Turdimetov Shaxobiddin Muxitdinovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Mirzacho‘l vohasi tuproqlari va ular unumdorligini dukkakli-don va em-xashak ekinlari ekish orqali oshirish», 06.01.03 – Agrotuproqshunoslik va agrofizika (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.DSc/B105.
Ilmiy maslahatchi: Urazbaev Ismatulla Ummatovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Guliston davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti huzuridagi DSc.25/30.12.2019.Qx/B.43.01 raqamli ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Yuldashev Gulam, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Tashkuziev Ma’ruf Mansurovich, biologiya fanlari doktori, professor; Xalikulov Shodi Turdikulovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Mirzacho‘l vohasi tuproqlarining xossa-xususiyatlarida sug‘orish natijasida yuz bergan o‘zgarishlarni aniqlash, tuproq unumdorligini oshirishda dukkakli-don va em-xashak ekinlarining ta’sir mexanizmlarini ilmiy asoslash hamda tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tuproqlar morfologik belgilarining dastlabki o‘zlashtirilgan davrga nisbatan o‘zgarganligi va bunda gumus, gips va karbonatlarning quyi qatlamlar tomon yuvilganligi asoslangan;
hudud sug‘oriladigan tuproqlari xossa-xususiyatlarini davr va makondagi holatini qiyosiy taqqoslash asosida avtomorf tuproqlardan yarim gidromorf tuproqlarga transformatsiyalanganligi aniqlangan;
makon va zamonda (davriylik: 20-50-80 yil oralig‘i) tuproqlarning fizik va suv-fizik xossalaridagi o‘zgarish (mexanik tarkibining og‘irlashishi, zichligi, maksimal gigroskopikligi va nam sig‘imining ortib borishi) mexanizmi ochib berilgan;
dukkakli-don va em-xashak ekinlari tuproqlarning unumdorligiga ijobiy ta’sir qilib, ushbu ekinlardan so‘ng etishtirilgan g‘o‘za (vikadan so‘ng 0,8 s/ga, no‘xatdan so‘ng 2,8 s/ga) va kuzgi bug‘doy hosili (sudan o‘tidan so‘ng 3,28 s/ga va vikadan so‘ng 7,0 s/ga) ortganligi aniqlangan;
Mirzacho‘l sharoitida dukkakli-don ekinlaridan no‘xat va vika ekini tuproqlarning agrokimyoviy (azot va fosfor) ko‘rsatkichiga, em-xashak ekinlaridan beda umumfizik (zichligi va g‘ovakligi) xossalariga, esparset ekini esa meliorativ holatiga (xlor ioni 2 barobarga kamaygan) ijobiy ta’siri asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Mirzacho‘l vohasi tuproqlari va ularning unumdorligini dukkakli-don va em-xashak ekinlari ekish orqali oshirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
«Mirzacho‘l vohasi tuproqlari holati va ular unumdorligini dukkakli-don, em-xashak ekinlar etishtirish orqali oshirish usullari bo‘yicha tavsiyalar» Sirdaryo viloyati qishloq xo‘jaligi boshqarmasida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 27 sentyabrdagi 02/022-3912-son ma’lumotnomasi). Natijada, viloyatdagi mavjud dehqon va fermer xo‘jaliklari sug‘oriladigan tuproqlari unumdorligini saqlash, qayta tiklash, oshirish hamda qishloq xo‘jaligi ekinlaridan yuqori hosil olish uchun majmuaviy agrotexnik, agrokimyoviy, agromeliorativ tadbirlarni amalga oshirishda qo‘llanma sifatida xizmat qilgan;
no‘xatning sho‘rga chidamli «Malxotra» va «Halima» navlarini etishtirish asosida tuproq xossalarini yaxshilash agrotexnologiyasi Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumanidagi «Quvonboy chorvasi» va «Murod» fermer xo‘jaliklarining 5 gektar er maydonida amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 27 sentyabrdagi 02/022-3912-son ma’lumotnomasi). Natijada, tuproqlarning agrokimyoviy ko‘rsatkichlariga va ekinlar hosiliga ijobiy ta’sir qilgan, jumladan, tuproqlar tarkibidagi nitrat shaklidagi azot miqdori 15,7 mg/kg dan 19,7 mg/kg (25,4%), harakatchan fosfor 16,6 mg/kg dan 22,5 mg/kg (35,4 %), almashinuvchi kaliy esa 293 mg/kg dan 303 mg/kg (3,4%) gacha ortgan, shuningdek, no‘xatdan so‘ng ekilgan g‘o‘zadan 2,8 s/ga, kuzgi bug‘doydan 6,1 s/ga qo‘shimcha hosil olishga hamda rentabelligi esa 22,1 foizga ortishiga  erishilgan;
esparset ekinini ekish orqali sug‘oriladigan tuproqlarning sho‘rlanish darajasini kamaytirish agrotadbiri Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumani «Ulug‘bek Doston» va «Malik bobo» fermer xo‘jaliklarining 18 gektar er maydonida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 27 sentyabrdagi 02/022-3912-son ma’lumotnomasi). Natijada, esparset ekinidan so‘ng tuproqlarning 0-30 sm qatlamida quruq qoldiq miqdori 0,669 foizdan 0,605 foizgacha, xlor miqdori 0,079 foizdan 0,031 foizgacha kamayishi hisobiga g‘o‘zadan 3,1 s/ga, kuzgi bug‘doydan 5,8 s/ga qo‘shimcha hosil olish imkonini bergan;
em-xashak ekinlarini etishtirish orqali sug‘oriladigan tuproqlarning agrofizik xossalarini yaxshilash tadbiri Sirdaryo tumanidagi «Amir Temur» (20 ga) va «Malik bobo» (23 ga), Xovos tumanidagi «Nurbek Tillabekov» (5 ga) va «Ma’ruf Amanboevich» (7 ga) hamda Guliston tumanidagi «Beshbuloqlik Zikiyo tuhfasi» (13 ga) va «Yoshlik» (17 ga) fermer xo‘jaliklarining jami 85 gektar er maydonida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 27 sentyabrdagi 02/022-3912-son ma’lumotnomasi). Natijada, tuproqlar organik moddaga boyigan, donadorligi oshgan, tuproqlar 0-30 va 30-50 sm li qatlamlarining hajm massasi mos ravishda o‘rtacha 0,06 va 0,05 g/sm3ga kamaygan, g‘ovaklikligi esa aksincha mos ravishda 1,1% va 3,0 foizga oshish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish