Aripov Dilshod Urinbaevichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “Sud hokimiyati mustaqilligini tashkiliy-huquqiy takomillashtirishning zamonaviy tendensiyalari”, 12.00.07 - Sud hokimiyati. Prokuror nazorati. Huquqni muhofaza qilish faoliyatini tashkil etish. Advokatura (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.3.DSc/Yu98.
Ilmiy maslahatchi: Ro‘zinazarov Shuhrat Nuralievich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi, DSc.31/31.12.2020.Yu.67.01.
Rasmiy opponentlar: Tuxtasheva Umida Abdilovna, yuridik fanlar doktori, professor; Suyunova Dilbar Joldasbaevna, yuridik fanlar doktori, professor; Saidgazieva Nilufar Sherzodovna, yuridik fanlar doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlashning huquqiy va tashkiliy asoslarini takomillashtirish hamda ularni tadbiq etish samaradorligini oshirish bo‘yicha ilmiy-amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
sud`yalar hamjamiyati va sud`yalar hamjamiyati organlari tushunchalariga mualliflik ta’rifi berilib, Sud`yalar oliy kengashining davlat organlari va boshqa tashkilotlardan zarur axborot, hujjat va materiallarni so‘rab olish huquqiga ega bo‘lishi zaruriyati asoslab berilgan;
sud`yalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash maqsadida sud`yalikka nomzodlarning munosibligini aniqlash uchun Sud`yalar oliy kengashining huquqni muhofaza qiluvchi organlardan tegishli axborotlarni so‘rash majburiyatini bekor qilib, zarur hollarda axborotni so‘rab olish huquqiga ega bo‘lishi lozimligi asoslantirilgan;
sud tizimida korrupsiyani oldini olish maqsadida sud`yalarni navbatdagi muddatga tayinlashning aniq muddati va tartibini belgilash zaruriyati asoslantirilgan;
sud`yalarning daxlsizligini buzganlik va odil sudlovga aralashganlik holati yuzasidan Kengash raisi tomonidan prokuratura organlariga kiritilgan taqdimnoma protsessual tartibda ko‘rib chiqilishi, sud`yalarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga faqat sud`yalarning malaka hay’atlari roziligi bilan chaqirilishiga yo‘l qo‘yilishi, sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlash, odil sudlovni amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan omillar va tizimda korrupsiyaga qarshi kurashish holatlari haqida Kengash raisi tomonidan har yili Davlat rahbariga axborot taqdim etib borish tartibini joriy qilish zarurligi asoslab berilgan;
Sud`yalar oliy kengashida Sud`yalar daxlsizligini ta’minlash va korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha sud inspeksiyasini hamda sud`yalikka nomzodlardan malaka imtihonini qabul qilish bo‘yicha Imtihon komissiyasini tuzish, komissiya qarorlari ustidan Kengashga shikoyat qilish tartibini belgilash bo‘yicha takliflar asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tadqiqot ishi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Sud`yalar oliy kengashining davlat organlaridan va boshqa tashkilotlardan, shuningdek mansabdor shaxslardan hamda fuqarolardan Kengash faoliyati bilan bog‘liq zarur axborotni, hujjatlarni va boshqa materiallarni so‘rab olishi huquqiga ega bo‘lishi haqidagi taklif O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 10 sentyabrdagi “Ba’zi davlat organlarining faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-566-son Qonunining 12-moddasi 2-bandini ishlab chiqishda foydalanilib, ushbu taklif “O‘zbekiston Respublikasi Sud`yalar oliy kengashi to‘g‘risida”gi Qonunning 7-moddasi 31-bandida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2020 yil 16 noyabrdagi 06/1-05/3007-1-son dalolatnomasi). Mazkur taklif Sud`yalar oliy kengashi vakolatlarini yanada kengaytirish va faoliyati samaradorligini oshirishga xizmat qilgan;
Sud`yalar oliy kengashining sud`yalik lavozimiga nomzodlarning munosibligini aniqlash maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlardan zarur axborotlarni so‘rab olish huquqiga egaligi, Kengashning so‘rovlarini ko‘rib chiqish tartibi va muddatiga oid talablarni belgilash taklifidan O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 10 sentyabrdagi O‘RQ-566-son Qonunining 12-moddasi 5-bandiga asosan “O‘zbekiston Respublikasi Sud`yalar oliy kengashi to‘g‘risida”gi Qonunning 18-moddasi birinchi qismini yangi tahrirda ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2020 yil 16 noyabrdagi 06/1-05/3007-1-son dalolatnomasi). Ushbu taklif sud`yalarni lavozimga tayinlashda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xulosasini olish shartligi haqidagi qoidani bekor qilib, sud`yalarni tayinlashda Kengashning mustaqil faoliyat yuritishini kafolatlashga imkon yaratgan;
yangi vakolat muddatiga o‘z nomzodini ko‘rsatish istagini bildirgan sud`ya vakolatlari muddati tugashiga kamida olti oy qolganda arizani va zarur hujjatlarni tegishli sud`yalarning malaka hay’atiga berishi, sud`yaning vakolatlari muddati tugaganidan keyin Kengash uch oy ichida nomzodning sud`yalik lavozimiga munosibligi yoki nomunosibligi haqidagi masalani ko‘rib chiqishi kerakligi haqidagi taklifdan O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 10 sentyabrdagi O‘RQ-566-son Qonunining 12-moddasi 8-bandiga asosan “O‘zbekiston Respublikasi Sud`yalar oliy kengashi to‘g‘risida”gi Qonuniga yangi modda sifatida kiritilgan 241-moddaning 1- va 5-qismlarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2020 yil 16 noyabrdagi 06/1-05/3007-1-son dalolatnomasi). Mazkur taklif sud`yalarni navbatdagi muddatga tayinlashda korrupsiyaviy holatlarning oldini olishga, sud`yalarning Kengash oldidagi mustaqilligini ta’minlashga xizmat qilgan;
sud`yalarning daxlsizligini buzganlik va odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga aralashganlik holatlari yuzasidan Kengash raisi tomonidan kiritilgan taqdimnoma prokuratura organlari tomonidan bir oy muddatda ko‘rib chiqilib, jinoyat ishi qo‘zg‘atilganligi yoki qo‘zg‘atish rad etilganligi haqida Kengashga O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan xabar berilishi, sud`yalarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga guvoh yoki gumon qilinuvchi sifatida so‘roq qilish uchun chaqirishga tegishli malaka hay’atlari roziligi bilan yo‘l qo‘yilishi, sud hokimiyati mustaqilligini va sud`yalar daxlsizligini ta’minlash, odil sudlovni amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan omillar va tizimda korrupsiyaga qarshi kurashish holati yuzasidan Kengash raisi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga yil yakuni bo‘yicha axborot taqdim etib borilishiga oid takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 7 dekabrdagi “Sud`yalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6127-son Farmoni 3-bandining ikkinchi-to‘rtinchi xatboshilarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Sud`yalar oliy kengashining 2021 yil 9 sentyabrdagi 527-21-son dalolatnomasi). Mazkur taklif Kengash tomonidan kiritiladigan taqdimnomalarni protsessual tartibda ko‘rib chiqilishi tartibining joriy qilinishiga, sud`yalar daxlsizligini kuchaytirishga hamda Kengashning sud`yalar mustaqilligini ta’minlashdagi rolini oshirishga imkon yaratgan;
sud`yalar daxlsizligini ta’minlash bo‘yicha sud inspeksiyasi negizida Sud`yalar daxlsizligini ta’minlash va korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha sud inspeksiyasini tuzish hamda Kengash huzurida Imtihon komissiyasi tuzish va uning qarorlari ustidan Kengashga shikoyat qilish tartibini belgilash haqidagi takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 7 dekabrdagi “Sud`yalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6127-son Farmoni 4-bandining 3- xatboshisi va 7-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Sud`yalar oliy kengashining 2021 yil 9 sentyabrdagi 527-21-son dalolatnomasi). Ushbu taklif sud tizimida korrupsiyaga qarshi kurashuvchi maxsus tuzilmani tashkil etishga hamda sud`yalikka nomzodlarni shaffof tarzda tanlash tartibini joriy qilishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish