Sayt test rejimida ishlamoqda

Jo‘raev Shukurillo Raximovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon


I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Muhammad Shayboniy asarlarida xalqaro munosabatlarni tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari”, 24.00.03 – Fiqh, kalom ilmi. Ilohiyot (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1.PhD/Tar893.
Ilmiy rahbar: Yusupova Nigora Jaloliddin qizi, yuridik fanlar doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, DSc.35/30.12.2019.IsI/Tar/F.57.01.
Rasmiy opponentlar: yuridik fanlar doktori, professor Rajabova Mavjuda Abdullaevna,  tarix fanlari nomzodi, dotsent Najmiddinov Zafar Xoshimjonovich.
Etakchi tashkilot: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Muhammad Shayboniy asarlarida xalqaro munosabatlarni tartibga solishdagi o‘ziga xos jihatlarni ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
“As-siyar al-kabir” (السير الكبير) asarida zimmiylar (أهل الذمة – musulmonlar himoyasidagi g‘ayridinlar) qatoriga ahli kitob (أهل الكتاب  – samoviy kitob berilgan yahudiy va nasroniylar)dan tashqari o‘sha davrda yashagan butparast va otashparastlarning ham kiritilishi hamda ushbu qoidalar abbosiy hukmdor va qozilar tomonidan qabul qilingani natijasida jamiyatda dinlararo totuvlik muhitining saqlanishiga xizmat qilgani ochib berilgan;
Muhammad Shayboniyning “As-siyar as-sag‘ir” va “As-siyar al-kabir” asarlarini abbosiylar xalifaligining xalqaro munosabatlarida birlamchi manba sifatida e’tirof etilishiga asosiy sabab abbosiy hukmdori Horun ar-Rashidning alloma huzurida bo‘lajak shahzodalarni ushbu kitoblardan ta’lim olish tizimini joriy etgani bilan isbotlangan;
Muhammad Shayboniyning urush paytida bolalar, ayollar, keksalar hamda o‘zini din xizmatiga bag‘ishlagan rohib va zohidlarning daxlsiz hisoblanishi, ularga nisbatan qurol ko‘tarilmasligi borasidagi qarashlari asosida nizoli vaziyatlarda tinch aholini asrashga qaratilgan xalqaro gumanitar huquq tamoyillari islom huquqida VIII asrdayoq shakllangani aniqlangan;
Muhammad Shayboniy tomonidan fiqh ilmiga kiritilgan “dorul ahd” (دار العهد – nomusulmon davlatlar bilan tuzilgan tinchlik kelishuvi) tushunchasining tinchlikparvarlik mohiyati zamirida diniy tafovut sababli dushman deb qabul qilingan davlatlar bilan ham shartnomaviy kelishuv asosida tinch-totuv yashash tamoyili ilk islom davlatchiligida mavjud bo‘lgani asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. “Muhammad Shayboniy asarlarida xalqaro munosabatlarni tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari” mavzusi bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijasida ishlab chiqilgan ilmiy xulosalar va takliflar asosida:
Muhammad Shayboniy tomonidan fiqh ilmiga kiritilgan “dorul ahd” (دار العهد – nomusulmon davlatlar bilan tuzilgan tinchlik kelishuvi) tushunchasining tinchlikparvarlik mohiyati zamirida diniy tafovut sababli dushman deb qabul qilingan davlatlar bilan ham shartnomaviy kelishuv asosida tinch-totuv yashash tamoyili ilk islom davlatchiligida mavjud bo‘lgani haqidagi xulosalardan Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi buyurtmasi asosidagi “Dolzarb raddiyalar” va “Mutaassiblikka qarshi mo‘’tadillik” deb nomlangan qo‘llanmalar mazmuniga singdirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2022 yil 24 fevraldagi 02-03/1262-son ma’lumotnomasi). Natijada Muhammad ibn Hasan Shayboniy asarlarida ilgari surilgan dinlararo totuvlik tamoyilining tarbiyaviy ahamiyatini ko‘rsatishga oid tahlillarni amalga oshirish uchun xizmat qilgan;
“As-siyar al-kabir” (السير الكبير) asarida zimmiylar (أهل الذمة – musulmonlar himoyasidagi g‘ayridinlar) qatoriga ahli kitob (أهل الكتاب  – samoviy kitob berilgan yahudiy va nasroniylar)dan tashqari o‘sha davrda yashagan butparast va otashparastlarning ham kiritilishi hamda ushbu qoidalar abbosiy hukmdor va qozilar tomonidan qabul qilingani jamiyatda dinlararo totuvlik muhitiga sabab bo‘lganiga oid berilgan ilmiy xulosalar O‘zbekiston musulmonlari idorasining buyurtmasi asosida tayyorlangan “Ma’rifat gulshani” va “Ma’rifat ziyosi” qo‘llanmalari mazmuniga singdirilgan (O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2022 yil 28 fevraldagi 500-son ma’lumotnomasi). Natijada fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish idoralari va mahalla faollari faoliyati jarayonida diniy bag‘rikenglik, dinlararo, millatlararo nizolarning oldini olishda hamda bosh imom-xatiblarning xotin-qizlar masalalari bo‘yicha yordamchilarining faoliyatini rivojlantirishga xizmat qilgan;
Muhammad Shayboniyning “As-siyar as-sag‘ir” va “As-siyar al-kabir” asarlari abbosiylar xalifaligining xalqaro munosabatlarida birlamchi manba sifatida e’tirof etilishiga asosiy sabab abbosiy hukmdori Horun ar-Rashidning alloma huzurida bo‘lajak shahzodalarni ushbu kitoblardan ta’lim olish tizimini joriy etganiga doir fiqhiy xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi IIV Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasining buyurtmasi asosidagi “Jihodchilar ekstremistik oqimining vujudga kelishi: maqsad va vazifalari” nomli uslubiy hamda “Muhim savol-javoblar” nomli o‘quv qo‘llanmalarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi IIV Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasining 2022 yil 19 fevraldagi 17/2-371-son ma’lumotnomasi). Natijada ekstremizm va terrorizm kabi jinoyatlarga qarshi kurash, bunday jinoyatlarning davlatchilik taraqqiyoti, jamiyat va shaxs hayotiga xavf soluvchi oqibatlarining diniy jihatlarini jamoatchilikka tushuntirish, mazkur masalalar yuzasidan fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini, diniy bilimlarini yuksaltirishga xizmat qilgan;
Muhammad Shayboniyning urush paytida bolalar, ayollar, keksalar hamda o‘zini din xizmatiga bag‘ishlagan rohib va zohidlarning daxlsiz hisoblanishi, ularga nisbatan qurol ko‘tarilmasligi borasidagi qarashlari asosida nizoli vaziyatlarda tinch aholini asrashga qaratilgan xalqaro gumanitar huquq tamoyillari islom huquqida VIII asrdayoq shakllanganiga oid xulosalar “O‘zbekiston tarixi” telekanali tomonidan efirga uzatilgan “Buyuk yurt allomalari” nomli tizimli ko‘rsatuv ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining 2022 yil 02 fevraldagi 06-31-231-son ma’lumotnomasi). Natijada jahon ilm-fani va islom madaniyati tamadduniga hissa qo‘shgan allomalarimizning ilmiy meroslarida ilgari surilgan yoshlar ma’naviyati, ta’lim-tarbiyasini yuksaltirishga xazmat qiluvchi insonparvarlik, tinchliksevarlik, ma’rifatparvarlik g‘oyalarini targ‘ib etish orqali jamiyat ma’naviyatini oshirishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish