Raximova Sulurxon Djumaniyozovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbek tilida frazeologik polisemiya va uning leksikografik talqini”, 10.00.01 – O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.1.PhD/Fil2178.
Ilmiy rahbar: Mengliev Baxtiyor Rajabovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Guliston davlat universiteti, PhD.03/27.02.2020.F.91.02.
Rasmiy opponentlar: Yuldashev Ma’rufjon Muxammadjonovich, filologiya fanlari doktori, professor; Abdullaev Jumanazar Xudoyberdievich, filologiya fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘zbek tili polisemantik frazeologizmlarining shakllanishi, ko‘pma’nolilikning hosil bo‘lishida ma’no ko‘chish turlarining o‘rni, shuningdek, leksikografik talqinini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
polisemantik frazeologizmlarning nutqiy muloqot uchun ahamiyatli ekanligi, kontekstdan sari kontekstga o‘tgan yangi ma’no qirralari hosil bo‘lib, takrorlanmas yangi semema va semalar hosil qilishi, bu sememalardan biri asos va boshqalari hosila sememalar maqomida bo‘lishi aniqlangan;
frazeologik polisemiya metaforik va metonimik asosda shakllanishi, ularning darajasi nisbiy ekanligi, bir iboraning ba’zi hosila sememalari faqat metaforik, ba’zan faqat metonimik asosda bo‘lishi dalillangan;
o‘zbek tilidagi polisemantik frazeologizmlarning leksikografik talqinida o‘zbek formal leksikologiyasi yutuqlari ustuvor ekanligi, ulardagi semik farqlarning e’tiborga olinishida frazeologik birliklarning semasiologik talqini zarurligi asoslangan;
o‘zbek tilining umumiy izohli lug‘atlaridagi frazeologik polisemiyani farqlashning semantik, morfologik va sintaktik mezonlari lingvistik jihatdan asoslanib, frazeologizmlarni til korpuslarida berish, uni boshqa til birliklaridan grammatik, semantik jihatdan farqlash zarurati va tokenlash, lemmalash hamda parsing yo‘llari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek tili frazeologizmlarining semantik, polisemantiklik xususiyatlari tahlili, leksikografik talqini bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
o‘zbek tilining umumiy izohli lug‘atlaridagi frazeologik polisemiyani farqlashning semantik, morfologik va sintaktik mezonlari lingvistik jihatdan asoslanib, frazeologizmlarni til korpuslarida berish, uni boshqa til birliklaridan farqlashga doir xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 20 oktyabrdagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6084-son farmonining amalga oshirish dasturida belgilangan milliy leksikografiyani rivojlantirishga doir topshiriqlar ijrosini ta’minlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamentining 2021 yil 20 oktyabrdagi 30/1-3850-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek tilining frazeologik lug‘atini takomillashtirish, milliy til korpusida polisemantik frazeologizmlar lug‘atining elektron variantini yaratish sohasiga doir vazifalarni belgilashda muayyan darajada xizmat qilgan;
o‘zbek tilidagi polisemantik frazeologizmlarning leksikografik talqinida o‘zbek formal leksikologiyasi yutuqlari ustuvor ekanligi, ulardagi semik farqlarning e’tiborga olinishida frazeologik birliklarning semasiologik talqiniga oid tahlil va xulosasidan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy tadqiqot institutida bajarilgan FA-F1-G003 raqamli “Hozirgi qoraqalpoq tilida funksional so‘z yasalishi” mavzusidagi fundamental tadqiqot loyihasining frazilologik birliklar qismini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining 2022 yil 17 fevraldagi 17-02/03-son ma’lumotnomasi). Natijada qoraqalpoq adabiy tilida funksional so‘z yasalishi bilan bog‘liq tahlillarning asoslanishi ta’minlangan;
o‘zbek tili frazeologik polisemiyasining tadqiqi, barqaror birikma sifatidagi leksik-sintaktik xususiyat va vazifalariga yuzasidan amalga oshirilgan tahlil va xulosalaridan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy tadqiqot institutida bajarilgan FA-F1-G007 raqamli “Qoraqalpoq naql-maqollari lingvistik tadqiqot ob’ekti sifatida” mavzusidagi ilmiy-amaliy loyihasida belgilangan vazifalarni bajarishda foydalanilgan (O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining 2022 yil 17 fevraldagi 17-02/03-son ma’lumotnomasi). Natijada qoraqalpoq naql-maqollari talqini va leksikografik tavsiflarining mukammallashuviga xizmat qilgan;
o‘zbek tili frazeologik polisemiyasining leksikografik talqini, izohli lug‘atlardagi tavsiflanishi bilan bog‘liq amaliy tavsiyalaridan Davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasidagi 2020-2021-yillarga mo‘ljallangan I-OT-2019-42 raqamli “O‘zbek va ingliz tillarining elektron poetik lug‘atini yaratish” mavzusidagi innovatsion loyihada belgilangan vazifalarni bajarishda foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat shhzbek tili va adabiyoti universitetining 2022 yil 25 fevraldagi 04/1-362-son ma’lumotnomasi). Natijada polisemantik, sinonimik munosabatli iboralarning tarjima bilan bog‘liq leksikografik tavsiflarini mukammallashtirish, semantik xususiyatlarini izohlashga hissa qo‘shilgan;
o‘zbek tilidagi iboralar va ularning nutq jarayoni bilan bog‘liq holda yuzaga chiqadigan ma’no va vazifalariga doir kuzatish, tahlil va xulosalaridan Xorazm viloyati teleradiokompaniyasining “Assalom, Xorazm” ko‘rsatuvini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Xorazm viloyati teleradiokompaniyasining 2022 yil 18 mart 05-6/70-son ma’lumotnomasi). Natijada ko‘rsatuv jarayonida o‘zbek tili iboralarini nutq tabiatiga mos ravishda tanlash va qo‘llash, boshlovchilar nutqining badiiy-ta’siriy imkoniyatlarini ta’minlashga hissa qo‘shilgan.