Quvatov Asqar Qoraqulovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Chirchiq daryosi suv havzalarining ixtiofaunasi», 03.00.06 – Zoologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/B321.
Ilmiy rahbar: Mirzaev Ulug‘bek To‘raevich, biologiya fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Zoologiya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Zoologiya instituti, DSc.02/30.12.2019.B.52.01.
Rasmiy opponentlar: Kamilov Baxtiyar Ganievich, biologiya fanlari doktori, professor; Jumabaev Baxodir Erejepovich, biologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Chirchiq daryosi suv havzalari baliqlarining zamonaviy holatini baholash, morfologik xususiyatlarini ochib berish, taksonomik reviziya qilish va ulardan oqilona foydalanish bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalarni ishlab chiqish hamda kadastrini yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Chirchiq daryosi suv havzalari ixtiofaunasining zamonaviy holati, turlar tarkibi tahlil qilinib, baliqlar faunasi 8 turkum, 16 oila, 38 urug‘ga mansub 43 turdan iborat ekanligi aniqlangan;
ilk bor Chirchiq daryosi suv havzalari baliqlar faunasi soni avvalgi ma’lumotlarga nisbatan 5 turga (Esox lucius, Gobio cynocephalus, Triplophysa dorsalis, Triplophysa coniptera salari, Oryzias sinensis) ortganligi aniqlangan;
ilgari Chirchiq daryosi suv havzalari ixtiofaunasi tarkibida qayd etilgan 4 tur baliq – Hemiculter lucidus, Ictiobus cyprinellus, Soregonus sardinella va O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan Ballerus sapa hozirda uchramasligi aniqlangan;
baliqlarni Chirchiq daryosi oqimi bo‘ylab taqsimlanish xususiyatlari aniqlangan va tog‘ zonasida 5 tur, tog‘ oldi zonasida 5 tur, tekislik zonasida 21 va quyi oqim zonasida 9 turning uchrashi asoslangan;
ko‘p sonli, endemik, kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan turlarning zamonaviy morfologik xususiyatlari ochib berilgan;
morfometrik belgilarning yuqori darajada o‘zgaruvchanligi baliqlarning harakat (lokomotor) tizimiga bog‘liqligi bilan izohlangan;
ilk bor Poecilidae oilasi Gambusia urug‘i vakillari taksonomik reviziya qilingan va Chirchiq daryosi suv havzalarida ikki turning – Gambusia affinis va Gambusia holbrooki uchrashi aniqlangan;
iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘lgan hamda kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostidagi turlarning tavsifi, hisobi, hajmi va kadastri shakllantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Chirchiq daryosi suv havzalarining ixtiofaunasi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Toshkent viloyati suv havzalari (Chirchiq, Ugom, Chotqol, Pskom, Ko‘ksu) baliqlarining kadastri yuzasidan ishlab chiqilgan tavsiyalar Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog‘i amaliyotiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining 2021 yil 5 maydagi 05/21-1991-son ma’lumotnomasi). Natijada, noyob va yo‘qolib ketish xavfi ostidagi baliq turlari bo‘yicha davlat kadastri ob’ektlarini bosqichma-bosqich xatlovdan o‘tkazishga, monitoringini olib borishga imkoniyat yaratilgan va kadastr ma’lumotlarini geoaxborot tizimiga kiritish imkonini bergan;
Chirchiq daryosi suv havzalari baliqlarining kadastri yuzasidan ishlab chiqilgan tavsiyalar O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish qo‘mitasining Bioxilma-xillik va muxofaza etiladigan tabiiy hududlar bosh boshqarmasi Kadastr yuritish tizimi amaliyotiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish qo‘mitasining 2021 yil 12 maydagi 03-02/8-333-son ma’lumotnomasi). Natijada, kadastr ma’lumotlarini geoaxborot tizimiga kiritishga asos bo‘lgan, shuningdek, noyob va yo‘qolib ketish havfi ostidagi baliq turlarini qo‘riqlash, yashash muhitini saqlab qolish, ko‘paytirish va himoya qilish ishlarini tashkil etishga hamda tabiiy resurslardan oqilona va barqaror foydalanishni ta’minlash imkonini bergan;
Chirchiq daryosi suv havzalari ixtiofaunasiga mansub 6 turkum, 9 oila, 20 urug‘, 25 turga mansub jami 785 ta baliq namunalari respublikada yetakchi bo‘lgan «Zoologiya kolleksiyasi» noyob ob’ektiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2021 yil 7-sentyabrdagi 4/1255-2445-son ma’lumotnomasi). Natijada, mavjud baliqlar kolleksiyasi fondini yangi namunalar bilan boyitgan va baliqlar turlari xilma-xilligini aniqlash va turlarni sistematik tahlil qilish imkonini bergan;
Shuningdek, yig‘gan kolleksiya materiallaridan, bajarilishi 2017-2020 yillarga mo‘ljallangan PZ-20170920204 “O‘zbekistonning Shimoliy-Sharqiy hududi suv havzalari baliq resurslarining hozirgi holatini baholash va ulardan barqaror foydalanish bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqish” amaliy loyihasida Chirchiq daryosida tarqalgan baliq turlarining morfometrik hususiyatlarini yoritib berish va tarqalishini o‘rganish bo‘yicha ma’lumotlar amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2021 yil 7-sentyabrdagi 4/1255-2445-son ma’lumotnomasi). Natijada, tabiiy hududda tarqalgan baliq turlarining tarqalishini geoaxborot tizim xaritasiga tushirish imkonini bergan.