Abdulahatov Nodirjon Uraimovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “XIX asr ikkinchi yarmi – XX asr boshlari Marg‘ilon muhitidagi diniy va agiografik manbalar tadqiqi”, 24.00.01 – islom tarixi va manbashunosligi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.DSc/Isl27.
Ilmiy maslahatchi: Ostonaqulov Ikromiddin, tarix fanlar doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, DSc.35/30.12.2019.IsI./Tar/F.57.01.
Rasmiy opponentlar: Babadjonov Baxtiyor Miraimovich, tarix fanlari doktori, professor; Shodmonova Sanobar Bozorbaevna, tarix fanlari doktori, professor; Yayoi Kavaxara, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi XIX asr ikkinchi yarmi – XX asr boshlari Marg‘ilon muhitida diniy va agiografik manbalarning mintaqa tarixini yoritishdagi ahamiyatini asoslab berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
XIX asrda Chor Rossiyasining siyosiy boshqaruv sharoitida Marg‘ilon ulamolari aholining an’anaviy  qadriyatlarini saqlab qolish maqsadida jamiyatda avj olayotgan nosog‘lom muhitga nisbatan tanqidiy munosabat bildirgani Hazin (حزين), Rojiy (راجي), Nozik (نازك), Vahmiy (وهمي), Fahmiy (فهمي), Fazliy (فضلي), Bekiy (بيكي), Mozoriy (مازاري), Mo‘minjon Hakim (مؤمنجان حكيم), G‘olib (غالب) taxallusli o‘n nafar Marg‘ilon olimlari misolida ochib berilgan;
Muhammad Ali Xo‘ja Marg‘iloniyning tarixni keyingi avlodlarga etkazish hamda shajaranavislik an’anasining XIX asrgacha saqlab qolishdagi sa’yi harakatlari natijasida - “Silsilai nisbati mashoyix” (سلسلئ نسبتى مشايح) va “Shajaranoma” (شجرناما) nomli agiografik asarlar yozilgani hamda ularda Movarounnahr hududida allomalarning mintaqa davlatlari ichki va tashqi siyosatiga bevosita ta’siri borasida ham muhim ma’lumotlar berilgani aniqlangan;
“Ravzat ul-ansob” روضة الأنساب manoqibi Marg‘ilon sayyidlari Ubaydullaxon, Podshohxon to‘ra, Valixon to‘raning genealogiyasi haqida ma’lumotlar berish bilan birga XIX asrning ikkinchi yarmida Marg‘ilon shahrining toponomikasi, mintaqada naqshbandiya tariqati mutasavvuflarining faoliyatini o‘rganishda muhim agiografik manba ekanligi ko‘rsatib berilgan;
Chor Rossiyasi tomonidan tasis etilgan “kaziyskie sudi” – qozilik sud tizimi mahalliy hayot talablaridan uzoqligi sababli an’anaviy qozilik mahkamalari sha’ni va obro‘sini to‘kishga harakat qilgani Xo‘jajon Rojiy Marg‘inoniyning Farg‘ona vodiysidagi 200 dan ortiq shaxslar va 100 dan ortiq inshootlarga bag‘ishlab, abjad usulida yozgan (تأريخ) tarix-xronogrammalari asosida isbotlangan;
Chor Rossiyasi mustamlakasi davrida Marg‘ilon aholisiing taomlanish, kiyim-kechak, transport, sog‘liqni saqlash, ta’lim sohasidagi tranformatsion o‘zgarishlarga munosabati va yuzaga kelgan salbiy holatlardan saqlanishning yo‘llari Vahmiy Marg‘inoniyning “Sayyid Ja’far G‘oziy” jangnomasi (ﺳﻴﺪ ﺠﻌﻔﺮﻏﺎﺰﻯ) va Fahmiy Marg‘inoniyning “Yusuf va Zulayho” (يوسف وﺰﻠﻴﺤﺎ) nomli dostonlaridagi Marg‘ilon xalqining o‘ziga xos mentalitetiga berilgan ta’riflarda aks etganligi aniqlangan;
Chor Rossiyasi tomonidan hududda Qur’on tafsiri ta’limi ta’qiqlanishiga qaramay Marg‘ilon ulamolari ilohiy kalom mazmunini, “Ash’or ta’limot adab Nozik” (اشعار تعليمات أدب نازك), “Fathul vadud a’la sharhil mavlud” (فتح الودود على شرح المولود) singari 100 dan ortiq manzuma (ﻤﻆﻮﻤﻪ), qasida (ﻘﺳﻴﺪﻩ) va pandnoma (پندنامه) asarlariga singdirib, saqlab qolgani isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. XIX asr ikkinchi yarmi – XX asr boshlari Marg‘ilon muhitida diniy va agiografik manbalar bo‘yicha tadqiqotning ilmiy natijalari asosida:
Marg‘ilon ulamolarining diniy-ma’rifiy merosini tadqiq etishdagi nazariy xulosalardan  Yaponiyaning “Toyota”, Germaniyaning “Gerda Xenkel” fondi grantlari buyurtmasi asosida “Sin`szyan va Farg‘onada topilgan mozor hujjatlari”, “Muhammad Yusuf Hazin – Xonaqoxiy hazrat”, “Xo‘jajon xoja Rojiy Marg‘inoniy”, “Abdusamad Qoil Marg‘iloniy” turkumida kitoblar tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazining 2022 yil 26 apreldagi 322/22-son ma’lumotnomasi). Natijada, agiografiyaga oid manbalarni jamiyatga etkazishning nazariy-metodologik usullari bilan birga, Marg‘ilonning ijtimoiy-siyosiy tarixiga oid tadqiqotlarda foydalanishda muhim ahamiyat kasb etishiga xizmat qilgan;
XIX asr ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida faoliyat olib borgan Rojiy, Hazin, Abdusamad Qoil, Mo‘minjon Hakim kabi Marg‘ilon ulamolari manoqib va  xotiralari hamda xorijlik sayyohlarning Rossiya va Evropada bosilgan sayohatnomalarida aks etgan aholining ruhiy holati, zamonga munosabati, ma’naviy kurashi, yurt tinchligi uchun mustamlakachilar bilan olib borgan murosa madaniyati yoritilib, undan hozirgi yoshlarni diniy bag‘rikenglik va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, muttaasiblikka qarshi kurashda foydalanish mumkinligi isbotlab berilgani xususidagi ilmiy xulosalardan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning buyurtmasi asosida chop etilgan “Marg‘ilon allomalari” turkumidagi kitoblarda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2022 yil 12 maydagi 02-03/3699-son ma’lumotnomasi). Natijada,  o‘sib kelayotgan yosh avlodni qadriyatlarga hurmat ruhida munosib tarbiyalashda namuna bo‘lib xizmat qilgan;
Marg‘ilon ulamolarining ma’rifatparvarlik faoliyati, zamonga munosabati, mustamlaka boshqaruv siyosatiga qarshi hajv yo‘li vositada milliy g‘urur, diniy e’tiqodni saqlab qolish yo‘lidagi g‘oyaviy kurashi, yurt tinchligi uchun mustamlakachilar bilan olib borgan murosa madaniyatiga doir xulosalardan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining buyurtmasi asosidagi “O‘rta asr Sharq allomalari” ensiklopediyasini tayyorlashda foydalanilgan (Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining 2020 yil 23 sentyabrdagi 02/273-son ma’lumotnomasi). Natijada, yoshlarning ilmga bo‘lgan rag‘batini oshirish bilan birga aholining o‘z xalqi tarixini anglashi, Marg‘ilonda yashab o‘tgan ulamolar, aziz-avliyolarning ibratli hayotini o‘rganishlariga yordam bergan;
XIX asr ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida faoliyat olib borgan Marg‘ilon ulamolarining milliy-diniy kamsitishlarga qarshi kurashlari, ularni xutbalarda imperator nomini o‘qishga qarshi chiqishlarida, xalqni ma’naviy inqirozdan saqlab qolish borasida amalga oshirgan harakatlariga oid xulosalardan Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazining buyurtmasi asosida tayyorlangan “Marg‘ilon hokimlari” kitobida foydalanilgan (Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazining 2022 yil 9 apreldagi 01-07 / 39 son ma’lumotnomasi). Natijada, Marg‘ilonda faoliyat olib borgan Termiziy sayyidlariga oid yorliklar va Termiziy sayyidlarning Qo‘qon xonligi va Chor Rossiya davridagi faoliyati ilk bor ilmiy jihatdan o‘rganishga xizmat qilgan;  
Marg‘ilon ulamolari tomonidan yaratilgan 100 dan ortiq irfoniy adabiyot, agiografik asarlar, marsiyalar, xotiralar mintaqaning islom tarixi va manbashunosligini o‘rganishdagi ahamiyatini targ‘ib qilish maqsadida (grant №20/11) “Boqiy meros” grant loyihasi” ni shakllantirishda foydalanilgan (Xalqaro “Oltin meros” xayriya jamoat fondining 2021 yil 9 sentyabrdagi 01/-25-22-son ma’lumotnomasi). Natijada, ajdodlarimiz ma’naviy merosining ibratli jihatlari,  xususan, ajdodlar yo‘liga sodiqlik, ma’rifatparvarlik, saxovatpeshalik, mehnatsevarlik va o‘zaro munosabatlarda qo‘llangan yuksak axloqiy me’yorlar zamonamiz yoshlarining ijtimoiy faolligini oshirish omillaridan biri sifatida xizmat qilgan;
O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston tarixi” telekanalining “Mavzu” va “Buyuk yurt allomalari” nomli ko‘rsatuvlarida Muhammad Yusuf Hazin Marg‘inoniy, Rojiy Marg‘inoniy, Abdulqodir Maxdum Nozik, Vahmiy Marg‘inoniy, Fahmiy Marg‘inoniy, G‘olib Marg‘iloniy, Mo‘minjon Hakim Marg‘iloniy merosi to‘g‘risida tizimli ko‘rsatuvlar ssenariylarini tuzishda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining 2021 yil 19 maydagi 02-40-775-son ma’lumotnomasi). Natijada fuqarolarning XIX asr ikkinchi yarmi - XX asr boshlaridagi Marg‘ilon ijtimoiy-siyosiy va madaniy-ma’naviy hayoti masjid-madrasa, xonaqohlar, ziyoratgohlar faoliyati va ularning aholi ma’naviy-ma’rifiy hayotida tutgan o‘rniga doir yangi ma’lumotlar bilan tanishish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish