Umarov Akram Azamatovichning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «XXI asr boshida Markaziy Osiyo mintaqaviy xavfsizligida Afg‘oniston omili», 23.00.04–xalqaro munosabatlar, jahon va mintaqa taraqqiyotining siyosiy muammolari (siyosiy fanlar).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Siyos37.

Ilmiy rahbar: Fayzullaev Alisher Amanullaevich, siyosiy fanlar doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, DSc.27.06.2017 Tar/Yu/I/S/24.01.

Rasmiy opponentlar: Tulyaganova Nixola Uzbekovna, siyosiy fanlar doktori, professor; Bobokulov Inomjon Ibragimovich, yuridik fanlar doktori, dotsent.

Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: Afg‘oniston omilining Markaziy Osiyo mintaqasi xavfsizligiga ta’sir ko‘rsatish darajasini ochib berishdan iborat.

III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

mustaqillik davrida O‘zbekistonning Afg‘oniston mojarosini tinchlik yo‘li bilan hal qilishga qaratilgan tashqi siyosatining shakllanish va rivojlanish bosqichlari, ilmiy asoslari va strategik ustuvor yo‘nalishlari tizimli tarzda ochib berilgan;

Afg‘onistondagi ichki siyosiy beqarorlik, ijtimoiy-iqtisodiy tanglik, tashqi kuchlar manfaatlarining o‘zaro mos kelmasligi hamda turli terroristik guruhlarning faolligi mamlakatdagi mojaroli vaziyatning asosiy sababchilari ekanligi aniqlangan;

O‘zbekistonning tinchlikparvar siyosatidan kelib chiqqan holda o‘zbek-afg‘on hamkorligini aniq dasturlar bilan yanada takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan;

Afg‘onistondagi murakkab vaziyatni barqarorlashtirishda Markaziy Osiyo davlatlari yondashuvlarini muvofiqlashtirish hamda ularning xalqaro hamjamiyat bilan hamkorligini kuchaytirish negizida afg‘on siyosiy kuchlari o‘rtasidagi konstruktiv muloqotni yo‘lga qo‘yish muhimligi asoslab berilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Ilmiy tadqiqot natijalari:

Afg‘onistondagi mavjud harbiy-strategik va ichki siyosiy vaziyat bo‘yicha bir qator mualliflik xulosalari, siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalardagi o‘zbek-afg‘on hamkorligini jadallashtirish hamda yurtimizdan AIRga eksport qilinadigan mahsulotlar hajmini kengaytirish bo‘yicha takliflari O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan O‘zbekistonning Afg‘onistonga nisbatan tashqi siyosatini ishlab chiqishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining 2017 yil 21 fevraldagi 12/6199-son ma’lumotnomasi). Natijada ikki tomonlama savdo aylanmasi va tovarlar nomenklaturasi o‘sishi kuzatildi hamda O‘zbekiston-Afg‘oniston savdo uylari o‘z faoliyatini boshlashgan;

Afg‘oniston bilan bog‘liq O‘zbekiston Respublikasi milliy xavfsizligiga tahdidlarni doimiy ravishda monitoring qilib borishda va tahliliy materiallar tayyorlashda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining 2017 yil 10 fevraldagi 03/82-son ma’lumotnomasi). Natijada xavfsizlikka tahdidlarni bartaraf etish bo‘yicha yurtimizning mudofaa siyosati takomillashtirilgan hamda O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida xavfsizlik sohasida hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo hujjatlar loyihalari ishlab chiqilgan;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutining Afg‘oniston bilan turli sohalardagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha respublikamizdagi tegishli vazirlik va idoralar uchun tahliliy hujjatlarini tayyorlashda hamda chet el ilmiy markazlari va xavfsizlik sohasidagi yetakchi mutaxassislar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutining 2017 yil 15 fevraldagi 02/151-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflar O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida hamkorlikning sezilarli kengayishiga hamda mintaqaviy xavfsizlik va unga afg‘on hududidan bo‘layotgan tahdidlarni o‘rganish bo‘yicha xalqaro ilmiy-amaliy hamkorlikni jadallashtirishga xizmat qilgan;

Xalqaro munosabatlar bo‘yicha axborot-tahlil markazining Afg‘onistondagi vaziyatning rivojlanishi hamda uning Markaziy Osiyo mintaqaviy xavfsizligi va barqarorligiga ta’sirini o‘rganish bo‘yicha axborot-tahliliy hujjatlarini tayyorlash jarayonida e’tiborga olingan (Xalqaro munosabatlar bo‘yicha axborot-tahlil markazining 2017 yil 17 fevraldagi 05/15-son ma’lumotnomasi). Ushbu xulosalar va takliflar Afg‘onistondagi vaziyatning mintaqamiz xavfsizligiga ko‘rsatayotgan salbiy ta’sirini o‘rganishga va uni bartaraf etish yo‘llarini ishlab chiqishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish