Sobirova Dilafruz Abduroziqovnaning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘qituvchi sotsial intellektining psixologik asoslarini takomillashtirish», 19.00.05– Ijtimoiy psixologiya. Etnopsixologiya (psixologiya fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Psi21.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.

Ilmiy kengash faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc27.06.2017.Psi.01.07.

Ilmiy rahbar:Barotov Sharif Ramazonovich, psixologiya fanlari doktori, professor.

Rasmiy opponentlar: Bekmurodov Mansur Bobomurodovich, sotsiologiya fanlari doktori, professor; Sog‘inov Nurmat Abdusamatovich, psixologiya fanlari nomzodi, dotsent.

Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: o‘qituvchi sotsial intellektining ijtimoiy-psixologik mexanizmlarini takomillashtirishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

sotsial intellektning o‘qituvchi kasbiy faoliyati samaradorligiga ta’sir etuvchi omil sifatidagi xulq-atvor, kognitiv, emotsional komponentlari va gnoseologik, akkumulyativ, kommunikativ funksiyalari aniqlashtirilgan;

o‘qituvchilardagi sotsial intellektning shaxs tiplari va shaxs xususiyatlariga bog‘liqligini o‘rganuvchi diagnostik metodikalarni qo‘llashga doir takliflar ishlab chiqilgan;

sotsial intellekt o‘qituvchi kasbiy faoliyati samaradorligiga ta’sir etuvchi omil va ichki psixologik mexanizm ekanligi asoslangan;

o‘qituvchi sotsial intellektining psixologik asoslarini takomillashtirishga qaratilgan treninglar ishlab chiqilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

O‘qituvchi sotsial intellektining psixologik asoslarini takomillashtirish  bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:

o‘qituvchi faoliyatida namoyon bo‘luvchi sotsial intellekt, shaxslilik tiplari, sotsial-psixologik kompetentlikning o‘zaro aloqadorligi, korrelyasion ko‘rsatkichlari hamda sotsial va emotsional intellekt ko‘rsatkichlari o‘rtasidagi korrelyasion bog‘liqlikni aniqlashtirish asosida o‘qituvchi kasbiy kompetentligini rivojlantirishning psixologik mexanizmlarini takomillashtirishga doir takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’limi Vazirining 2015 yil 29 avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 25 avgustdagi 246-son qarori ijrosi to‘g‘risida»gi 319-son buyrug‘ining 1-ilovasi 5-bandi, 2-ilovasining 3-, 4-, 5-, 6- va 16-bandlari bilan tasdiqlangan me’yoriy-metodik hujjatlarni tayyorlashda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2015 yil 16 noyabrdagi 89–03–1227-son ma’lumotnomasi). Mazkur me’yoriy-huquqiy hujjatlarning amaliyotga joriy etilishi oliy ta’lim muassasalari pedagog xodimlar faoliyatini o‘rganishning reyting ko‘rsatkichlarini aniqlash hamda pedagogik faoliyat samaradorligi va sifatini oshirish imkoniyatini yaratgan.

o‘qituvchi sotsial intellekti ko‘rsatkichlarini o‘rganishga qaratilgan Dj.Gilfordning «Sotsial intellektni o‘rganish» va R.Kettellning «Shaxsni 16 omil yordamida o‘rganish so‘rovnomasi» kabi tashxis metodikalarining modifikasiyalash-tirilgan shaklini amaliyotga qo‘llash bo‘yicha taklif va tavsiyalar «Ijtimoiy fikr» jamoatchilik markazining 2016 yil 28 yanvarda tasdiqlangan ish rejasiga binoan o‘tkazilgan tadqiqotning «O‘zbekiston yoshlari: hayotiy qadriyatlar va kelajakdagi rejalar» bandi mazmunida o‘z aksini topgan («Ijtimoiy fikr» jamoatchilik markazining 2016 yil 20 sentyabrdagi 01–16/306-son ma’lumotnomasi). Mazkur ijtimoiy-psixologik so‘rovnomalar uzluksiz ta’limning turli bosqichlarida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilar sotsial intellektining rivojlanganlik darajasini aniqlash imkonini bergan;

o‘qituvchi sotsial intellekti me’zonlari va ko‘rsatkichlaridan markaz pedagog-psixologlari va ota-onalar bilan ishlash jarayonida hamda o‘qituvchi sotsial intellektini rivojlantirishga doir treninglar majmuasidan markazning  bolalar bilan ishlash dasturlarida foydalanilgan (Respublika bolalar ijtimoiy moslashuv markazining 2017 yil 6 noyabrdagi 06/623-03-son ma’lumotnomasi). Natijalarning amaliyotga joriy etilishi tizmda faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarni kasbiy samaradorligini yuksaltirishga, shuningdek bolalar bilan guruh bo‘lib ishlashda va individual ishlash samaradorligini oshirishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish