Rasulov Baxtiyor Maxmudjonovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekistonda kollektivlashtirish jarayonidagi siyosiy qatag‘onlar va surgun qilingan dehqonlar ahvoli (1929–1959 yy.)”, 07.00.01–O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari)
Dissertatsiya mavzusi ruyxatga olingan raqami: B2017.1.DSc/Tar.20.
Ilmiy maslahatchi: Shamsutdinov Rustambek Temirovich, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.7.06.2017.Tar.01.04.
Rasmiy opponentlar: Agzamxodjaev Saidakbar Saidovich, tarix fanlari doktori, professor; Xasanov Baxtiyor Vaxapovich, tarix fanlari doktori, professor; Koygeldiev Mambet Kuljabaevich, tarix fanlari doktori, akademik.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: XX asrning 20–50-yillarida O‘zbekistondagi kollektivlashtirish jarayoni, undagi siyosiy qatag‘onlar, dehqonlarning surgundagi ahvoli, ikkinchi jahon urushida fashizmga qarshi kurashi va surgundan ozod qilish tarixini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
kollektivlashtirish O‘zbekiston qishloqlarida asrlar davomida shakllangan dehqonchilik an’analari, aholining milliy mentaliteti, diniy dunyoqarashiga tamomila zidligi bois, norozilik harakatlarida barcha ijtimoiy qatlam vakillarining ishtiroki o‘z-o‘zidan tashkillanish xususiyatiga ega bo‘lganligi ochib berilgan;
mustabid tuzum kollektivlashtirish va quloqlashtirish siyosatiga xayrixoh bo‘lmagan dehqonlarga nisbatan “mushtumzo‘r” – mafkuralashgan siyosiy atamasini qo‘llash orqali salbiy zo‘ravon qiyofasini yaratganligining mohiyati ochib berilgan va kulak, mushtumzo‘r, quloq siyosiy atamalarining o‘zaro transformatsiyasi xronologik tartibda isbotlangan;
kollektivlashtirish, quloqlashtirish va surgun siyosatining O‘zbekistonga tatbiqida Markazning vakolatli organlari, mahalliy partiya va sovet organlari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatdagi bog‘liqlik tarixiy rakursda tizimli tarzda tahlil qilingan va aynan bitta ayb bilan surgun qilingandan tashqari, O‘zbekiston, Ukraina, Shimoliy Kavkaz va Shimoliy Qozog‘istondagi mehnat posyolkalarida ikkinchi bor, GULAG lagerlarida esa uchinchi marta qatag‘on qilinishi sabablari ochib berilgan;
Ikkinchi jahon urushi arafasida sobiq quloqlarning aksariyati mavjud siyosiy rejimga ko‘nikishga majbur bo‘lgani, 1941–1945 yillarda umuminsoniy va milliy qadriyatlarga sodiq qolib fashizmga qarshi kurashda frontda ko‘rsatgan jasorati va front ortidagi fidokorona mehnatlari yoritib berilgan;
oilaviy surgun O‘zbekiston qishloqlaridagi infrastrukturani tubdan o‘zgartirganligi, dehqonlarning O‘rta Osiyoning ichki hududlari, Shimoliy Kavkaz, Ukraina va Shimoliy Qozog‘istonga surgun qilinishi sabablari qiyosiy tahlil qilingan, shuningdek, yoshlar, mehnat qobiliyatini yo‘qotganlardan tashqari surgundan ozod qilinganlarning vatanga qaytish jarayoni sovet qonunchiligidagi ziddiyatlar tufayli 1959 yilgacha davom etganini ko‘rsatuvchi nochiziqli dinamika asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekistonda kollektivlashtirish jarayonidagi siyosiy qatag‘onlar va surgun qilingan dehqonlar ahvoli bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
mustabid sovet tuzumining kolxoz qurilishi siyosatidan norozi bo‘lgan nafaqat yirik er egalari, balki ishlab chiqarish vositasiga ega bo‘lgan, belgilangan tartibda yollanma mehnatdan foydalangan o‘rtahol, hatto kambag‘al dehqon va ulamolarni ham siyosiy sabablarga ko‘ra saylov huquqidan mahrum qilinganlar ro‘yxatiga kiritib, mol-mulkidan mahrum etib, oilaviy surgun qilishda kulak, mushtumzo‘r va quloq siyosiy atamalaridan foydalanganligi va ularning o‘zaro transformatsiyasi bo‘yicha ilmiy natijalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008 yil 5 maydagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi” faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi PQ-861-sonli Qaroriga muvofiq O‘zR FA “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyining “Sovet hokimiyatining kollektivlashtirish va quloqlashtirish siyosati, uning fojiali oqibatlari (1930-1936-yillar)” mavzuidagi 5-bo‘limini qayta shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyining 2017 yil 26 oktyabrdagi № 209-son ma’lumotnomasi). Qo‘llanilgan natijalar mazkur davrni faktik materiallar, manbalar va ma’lumotlar bilan to‘ldirishga ko‘mak berib, Vatan va yurt ozodligi uchun kurashgan, qatag‘on qilingan ajdodlarimiz qismatini ilmiy asosda yoritishga xizmat qilgan.
O‘zbekiston qishloqlarida asrlar davomida shakllangan ijtimoiy munosabatlar nazar-pisand qilinmasdan zo‘ravonlik, ma’muriy buyruqbozlikka asoslangan yoppasiga kollektivlashtirish siyosatiga, “quloqlashtirish”dagi qonunbuzarliklarning yuz berishiga hamda inson huquq va erkinliklarini o‘ta qo‘pol ravishda poymol qilinishiga nisbatan ommaviy chiqishlarning oshkora (arizalar, yig‘ilishlar, namoyishlar, ayollarning norozilik chiqishlari) va yashirin (chorva mollari, ish hayvonlarini sotib yuborish va so‘yish, kambag‘allarga tarqatish, xorijga haydab ketish) shaklda namoyon bo‘lishiga oid ilmiy xulosalar, chop etilgan hujjat va materiallar to‘plamidagi manbalaridan Farg‘ona, Andijon, Namangan o‘lkashunoslik muzeylari va Marg‘ilon shahar tarixi muzeyining “Sovet hokimiyatining kollektivlashtirish va quloqlashtirish siyosati, uning fojiali oqibatlari” mavzuidagi ekspozision rejalarini tuzish va ekspozisiyani to‘ldirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2017 yil 25 oktyabrdagi № 01-11-04-5216-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijasida to‘plangan hujjat va materiallarni muzey ekspozisiyalarida namoyish qilinishi vatandoshlarimizning hurmati va xotirasini joyiga qo‘yishdek mas’uliyatli vazifani bajarishga xizmat qilmoqda.
mustabid sovet tuzumining O‘zbekistonda kollektivlashtirish va quloqlashtirish siyosatining maqsadi, amaliyoti va oqibatlariga oid ilmiy natijalardan IFA-2012-1-4 - sonli “O‘zbekistonning sovet davridagi tarixi (1917-1991 yillar). 2-jild” mavzusidagi innovatsion loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix institutining 2017 yil 10 noyabrdagi №1/3-335-son ma’lumotnomasi). Ushbu kitob sovet davri haqida O‘zbekistonda yaratilgan dastlabki jiddiy ilmiy fundamental tadqiqot hisoblanadi.
O‘zbekistonda sovet davridagi quloqlashtirish, surgun siyosati qurbonlarining taqdirini o‘rganish, xotirasini tiklashga oid tadqiqotlar tahlili bo‘yicha ilmiy xulosalar O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining Andijon viloyat teleradiokanalida 2017 yil 5 may kuni efirga uzatilgan “Nigoh”, 2017 yil 27 iyun` kuni namoyish qilingan “Munosabat” va 2017 yil 30 avgust kungi “Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni”ga bag‘ishlangan “Kun mavzusi” ko‘rsatuvlarining ssenariysini tuzish va ularni tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining Andijon TRKning 2017 yil 26 oktyabrdagi №20-24/252-son ma’lumotnomasi). Ularda ta’qib va tazyiqqa uchragan minglab dehqon oilalarining taqdirida ayanchli iz qoldirgan tarixiy haqiqatlar teletomoshabinlarga ta’sirli etkazilib, bugungi mustaqil yurtimizdagi obod va farovon hayotning qadriga etish, shukronalik tuyg‘usining shakllanishi va mustahkamlanishiga xizmat qilgan.