Elova Umida Ro‘zimurodovna
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «H.U. Longfelloning “Hayavata haqida qo‘shiq” romantik dostonining tarixiy-madaniy va lingvopoetik jihatlari va ularni tarjimada saqlash imkoniyatlari», 10.00.06 - Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.1/PhD/Fil826.
Ilmiy rahbar: Tuxtasinov Ilhomjon Madaminovich, pedagogika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat chet tillar instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat chet tillar instituti, PhD.03/30.12.2019.Fil/Ped83.01.
Rasmiy opponentlar: Xayrullaev Xurshid Zaynievich, filologiya fanlari doktori (DSc), dotsent; Maxmudova Nargiz Alimovna, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi H.U.Longfelloning “Hayavata haqida qo‘shiq” dostonining tarixiy-madaniy, lingvopoetik jihatlarini aniqlash, tarjima matnini ilmiy-nazariy jihatdan ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
“hayavata haqida qo‘shiq” romantik dostonining o‘zbek tiliga tarjimalari lingvopoetik tahlilga tortilib, asarning diniy, indvidual shaxsga oid, ma’naviy kabi tarixiy-madaniy asoslari va manbalari ochib berilgan;
poetik asarlar tarjimasida fonemik, so‘zma-so‘z, satrma-satr, qofiyali, nazmdan-nasrga hamda qofiyasiz tarjima metodlarini qo‘llash orqali badiiy-estetik bo‘yoqdorlikni saqlab qolish imkoniyatlari asoslangan;
“hayavata haqida qo‘shiq” dostonining tarjimasida uchraydigan sintaktik va leksik muammolarning sintaktik tuzilishini qayta yaratish, funksional ekvivalentlik, trasnliteratsiya, modulyasiya, eksplikatsiya kabi tarjima usullaridan foydalanish orqali bartaraf etish mumkinligi dalillangan;
she’riy matn tarjimasining sintaktik, leksik-semantik va stilistik xususiyatlarini tadqiq etishda, adekvat she’riy tarjimaning transformatsiya, so‘z qo‘shish, qayta joylashtirish, so‘z tushirib qoldirish usullari ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. H.U.Longfello romantik poemalarining o‘zbek tiliga qilingan tarjimalarini lingvopoetik jihatdan tahlil etish jarayonida olingan ilmiy natijalar asosida:
H.U.Longfelloning asarlaridagi o‘ziga xos obrazlarning o‘zbek adabiyotida badiiy talqini, XIX asr ingliz gumanistik adabiyoti extiyojlari, romantizm davri kishilarning ichki orzu umidlari timsoli sifatida tasvirlangani hamda H.U.Longfello romantik poemalarining I. Bunin va A.Abdurazzoq kabi shoir-tarjimonlar tomonidan amalga oshirilgan tarjimalarining lingvopoetik tahlili bo‘yicha olingan xulosalar I-204-4-5 “Ingliz tili mutaxassislik predmetlaridan axborot-kommunikatsion texnologiyalari asosida virtual resurslar yaratish va o‘quv jarayoniga joriy etish” nomli innovatsion tadqiqot loyihasida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2021 yil 27 yanvardagi 231/30.02.01-son ma’lumotnomasi). Natijada, H.U.Longfelloning “Hayavata haqida qo‘shiq” dostonida Hayavata obrazining jasorati, diyonati, qat’iyatliligi, odilligi, mehnatsevarligi o‘z xalqiga otalarcha g‘amxo‘rligi, e’tiqotli qabila boshi sifatida ijobiy talqin etilgani xaqidagi ilmiy natijalarning qo‘llanilishi buyuk siymolarning badiiy matnda aks etishi va ularni tahlil etish hamda chuqur o‘rganish imkonini bergan;
Sharq va Evropa tamaddunlari o‘rtasidagi dialogning, shuningdek, ingliz romantizm adabiyoti yorqin vakili H.U.Longfelloning romantizm uslubidagi asarlarining o‘zbek tiliga qilingan tarjimalari lingvopoetik tahlilining o‘ziga xos jihatlarini ochib berishga oid xulosalardan OT-F1-69 “Sankt-Peterburg qo‘lyozmalar instituti va TDShI huzuridagi Sharq qo‘lyozmalar markazida saqlanayotgan Xorazm adabiy manbalarining kompleks tadqiqi” mavzusidagi fundamental ilmiy tadqiqot loyihasini bajarishda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 25 fevraldagi 89-03-801-son ma’lumotnomasi). Natijada, H.Longfello romantik poemalari tarjimalarining lingvopoetik tahlili tarixiy sharoit va adabiy hayotda madaniyatlararo dialog masalalarini yoritishga ma’lum darajada xizmat qilgan va ingliz tilidan o‘zbek tiliga qilingan bevosita tarjimalarni qiyoslash imkoniyati paydo bo‘lgan;
H.U.Longfello romantik poemalari (“Giperion”, “Oqshom ovozi”, “Hayavata haqida qo‘shiq” asarlari, “Kavana”, “Maylz Stendish sovchiligi” poemalari)ning I.Bunin, A.Abdurazzoq kabi shoir-tarjimonlar tomonidan amalga oshirilgan tarjimalarining lingvopoetik tahlili bo‘yicha olingan xulosalardan I-204-4-5 “Ingliz tili mutaxassislik predmetlaridan axborot-kommunikatsion texnologiyalari asosida virtual resurslar yaratish va o‘quv jarayoniga joriy etish” nomli innovatsion tadqiqot loyihasida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 25 fevraldagi 89-03-801-son ma’lumotnomasi). Natijada, lingvopoetik tahlil xulosalari “Tarjimashunoslikka kirish”, “Tarjima nazariyasi va amaliyoti”, “Badiiy tarjima”, “Adabiyotshunoslik”, “Adabiyot nazariyasi” kabi fanlarning nazariy hamda amaliy masalalarini boyitishga va yangicha yondashuvlar imkoniyatlarini ochib berishga asos bo‘lgan;
o‘zbek tilini o‘qitishda ingliz tili she’riyatining o‘rni (H. Longfello sheriyati misolida), asliyat va tarjima matnlarning tarixiy-qiyosiy, qiyosiy-tipologik, lingvistik va poetik tahlili bo‘yicha olingan natijalar Jizzax viloyat teleradiokompaniyasining “Assalom Jizzax” ma’rifiy-badiiy dasturini tayyorlashda foydalanilgan (Jizzax viloyat teleradiokompaniyasining 2 dekabrdagi 2020 yildagi 02-08/924-son ma’lumotnomasi). Natijada, ko‘rsatuv mazmun-mundarijasining ilmiy-ommabopligi ta’minlangan hamda yangi manbalar bilan boyigan.