Mo‘minov Xasan Aliqulovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «G.hirsutum L. madaniy navlarining genotiplarini boyitishda A1, A2 genomli turlaridan foydalanish», 03.00.09 - Umumiy genetika (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.DSc/V127.
Ilmiy maslahatchi: Abdullaev Abdumavlyan Abdullaevich, biologiya fanlari doktori, professor, akademik.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti, DSc 02/30.12.2019.B.53.01.
Rasmiy opponentlar: Nabiev Saydig‘ani Muxtorovich, biologiya fanlari doktori, professor; Axmedov Djamolxon Xodjaxonovich, biologiya fanlari doktori, professor; Boboev Sayfulla G‘afurovich, biologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: g‘o‘zaning A1, A2, AD1 genomli turlarini chatishtirish asosida olingan amfidiploidli duragay oilalarini qimmatli xo‘jalik belgilarining irsiylanishi, o‘zgaruvchanligi, korrelyasiyasini aniqlash natijasida genetik jihatdan boyitilgan yangi tizmalarini yaratish hamda amaliy seleksiyada qo‘llashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor A1 («G.herbaceum L.») va A2 («G.arboreum L.») genomli turichi vakillarining to‘liqligicha o‘zaro va turlararo duragaylanish imkoniyati, turichi va turlararo F1 duragaylarida changdonlar va chang donachalari soni belgilari ota-onalik shakllariga nisbatan oraliq hamda salbiy va ijobiy o‘ta dominantlik holatlarida irsiylanganligi, F1-F2 o‘simliklarida chang hayotchanligi yuqori ekanligi madaniy navlarga yovvoyi, ruderal, madaniy tropik shakllarining foydali belgi-xususiyatlarini o‘tkazish imkoniyati aniqlangan;
g‘o‘zaning F1C (G.hirsutum subsp. euhirsutum «Kelajak» navi x (F1 G.arboreum subsp. perenne x G.arboreum subsp. obtusifolium var. indicum) kombinatsiyasi ishtirokida olingan duragaylar urug‘lariga 0,01% kolxisin ta’sir etirish hisobiga geksaploidli va desinaptik ta’sirga ega (bivalentlar 37,72±0,13 ta va univalentlar 1,94±0,29 ta) o‘simliklarda genom mutatsiyasi yuz berganligi aniqlangan;
turlararo G.hirsutum subsp. euhirsutum «Kelajak» navi x [F1G.arboreum subsp. perenne x G.arboreum subsp. obtusifolium var. indicum] duragaylash va eksperimental poliploidiya uslublarini qo‘llash orqali yaratilgan amfidiploid duragaylarda qimmatli xo‘jalik belgilarning irsiylanishi, o‘zgaruvchanlik ko‘lami, korrelyativ bog‘liqligining gibridologik tahlili hamda klaster tahlil natijasida irsiy jihatdan boyitilgan yangi genotiplar olingan;
Fusarium oxysporum f.sp.vasinfectum, Fusarium solani, Verticillium dahliae Kleb. fitopatogen zamburug‘ shtammlariga chigit unuvchanligi bo‘yicha «Kelajak» navi chidamsiz va o‘rtacha chidamli 10,0-30,0 %, amfidiploid duragayi asosida olingan «T-8», «T-41», «T-59» tizmalari esa kuchli chidamli (90 %) ekanligi aniqlangan;
amfidiploid duragayi asosida olingan T-59 tizmasi andoza «S-6524» naviga nisbatan 8-11 kunga ertapishar, tola indeksi andoza (6,9) ga nisbatan yuqori (8,0) g, mikroneyr ko‘rsatkichi 4,1 andoza (4,9) mic, solishtirma uzilish kuchi 35,1 andoza (30,0) g.k/teks bo‘lgan “Mohinur” navi yaratilgan;
turlararo (G.hirsutum subsp. euhirsutum «Kelajak» navi x [F1G.arboreum subsp. perenne x G.arboreum subsp. obtusifolium var. indicum]) amfidiploid duragayi asosida olingan «T-5», «T-8», «T-13», «T-14», «T-41», «T-59» tizmalari tezpishar, tola indeksi, sifati yuqori hamda Fusarium oxysporum f.sp.vasinfectum, Fusarium solani, Verticillium dahliae Kleb. fitopatogen zamburug‘ shtammlariga kuchli chidamliligi aniqlanib, genetik-seleksion jarayonida qimmatli boshlang‘ich manba sifatida foydalanish mumkin ekanligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
G.hirsutum L. madaniy navlarining genotiplarini boyitishda A1, A2 genomli turlaridan foydalanish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
«Genofond 2» g‘o‘za navi 2020 yilda Jizzax viloyati Mirzacho‘l tumani Mirzacho‘l, Abay, Toshkent, Paxtazor, Mustaqillik kelajagi, Istiqlol, R.Xaydarov xududlarida 847,9 gektar maydonga, Sharof Rashidov tumanidagi X.Olimjon SIU va Oltinsoy SIU xo‘jaliklarida 182,2 ga, jami 1031,1 gektar maydonga joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 6 iyuldagi 02/22-04/4496 – son ia’lumotnomasi). Natijada ushbu navdan yuqori xosil olish imkonini bergan;
g‘o‘zaning «T-59» noyob introgressiv tizmasidan №FA-A8-T019 «G‘o‘zaning yangi adaptiv, qimmatli xo‘jalik belgilarni o‘zida mujassam etgan, tezpisharlik, hosildorlik va tola sifati ustuvorligida navlar yaratish va ko‘paytirish. Konkurs nav sinovini o‘tkazish» mavzusidagi loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2020 yil 23 noyabrdagi 4/1255-2607-son ma’lumotnomasi). Natijada, hosildor, tola chiqimi va ayniqsa, tolasining sifati yuqori bo‘lgan introgressiv rekombinant shakllar va turli stress omillarga chidamli navlar yaratish imkonini bergan;
«T-59» tizmasidan yaratilgan tezpishar, tola chiqimi va tola indeksi yuqori bo‘lgan o‘rta tolali «Mohinur» g‘o‘za navi Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi institutining «G‘o‘za genofondi» noyob ob’ekti kolleksiyasiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2020 yil 26 noyabrdagi 4/1255-2635-son ma’lumotnomasi). Natijada, kolleksiyani tezpishar, bitta ko‘sakdagi paxta vazni, tola chiqimi, tola indeksi, mikroneyr, solishtirma uzilish kuchi belgilari ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan va turli stress omillarga chidamli bo‘lgan yangi namunalar bilan boyitish imkonini bergan;
G.hirsutum L. madaniy navlarining genotiplarini boyitishda A1, A2 genomli turlaridan foydalanish bo‘yicha olingan natijalarga impakt faktorga ega bo‘lgan ilmiy jurnallarda, havolalar keltirilgan va g‘o‘zaning qimmatli xo‘jalik belgilarini irsiylanishini tahlil qilishda foydalanilgan (Scopus, Scientific Journal Impact Factor, Research Gate) (EPRA International Journal of Research and Development (IJRD), 2020, Vol. 5 Issue 3., SJIF, IF 6,260; EPRA International Journal of Research and Development (IJRD), 2019, Vol. 4 Issue 9., SJIF, IF 6,260; International Journal of Science and Research (IJSR), 2017, Vol. 5 Issue 9., Research Gate, IF 0,23). Natijada, g‘o‘zaning turichi va turlararo duragaylash asosida olingan o‘simliklarida qimmatli-xo‘jalik belgilari irsiylanishini asoslash imkonini bergan.