Sultonov Po‘latjon Salimovichning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Farg‘ona botig‘i paleogen yotqiziqlarining fatsial-paleogeografik xususiyatlari va ular bilan bog‘liq foydali qazilmalar», 04.00.01–Umumiy va mintaqaviy geologiya (geologiya-mineralogiya fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.DSc/GM17.

Ilmiy maslahatchi: Mirzaev Abdurazak Umirzakovich, geologiya-mineralogiya fanlari doktori.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Geologiya va geofizika instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Mineral resurslar ilmiy-tadqiqot instituti, Geologiya va geofizika instituti, Gidrogeologiya va injenerlik geologiyasi instituti, Seysmologiya instituti, O‘zbekiston Milliy universiteti va Toshkent davlat texnika universiteti, DSc.27.06.2017.GM.40.01.

Rasmiy opponentlar: Abdullaev Raxmat Nurillaevich, geologiya-mineralogiya fanlari doktori, professori; Xusanov Sultonboy To‘xtaevich, geologiya-mineralogiya fanlari doktori, professor; Troiskiy Vitaliy Ivanovich, geologiya-mineralogiya fanlari doktori, professor.

Yetakchi tashkilot: Neft` va gaz konlari geologiyasi hamda qidiruvi instituti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: Farg‘ona botig‘ida tarqalgan paleogen yotqiziqlarining fatsial-paleogeografik xususiyatlarini aniqlash, noma’dan foydali qazilmalarni bashoratlash mezonlarini ishlab chiqish va ularning istiqbolli maydonlarini ajratishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

Farg‘ona botig‘idagi paleogen davri qatlamlarining tavsiliy tahlillari asosida kesmalar tuzilishiga aniqliklar kiritilgan va ilk marotaba ularning o‘ziga xos xususiyatlari bilan farq qiluvchi 9 ta turi ajratilgan;

paleogen davri yotqiziqlarining stratigrafik tabaqalanish sxemasi takomillashtirilgan va birinchi marta 12 ta ritmopachkalar ajratilgan, ularning har biri uchun 1:200000 miqyosli tavsiliy fatsial-paleogeografik xaritalari tuzilgan;

birinchi marta Farg‘ona botig‘ining paleogen davri yotqiziqlari suv osti deltalari, sayoz qo‘ltiqlar (lagunalar), urinma to‘lqinlar va markaziy tinish fatsial kamarlari va zonalari hukmron bo‘lgan dinamik fatsial sharoitlarda hosil bo‘lganligi aniqlangan;

ilk bor tadqiqot hududining paleogen yotqiziqlari gilli jinslari tarkibidagi asosiy gil minerali bo‘yicha ajratilgan assotsiatsiyalarning tarqalishi paleogen davrining cho‘kindi to‘planish fatsial sharoitlari bilan bevosita bog‘liq ekanligi isbotlangan;

Farg‘ona botig‘ining paleogen davri yotqiziqlari bilan bog‘liq noma’dan foydali qazilmalarning stratigrafik, fatsial va mineralogik-geokimyoviy bashoratlash mezonlari ishlab chiqilgan va istiqbolli maydonlari ajratilgan;

Farg‘ona botig‘ining paleogen yotqiziqlarida aniqlangan montmorillonitli, gidroslyudali, paligorskitli gillar hamda fosforit saqlovchi jinslardan iqtisodiyotning yangi sohalarida foydalanish imkoniyatlari isbotlangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Farg‘ona botig‘i paleogen yotqiziqlarining fatsial-paleogeografik xususiyatlarini aniqlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:

takomillashtirilgan ritmostratigrafik sxema va ular asosida tuzilgan fatsial-paleogeografik xaritalar O‘zbekiston Respublikasining Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi korxonalarida joriy etilgan («O‘zdavgeolqo‘m»ning 2017 yil 23 avgustdagi 04/01-son ma’lumotnomasi). Natijada paligorskitli (Qamishboshi, Tul, Yangier), montmorillonitli va gidroslyudali gillar (Sho‘rsu, Chimyon, Varzik), fosforit saqlovchi jinslar (Sho‘rsu, Guzan, Tapchar, Oq tuproq), gipslar (Sho‘rsu, Tul), dolomitlar (Sho‘rsu), kvars qumlari (Sulyukta), organogen ohaktoshlar (Sho‘rsu, G‘ova, Kattako‘rgon) va ishkoriy bentonitlarning (Lagon) yangi istiqbolli kon  namoyonlari aniqlangan;

gidroslyudali gillardan lyossimon jinslar tarkibiga qo‘shib, qurilish g‘ishtlari mustahkamligini oshirish bo‘yicha olib borilgan ilmiy tadqiqot natijalari O‘zbekiston Respublikasining Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasining korxonalarida joriy etilgan («O‘zdavgeolqo‘m»ning 2017 yil 23 avgustdagi 04/01-son ma’lumotnomasi). Natijada respublikaning Toshkent viloyatidagi «Bo‘z-suv-2», «Eski qovunchi», «Abdufattox Baraka», «Do‘stlik», «Bekobod-1», Samarqand viloyatidagi «Bekmurod», Surxondaryo viloyatidagi «Mirqorako‘z», Jizzax viloyatidagi «Turonstart», Andijon viloyatidagi «Malagra» lessimon jins konlari zaxiralarini baholash va yuqori sifatli g‘isht ishlab chiqarish zavodlarini ishga tushirish imkoniyatlari yaratilgan;

noma’dan foydali qazilmalarni bashoratlashning stratigrafik, fatsial va mineralo-geokimyoviy mezonlari oliy ta’lim muassasalarining geologiya ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha «Foydali qazilmalarni qidirish va razvedka qilish» nomli darsligida o‘z ifodasini topgan. (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2017 yil 21 avgustdagi 303-056-son guvohnomasi). Natijada ta’lim jarayonida mashg‘ulotlar mazmunini takomillashtirishga, o‘quv dasturlarini tayyorlash hamda fanni o‘qitishda ta’lim samaradorligini oshirishga erishilgan. 

Yangiliklarga obuna bo‘lish