Djurakulov Xusan Anvarovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Zamonaviy ekoturizm rivojida shaxs ekologik huquqiy ongini yuksaltirish zaruriyati”, 09.00.04 – Ijtimoiy falsafa (falsafa fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1.DSc/Fal81.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti, DSc.03/30.12.2019.F.02.02.
Ilmiy maslahatchi: Yaxshilikov Jo‘raboy Yaxshilikovich, falsafa fanlari doktori, professor.
Rasmiy opponentlar: Saidqosimov Akbar Isaxanovich, falsafa fanlari doktori, professor; Pardaev Mamayunus Qarshibaevich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Norqulov Suxrob Dustmuratovich, falsafa fanlari doktori (DSc), professor.
Yetakchi tashkilot: Urganch davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi zamonaviy ekoturizm rivojida shaxs ekologik huquqiy ongini yuksaltirishning konstruktiv ahamiyatini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ekoturizm ichki imkoniyatlarini oshirishga bog‘liq bo‘lgan ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirishda hududiy joylashuv, aholining yashash tarzi, madaniyati, urf-odati va an’analariga oid milliy mental xususiyatlarini hisobga olish zarurligi mantiqiy dalillangan;
shaxs ekologik huquqiy ongini yuksaltirishda kasbiy ekologik ehtiyojni determinlashtiruvchi ekologik kasbiy bilim, tajriba, malaka va ko‘nikma singari atributiv kategoriyalar asoslangan;
ekoturistik muhit muvozanatini saqlash tamoyillari milliy va umuminsoniy qadriyatlar uyg‘unligi kon`yukturasining axloqiy xulq-atvor mezonlari bilan o‘zaro dialektik bog‘liqligi aniqlangan;
shaxs ekologik huquqiy ongini shakllantirish orqali ekoturizmning ijtimoiy-elitar va xususiy-korporotiv konturlarini takomillashtirish zarurati falsafiy jihatdan isbotlangan;
shaxs ekologik huquqiy bilimini rivojlanish dinamikasiga ta’sir etuvchi ehtiyoj, faollik kabi omillarning maqsadga ko‘ra individual, jamoaviy va sababiga ko‘ra odatiy, ilmiy, kasbiy ekologik huquqiy ong turlarini keltirib chiqarishining ijtimoiy zarurati aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Mamlakatimizda zamonaviy ekoturizm rivojida shaxs ekologik huquqiy ongini yuksaltirish zaruriyati bilan bog‘liq olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
ekoturizm ichki imkoniyatlarini oshirishning milliy mental xususiyatlariga oid ilmiy xulosalar, taklif-tavsiyalardan O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining «Yashil makon» umummilliy loyihasini hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 30 dekabrdagi PQ-76-son Qarori bilan tasdiqlangan «Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni qayta tiklash sohasini hamda ekologik nazorat tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»da belgilangan «Ekologik kodeks» loyihasini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2022 yil 16 maydagi 02-02/1-631-son ma’lumotnomasi). Natijada shaxs ekologik huquqiy ongini yuksaltirishga oid nazariy xulosalar, amaliy taklif va metodologik tavsiyalar Respublikamiz tabiiy atrof-muhitining barqarorlashuvini ta’minlashga xizmat qilgan;
shaxs ekologik huquqiy ongini yuksaltirishda kasbiy ekologik ehtiyojni determinlashtiruvchi atributiv kategoriyalar asoslanganligiga oid taklif va tavsiyalardan 2017-2020 yillarda bajarilgan OT-F1-95 raqamli «Fanlararo yondashuvning murakkab tizimlarni tadqiq etishdagi imkoniyat va istiqbollari» mavzusidagi fundamental loyihada belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda foydalanilgan (Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universitetining 2022 yil 26 maydagi 04/11-2973-son ma’lumotnomasi). Natijada fundamental grant loyihasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga va mamlakatimiz fuqarolarining tabiatga bo‘lgan ekologik qarashlarini kengaytirishga xizmat qilgan;
ekoturistik muhit barqarorligini ta’minlashda milliy va umuminsoniy qadriyatlar uyg‘unligi kon`yukturasi matematik model asosida aniqlanganligiga oid ilmiy-nazariy taklif va tavsiyalardan O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligining «2019-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini rivojlantirish» Konsepsiyasi loyihasini, 2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»ni va «turizmni rivojlantirishning 2030 yilgacha mo‘ljallangan strategiyasi» loyihasini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligining 2022 yil 11 apreldagi 18-18/960-1-son ma’lumotnomasi). Natijada Respublika aholisining turizm ichki imkoniyatlari, ayniqsa, ekoturizmni rivojlantirish bilan bog‘liq jarayonlarni optimallashtirishga va undan oqilona foydalanish hissini shakllantirishga xizmat qilgan;
shaxs ekologik huquqiy ongini shakllantirish asosida ekoturizm konturlarini takomillashtirish strategiyasini ishlab chiqish zaruriyatiga doir ilmiy asoslangan xulosalar, taklif va tavsiyalardan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi tomonidan moliyalashtirilgan va Qarshi davlat universiteti qoshidagi «Zamon» mintaqaviy tadqiqot markazida 2018-2019 yillarda bajarilgan «Qashqadaryoning turistik salohiyati – global tarmoqda» mavzusidagi 49-10/133-raqamli amaliy loyihada belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda foydalanilgan (Qarshi davlat universitetining 2022 yil 11 apreldagi 04/1661-son ma’lumotnomasi). Natijada respublikamiz yoshlarining turizm, xususan, ekoturizmga bo‘lgan qiziqishlarini yanada rivojlantirishga xizmat qilgan;
shaxsda ekologik huquqiy bilimlarning rivojlanish dinamikasiga ta’sir etuvchi ijtimoiy omillarga doir ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi «O‘zbekiston» teleradiokanali» tomonidan 2022 yilda efirga uzatilgan «Jarayon» eshittirishining dastur ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi «O‘zbekiston» teleradiokanali» davlat muassasasining 2022 yil 15 apreldagi 04-35765-son ma’lumotnomasi). Natijada har bir shaxsda ekologik huquqiy bilimlarni oshirishga xizmat qilgan.