Xo‘janiyazova Shoxnoza Satimboevnaning
falsafa doktori (PhD) dissertasiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertasiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Alisher Navoiyning manoqib asarlari leksikasi”, 10.00.01 – O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertasiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/Fil1266.
Ilmiy rahbar: Dadaboev Hamidulla Aripovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertasiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.19.01.
Rasmiy opponentlar: Muxamedova Saodat Xudoyberdievna, filologiya fanlari doktori, professor; O‘rozboev Abdulla Durdiboevich, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zRFA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti.
Dissertasiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Alisher Navoiyning manoqib asarlari so‘z boyligini statistik, tarixiy-etimologik, leksik-semantik va funksional-semantik jihatdan ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Alisher Navoiyning manoqib asarlari so‘z boyligidagi o‘z va o‘zlashgan qatlamlar nisbati belgilanib, turkiy so‘zlarning arabcha va forscha-tojikcha muqobillari aniqlangan;
manoqiblar lekcikasi tarkibida eski o‘zbek adabiy tilining o‘zlashmalar ishtirokida bir qator arabcha+forscha amnábád, xijálatzáda, maxdumzáda, arabcha+forscha+turkiycha nazarbázlïγ, naqšbandlïq, ášïqpešalïq kabi qorishiq so‘zlarning yasalishi dalillangan;
Navoiyning boshqa asarlarida qo‘llanmagan, biroq manoqiblar so‘z boyligida o‘z ifodasini topgan lekcik birliklar borligi isbotlanib, “Xamsat ul-mutahayyirin” asarida asqál, mustaššad, sáhibmátam, “Holoti Sayyid Hasan Ardasher”da lavanvašlïq, sáhibazá, “Holoti Pahlavon Muhammad”da dalk, vušáq kabi ko‘plab so‘zlarning leksik birligi aniqlangan;
manoqiblar leksikasi statistik, tarixiy-etimologik, leksik-semantik va funksional-semantik jihatdan yoritilib, ijtimoiy-siyosiy, diniy, harbiy, ta’lim-tarbiya, qavm-qarindoshlikka oid leksik birliklarning qo‘llanish doirasi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Alisher Navoiy manoqib asarlari leksikasi tadqiqi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Alisher Navoiyning “Xamsat ul-mutahayyirin”, “Holoti Sayyid Hasan Ardasher” va “Holoti Pahlavon Muhammad” asarlari leksikasining statistik, tarixiy-etimologik, semantik va funsional-semantik tahlili bilan bog‘liq ilmiy-nazariy xulosalardan OT-F1-71 raqamli “Ilk va o‘rta asrlar Markaziy Osiyo mintaqasida etnolingvistik vaziyat” (2017-2020) mavzusidagi fundamental loyihaning nazariy qismida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2022 yil 5 apreldagi 04/1-614-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘rta asrlarda Markaziy Osiyo mintaqasidagi turkiy tilda bitilgan manoqib asarlar leksikasi ijtimoiy voqelik haqida ma’lumot beribgina qolmasdan, til va madaniyat munosabatlari, xalq dunyoqarashi, urf-odat, an’analar, leksik-semantik jarayonlar, semantik taraqqiyotni o‘zida ifoda etishi masalalarini yoritib berishga qaratilgan;
Alisher Navoiyning manoqib asarlari leksikasining statistik, tarixiy-etimologik, leksik-semantik va funksional-semantik jihatdan tasniflari, ijtimoiy-siyosiy, diniy, harbiy, ta’lim-tarbiya, qavm-qarindosh, kasb-hunarga oid leksik birliklarning qo‘llanish doirasi, asar leksik qatlamining semantik xususiyatlari va asar matnida qo‘llanilgan leksik birliklarning genezisiga doir ilmiy xulosalardan “UzNutq Sintezator” nomli kompyuter dasturi ma’lumotlar bazasini tayyorlashda BV-Atex-2018 (143) raqamli “Ko‘zi ojiz shaxslar uchun kompyuter texnikasidan foydalanish, matnlarni o‘qish va yozish imkonini beruvchi o‘zbek tiliga asoslangan gapiruvchi dasturiy ta’minot va ovoz sintezatorini ishlab chiqish” (2018-2020) mavzusidagi amaliy loyihada belgilangan vazifalarni bajarishda foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2022 yil 21 fevraldagi 04/1-317-son ma’lumotnomasi). Natijada dasturning lekcik bazasini yaratishda o‘zbek tili qurilishiga sinxron-formal, sistem-struktur, substansial tahlil va tasnif usullarini sintezlashtirgan holda mustaqillik davri ilmiy qarashlari asosida yondashuv, yetakchi olimlar ilmiy-nazariy qarashlarining zamonaviy tilshunoslik taraqqiyoti uchun asosiy nazariy manba bo‘lganlik darajasini asoslashda muhim ilmiy manba bo‘lib xizmat qilgan;
Alisher Navoiyning manoqib asarlari leksikasida aks etgan sharqona madaniyat, boy adabiy, ma’naviy meros muayyan davrning til, tarix, madaniyat bilan bog‘liq muammolarni hal qilishda yozma yodgorliklarga murojaat etish muhim qadamlardan biri ekanligiga doir ilmiy-tarixiy ma’lumotlardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston tarixi” telekanalining “Hamma uchun” ko‘rsatuvida foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston tarixi” telekanalining 2022 yil 11 fevraldagi 06-31-353-son ma’lumotnomasi). Natijada Navoiy manoqib asarlarining mazmun-mohiyatini ochib berish hamda ommaga etkazishga xizmat qilgan, ko‘rsatuvning ilmiy dalillarga boy bo‘lishi ta’minlangan.