Mirxanova Gulandom Rustamovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbek tilining sinonim so‘zlar o‘quv lug‘atini tuzishning lingvistik asoslari”, 10.00.01 – O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.2.PhD/Fil549.
Ilmiy rahbar: Mengliev Baxtiyor Rajabovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa: Buxoro davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qarshi davlat universiteti, DSc.03/30.12.2021.Fil.70.01.
Rasmiy opponentlar: Bahriddinova Bashorat Ma’dievna, filologiya fanlari doktori, professor; Iskandarova Sharifa Mamadalievna, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘zbek tili sinonimlari o‘quv izohli lug‘atining tarkibiy qurilmasi, so‘zlikni shakllantirish va leksikografik talqin qilish mezonlarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
lug‘at maqola alohida tizim sifatida isbotlanib, o‘zaro ichki munosabatlarga (qator yadrosi, markazi, periferiyasi) asoslangan ma’nodoshlik paradigmasi, uning umumiy sharhi, paradigma a’zolari har birining leksikografik izohi hamda har bir sinonimga berilgan ta’rifni tasdiqlovchi illyustrativ materialdan iborat mikrosistema ekanligi aniqlangan;
sinonim so‘zlar o‘quv izohli lug‘ati tarkibiy qurilmasi, korpusi, lug‘at so‘zligi – ichki munosabatga asoslangan ma’nodoshlik paradigmalarini shakllantirish va ushbu tizimdan joy olishi mumkin bo‘lgan sinonimlar va illyustrativ havolani tanlash kabi mezonlari aniqlangan;
o‘zbek tilida yangi avlod sinonim o‘quv lug‘atlar tuzish, mega, makro, mikroqurilishini takomillashtirishda antropotsentrik leksikografiyaning innovatsion leksikografik an’analari, sinonimik qatorning leksikografik talqini pedagogik, psixologik, lingvodidaktik talablarga mos kelishi lozimligi dalillangan;
sinonim so‘zlar o‘quv lug‘atlarining lug‘at maqolasi sinonimik qator, qatorning umumiy leksikografik talqini, paradigma har bir a’zosining xususiy belgilari va ularni tasdiqlaydigan asos (illyustratsiya)dan tashkil topishi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Sinonim so‘zlar o‘quv izohli lug‘ati tuzishning lingvistik aspektiga doir xulosalar asosida:
lug‘at maqola alohida tizim bo‘lib, o‘zaro ichki munosabatlarga (qator yadrosi, markazi, periferiyasi) asoslangan ma’nodoshlik paradigmasi, uning umumiy sharhi, paradigma a’zolari har birining leksikografik izohi hamda har bir sinonimga berilgan ta’rifni tasdiqlovchi illyustrativ materialdan iborat mikrosistema ekanligi aniqlanganiga oid xulosalardan FA-F1-G003 «Hozirgi qoraqalpoq tilida funksional so‘z yasalishi», FA-A1-G007 «Qoraqalpoq naql-maqollari lingvistik tadqiqot ob’ekti sifatida» mavzularidagi loyihalarda foydalanilgan (O‘zR FA Qoraqalpog‘iston bo‘limining 2022 yil 18 yanvardagi ma’lumotnomasi). Natijada xalq naql- maqollari tarkibida uchraydigan tilning boy leksik-semantik vositasi bo‘lgan sinonimlar tahlili va talqinini mukammallashtirish imkonini bergan;
sinonim so‘zlar o‘quv izohli lug‘ati tarkibiy qurilmasi, korpusi, lug‘at so‘zligi – ichki munosabatga asoslangan ma’nodoshlik paradigmalarini shakllantirish va ushbu tizimdan joy olishi mumkin bo‘lgan sinonimlar va illyustrativ havolani tanlash mezonlariga doir ilmiy-nazariy xulosalardan maktab o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan «O‘zbek tilining sinonim so‘zlar o‘quv lug‘ati» (ISBN 978-9943-7230-5-4) nomli lug‘atni nashrga tayyorlashda foydalanilgan. Natijada nutq madaniyati va kommunikativ kompetentlikni o‘stirishda muhim vosita bo‘lgan ta’limiy lug‘at tuzishga erishish imkonini bergan;
o‘zbek tilida yangi avlod sinonim o‘quv lug‘atlar tuzish, mega, makro, mikroqurilishini takomillashtirishda antropotsentrik leksikografiyaning innovatsion leksikografik an’analari, sinonimik qatorning leksikografik talqini pedagogik, psixologik, lingvodidaktik talablarga mos kelishi lozimligi haqidagi amaliy tavsiyalaridan Buxoro viloyati teleradiokompaniyasi «Buxoro» telekanalining «Assalom, Buxoro», «Zamondosh» teleko‘rsatuvlari ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (Buxoro viloyati teleradiokompaniyasining 2021 yil 27 apreldagi 1/118-sonli ma’lumotnomasi). Natijada ko‘rsatuvlarning ma’naviy va madaniy mazmunini boyitish imkonini bergan.