Turakulov Dilmurod Abdulvosidovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘tloqi soz tuproqlar sharoitida Log‘on koni bentonit loyqasini g‘o‘zada qo‘llash samaradorligi (Markaziy Farg‘ona misolida)”, 06.01.01–Umumiy dehqonchilik. Paxtachilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: 2021.4.PhD/Qx504.
Ilmiy rahbar: Tungushova Dilbar Abdukayumovna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Andijon Qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti, PhD.05/30.10.2020.Qx.126.01.
Rasmiy opponentlar: Xoshimov Ibroxim Nabievich, qishloq xo‘jalik fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Tashkuziev Maruf Mansurovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi markaziy Farg‘onaning sug‘oriladigan o‘tloqi soz o‘rtacha sho‘rlangan tuproqlari unumdorligini saqlash hamda g‘o‘zadan yuqori va sifatli hosil olishda Log‘on koni bentonit loyqasini qo‘llash usuli, muddati va me’yorlarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor, Markaziy Farg‘onaning sug‘oriladigan o‘tloqi soz o‘rtacha sho‘rlangan tuproqlari sharoitida g‘o‘za parvarishida mineral o‘g‘itlarning N150P105K75 va N200P140K100kg/ga me’yorlarida Log‘on koni bentonit loyqasini qo‘shimcha oziqa sifatida qo‘llash usuli, muddati va me’yorlari aniqlangan (kuzgi shudgor ostiga har yili 1,5-3,0 t/ga);
Markaziy Farg‘onaning o‘tloqi soz o‘rtacha sho‘rlangan tuproqlari sharoitida Log‘on bentonit loyqasini mineral o‘g‘itlarga qo‘shimcha oziqa sifatida kuzgi shudgor ostiga har yili 1,5-3,0 t/ga qo‘llashning tuproq unumdorligi va g‘o‘za hosildorligini oshirishdagi samaradorligi aniqlangan;
mineral o‘g‘itlarning N150P105K75 va N200P140K100 kg/ga me’yorlariga qo‘shimcha oziqa sifatida kuzgi shudgor ostiga har yili bentonit loyqasini 1,5-3,0 t/ga qo‘llanishi tuproqning agrofizikaviy va agrokimyoviy hususiyatlari yaxshilanishi, ya’ni, hajm massasi 0,023-0,028 g/sm3 ga kamayishishi, g‘ovakligi 0,783-1,044%, donadorligi 1,92-3,57% ga hamda tuproqdagi gumus miqdori 0,003-0,007%, umumiy azot 0,002-0,006%, fosfor 0,005-0,015%, va kaliy 0,0012-0,030% ga ortishi aniqlangan;
Markaziy Farg‘onaning o‘tloqi soz o‘rtacha sho‘rlangan tuproqlari sharoitida kuzgi shudgor ostiga har yili 1,5-3,0 t/ga qo‘llanganda tuproqdagi zararli tuzlar miqdori 10,1-11,2%, sul`fat ioni 10,3-11,1% ga kamaygan, sho‘r yuvish uchun sarflanadigan suvni samaradorligi 15,1-19,6% ga ortishi aniqlangan;
Markaziy Farg‘onaning o‘tloqi soz tuproqlari sharoitida Log‘on koni bentonit loyqasini mineral o‘g‘itlarning N150P105K75 va N200P140K100 kg/ga me’yoriga qo‘shimcha oziqa sifatida kuzgi shudgor ostiga har yili 1,5-3,0 t/ga qo‘llanishi natijasida g‘o‘zaning o‘sishi, rivojlanishi jadallashib, paxta hosili 1,9-3,2 s/ga ortishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Markaziy Farg‘onaning o‘tloqi soz o‘rtacha sho‘rlangan tuproqlar unumdorligini saqlash hamda g‘o‘zadan yuqori va sifatli hosil olishda Log‘on koni bentonit loyqasini qo‘lash usuli, me’yori va muddatlarini samaradorligini aniqlash bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
“Markaziy Farg‘onaning o‘tloqi soz o‘rtacha sho‘rlangan tuproqlari sharoitida bentonit loyqasini qo‘llash bo‘yicha” tavsiyanoma ishlab chiqilgan va tasdiqlangan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 24 noyabrdagi 02/020-4749-son ma’lumotnomasi). Ushbu tavsiyanoma Namangan viloyati sharoitida agroklasterlar, fermer xo‘jaliklari uchun g‘o‘za parvarishida qo‘llanma sifatida xizmat qilmoqda;
Log‘on koni bentonit loyqasini kuzgi shudgor ostiga 1,5 va 3,0 t/ga mineral o‘g‘it N150P105K75 kg/ga me’yorlariga qo‘shimcha ravishda Namangan viloyati Mingbuloq tumanidagi Markaziy Farg‘ona hududida joylashgan o‘tloqi soz o‘rtacha sho‘rlangan tuproqlar sharoitida “Navoiy qat’iyati” (12 ga) va “Busalfa Otaboeva” (9 ga) fermer xo‘jaliklarida joriy etilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 24 noyabrdagi 02/020-4749-son ma’lumotnomasi). Natijada g‘o‘zaning o‘sishi va rivojlanishi yaxshilanib, nazoratga nisbatan “Navoiy Qat’iyati” fermer xo‘jaligida 1,8-2,4 s/ga, “Busalfa Otaboeva” 1,7-2,2 s/ga qo‘shimcha hosil olingan, rentabellikni 5-7% ga o‘sishiga erishilgan.