Kirgizov Shaxabiddin Mirzaraimovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Ferrotsen va glisirrizin kislota asosida biostimulyatorlar olish», 02.00.09 – Tovarlar kimyosi (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.DSc/K127.
Ilmiy maslahatchi: Asqarov Ibrohim Raxmonovich, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Andijon davlat universiteti, DSc.03/29.10.2021.K.60.05.
Rasmiy opponentlar: Xojimatov Maxsadbek Mo‘ydinovich, kimyo fanlari doktori, dotsent; Karimov Abdurashid Musaxanov, kimyo fanlari doktori, dotsent; Shamshidinov Isroiljon Turgunovich, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: ayrim ferrotsenbenzoy va -karbon kislotalar, glisirrizin kislota va mochevina asosida yangi turdagi biologik faol birikmalar olish, ularning tarkibi, tuzilishi, ayrim fizik-kimyoviy xossalarini aniqlash hamda kimyoviy tarkibi asosida sinflashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ferrotsenbenzoy va -karbon kislotalar hamda tiomochevina asosida ayrim o‘simlik va parrandalarning o‘sishi va rivojlanishini tezlatuvchi biologik faol birikmalar sintez qilingan;
chigitning unishini tezlatish xususiyatiga ega bo‘lgan glisirrizin kislotaning mochevinali tuzi olingan;
sintez qilingan p-(ferrotsendiil)dibenzoy kislota, o-karboksibenzoilferrotsen, m-ferrotsenilbenzoy kislota tioamidi, glisirrizin kislotaning mochevinali tuzini kimyoviy tarkibi va tuzilishi IQ-spektroskopik, mass-spektrometrik usullarda aniqlangan;
parrandachilik xo‘jaliklarida o‘tkazilgan sinov natijalari p-(ferrotsendiil)dibenzoy kislotaning dilitiyli tuzi jo‘jalarning o‘sishi va rivojlanishini tezlatish xususiyatiga ega ekanligini isbotlangan;
dala sharoitida o‘tkazilgan tajribalarda o-karboksibenzoilferrotsenning kaliyli tuzi va m-ferrotsenilbenzoy kislota tioamidi g‘o‘za o‘simligining kompleks rivojlanishi va hosildorligini oshirishi, glisirrizin kislotaning mochevinali tuzi esa chigitning unishini tezlatishi isbotlangan;
ferrotsen, glisirrizin kislota, mochevina va uning hosilalari asosida sintez qilingan birikmalar uchun kimyoviy tarkibi asosida halqaro kod raqamlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Ferrotsen, glisirrizin kislota, mochevina va uning hosilalari asosida yangi turdagi biostimulyatorlar sintez qilish va ularni kimyoviy tarkibi asosida sinflash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
“g‘o‘zani o‘stiruvchi stimulyator” uchun O‘zbekiston Respublikasi Intelektual mulk agentligi tomonidan ixtiroga patent olingan (№IAP 05099, 2015 y.) Natijada, qishloq xo‘jaligi o‘simliklari urug‘larining unuvchanligini kuchaytirish va biostimulyator bilan ishlov berilgan g‘o‘za maydonlaridan g‘o‘zaning o‘sishi va rivojlanishini o‘rtacha 6,3% ga oshirish va qo‘shimcha 3-6 s/ga hosil olish imkonini bergan;
uyg‘unlashgan tizim qoidalariga binoan ferrotsen asosida olingan biostimulyatorlarga monoatsetilferrotsen hosilalari uchun 3808 93 9001, izopropilferrotsen hosilalari uchun 3808 93 9002 ishlab chiqilgan tovar kodlari bojxona amaliyotiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining 2021 yil 29 yanvardagi 1/16-036-son ma’lumontomasi). Natijada, ferrotsen asosida olingan biostimulyatorlarni sinflash imkonini bergan;
ferrotsen asosida olingan “ATAKO”, “ASXOAK”, “ARIQ”, “ADUMAX” biostimulyatorlari Andijon viloyati fermer xo‘jaliklarining (2013-2021 yy.) 734 ga maydoniga qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 28 iyundagi 04/35-04/4257-son ma’lumotnomasi). Natijada, g‘o‘za maydonlaridan qo‘shimcha 4,9 s/ga hosil olish imkonini bergan.