Radjabov Ozodbek Aminboevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekistonda temir yo‘llar tarixi (1925-1945 yy.)”, 07.00.01. – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.4.PhD/Tar745.
Ilmiy rahbar: Shadmanova Sanavar Bazarbaevna, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.Tar.01.04.
Rasmiy opponentlar: Oblomurodov Naim Xalimovich, tarix fanlari doktori, professor; Tog‘aeva Anoroy Zayniddinovna, tarix fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi 1925-1945 yillarda O‘zbekistonda temir yo‘l transporti tarixi va sohada yuz bergan o‘zgarishlarni ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
1925-1945 yillarda temir yo‘llar sohasini takomillashtirish uchun mablag‘ ajratilishi, magistral, tranzit, mahalliy ahamiyatga molik temir yo‘l tarmoqlari va shahobchalarining ta’mirlanishi (Samsonovo-Termiz, Fedchenko-Shahrixon, Fedchenko-Andijon-Qo‘qonqishloq, Andijon I-Chinobod) hamda yangilarining (Samarqand-Urgut-Panjikent, Andijon II-Qo‘qonqishloq, Toshkent-Angrenko‘mir, Toshkent-Tovar stansiyasi) barpo etilishi natijasida asosan Markaz manfaatlariga javob beruvchi temir yo‘l yo‘nalishlarining iqtisodiy samaradorligi oshib borganligi ochib berilgan;
temir yo‘l tarmoqlari orqali respublika hududidan arzon xomashyo mahsulotlari (asosan, paxta tolasi, foydali qazilmalar, meva-sabzavotlar) tashib ketilib, asosiy e’tibor Farg‘ona vodiysining yirik paxtakor rayonlari va foydali qazilmalarga boy Qashqadaryo, Surxondaryo hududlaridan o‘tuvchi magistral` tarmoqlarga qaratilib, xomashyo etishtirish sur’ati past iqtisodiy rayonlarga etarlicha ahamiyat berilmasligi oqibatida hududlarning temir yo‘l izlari bilan qamrab olinishi va rivojlanishida nomutanosibliklar vujudga kelganligi aniqlangan;
temir yo‘l tarmoqlarida yuk va yo‘lovchi tashish masalasi respublika aholisining talab va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda emas, balki BKP(b) ning rejalari asosida amalga oshirilishi va qatnov jarayonlarining iqtisodiy samaradorligi respublikadan qancha mahsulot tashib ketilganligi bilan baholanishi natijasida tarmoqdagi bozor mexanizmining izdan chiqqanligi va moliyaviy hisobotlar to‘g‘ri yuritilmaganligi sababli sohaning ta’mirlanishi uchun ajratiladigan mablag‘lar miqdorining kamaya borishi hamda ta’mir materiallarining o‘z vaqtida etkazilmasligi tarmoq faoliyatida uzilishlarga olib kelganligi asoslangan;
sohada kadrlar tayyorlashning muayyan tizimi yo‘lga qo‘yilmaganligi, mahalliy millat vakillarini tarmoqqa jalb etish masalasiga etarlicha e’tibor qaratilmaganligi oqibatida ikkinchi jahon urushi yillarida temir yo‘l tarmog‘ida mutaxassislar etishmovchiligi yaqqol ko‘zga tashlanganligi dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekistonda temir yo‘llar tarixi (1925-1945 yy.) mavzusida olib borilgan ilmiy tadqiqot natijalari asosida:
O‘zbekiston SSR tashkil topgach, BKP(b) MQ tomonidan xalq xo‘jaligining boshqa tarmoqlari singari temir yo‘llar sohasini takomillashtirish borasida dastlabki qadamlar tashlanganligi, magistral, tranzit, mahalliy ahamiyatga molik temir yo‘l tarmoqlari va shoxobchalarining ta’mirlanishi (Samsonovo-Termiz, Fedchenko-Shahrixon, Fedchenko-Andijon-Qo‘qonqishloq, Andijon I-Chinobod), yangilarining barpo etilishi (Samarqand-Urgut-Panjikent, Andijon II-Qo‘qonqishloq, Toshkent-Angrenko‘mir, Toshkent-Tovar stansiyasi) kabilarning iqtisodiy samaradorligi, sovet tuzumi davrida temir yo‘l tarmoqlari orqali respublika hududidan arzon xomashyo mahsulotlari (asosan, paxta tolasi, foydali qazilmalar, meva-sabzavotlar)ning tashib ketilishi, eski temir yo‘l shaxobchalarning ta’mirlanishi, yangi liniyalarning barpo etilishi aholi turmush darajasiga, respublika mahalliy iqtisodiyotiga sezilarli ijobiy ta’sir ko‘rsatganligi, temir yo‘l tarmoqlarida yuk va yo‘lovchi tashish masalasi respublika aholisining talab va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda bo‘lmaganligi kabi natijalardan “O‘zbekiston Temir Yo‘llari” Aksiyadorlik Jamiyatining chora-tadbirlar rejalarini ishlab chiqishda foydalanilgan (“O‘zbekiston Temir Yo‘llari” Aksiyadorlik Jamiyatining 2022 yil 15 martdagi 01/1230-22-son ma’lumotnomasi). Ushbu ma’lumotlar O‘zbekiston temir yo‘llari tizimidagi tashkilotlar tomonidan olib borilayotgan respublikadagi temir yo‘l tarmoqlarini kengaytirish va temir yo‘lchilik an’analarini tiklashga qaratilgan tadqiqotlarini ilmiy manbalar bilan boyitishga xizmat qilgan; 
 1925-1945 yillarda O‘zbekiston temir yo‘llaridagi o‘zgarishlar, yangi harakatlanish liniyalarining ochilishi, eski temir yo‘l tarmoqlarining ta’mirlanishi, temir yo‘llar tizimining moliyaviy ahvoli, temir yo‘l tarmoqlariga aloqador infratuzilma masalalari, temir yo‘llar orqali respublikaga olib kelingan turli mahsulotlar va O‘zbekistondan tashib ketilgan xomashyo turlari, temir yo‘llar tarmog‘idagi kadrlar masalasi, aholining temir yo‘llardan foydalanishi dinamikasi, yo‘lovchi tashish va ularga xizmat ko‘rsatish madaniyatining ahvoli, temir yo‘l tarmog‘i xodimlarining ijtimoiy himoyasi masalasi, temir yo‘llar qurilishi jarayonlari va unda ishtirok etgan ishchilarning yosh va jins tarkibi tahlil qilib chiqilganligi kabi natijalardan “O’zbekiston tarixi” telekanalining “Etno” ko‘rsatuvi ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining 2021 yil 9 dekabrdagi 02-40-1845-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi teletomoshabinlarda sobiq sovet davrida temir yo‘llar holati to‘g‘risidagi tasavvurlarini boyitishga xizmat qilgan. 

Yangiliklarga obuna bo‘lish