldagi 04/12-337-son ma’lumotnomasi). Natijada ingliz tilida yozma nutq kompetensiyasida sifat samaradorligiga ta’sir etuvchi omillarni aniqlash imkoniyati oshirilgan;
disgrafiya, disleksiya va dispraksiya muammolarining nazariy tahlili hamda samarali yondashuv sifatida “guided and controlled” (yo‘naltirilganlik va nazorat) mashqlarining didaktik ta’minotidan USAID xalqaro tashkiloti va Xalq ta’limi o‘rtasidagi “O‘zbekiston barkamollik uchun ta’lim dasturi” loyihasi doirasida Cambridge universiteti nashriyoti tomonidan yaratilgan ingliz tili fani o‘qituvchilari uchun qo‘llanmalarning loyiha mazmuniga singdirilgan (Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazining 2022 yil 2 fevraldagi 01/11-02/02-126-son ma’lumotnomasi). Natijada ingliz tili yozma nutq ko‘nikmasini rivojlantirishda duch kelishi mumkin bo‘lgan til qiyinchiliklari va ularni bartaraf etishda qo‘llaniladigan texnikalar to‘g‘risida batafsil ma’lumotga ega bo‘lish imkoniyati yaratilgan;
mul`tisensorli o‘qitishda “coughing (clapping) dictation” (yo‘talish(qarsak) diktant), “shadow reading” (kuzatib o‘qish), “speed writing” (tez yozish) texnikalari hamda Hiki metodini qo‘llashga oid takliflar “Informatika va axborot texnologiyalari hamda ingliz tili fanidan o‘quv-metodik tajribalarni va o‘qituvchilar malakasini oshirish to‘g‘risida” loyihada Respublikadagi ingliz tili fani o‘qituvchilarining Cambridge universiteti nashriyoti darsliklari bo‘yicha malakasini oshirish va ularga uzluksiz metodik yordam ko‘rsatish hamda A. Avloniy nomidagi xalq ta’limi, muammolarini o‘rganish va istiqbollarini belgilash ilmiy-tadqiqot institutida foydalanilgan (Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazining 2022 yil 2 fevraldagi 01/11-02/02-126-son ma’lumotnomasi). Natijada yozma nutq ko‘nikmasida xatosiz va ravonlikni ta’minlashning innovatsion texnologiyalarini amaliyotga joriy qilish imkoniyati kengaytirilgan;
ingliz tilini o‘rganish va o‘qitish jarayonida tillararo farq tufayli o‘rganuvchida til qiyinchiliklari sodir bo‘lishi mumkinligi, va mazkur holatda o‘qituvchining roli, qo‘llaniladigan texnologiyalar va ta’lim mazmuni haqidagi xulosalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O’zbekiston” teleradiokanalining “Adabiy jarayon”, “Ta’lim va taraqqiyot”, “Millat va ma’naviyat” eshittirishlari ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2022 yil 22 apreldagi 04-36-767-son ma’lumotnomasi). Natijada radiodasturlarda berilgan mazkur ilmiy natijalar orqali tinglovchilarning til o‘rganishga qaratilgan muammolar echimi, so‘ngi yillarda til o‘rganish va o‘qitishda erishilgan yutuqlar, innovatsion izlanishlar haqida o‘qituvchilar bilimlarining takomillashishga xizmat qilgan.