Egamberdiev Faxriddin Panjievichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “Kesh vohasi ilk o‘rta asrlar qishloqlari tarixi va madaniyati”, 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.4.PhD/Tar347.
Ilmiy rahbar: Raimkulov Abdisabur Azzamovich, tarix fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qarshi davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qarshi davlat universiteti, PhD.03/27.02.2021.Tar.70.05.
Rasmiy opponentlar: Qobulov Eshbolta Atamurodovich, tarix fanlari doktori, professor; Xudoyqulov To‘lqin Do‘stboboevich, tarix fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Kesh vohasi ilk o‘rta asr qishloq makonlarining shakllanish jarayonlari, ichki tuzilishi va me’moriy xususiyatlari, qishloq aholisining turmush tarzi va madaniyati, xo‘jalik turlari masalalarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Keshning xioniylar, kidariylar, eftaliylar va Turk xoqonligi, keyinroq esa Arab halifaligi tarkibida bo‘lishi vohadagi ilk o‘rta asr qishloqlari madaniyatiga sezilarli ta’sir ko‘rsatganligi dalillangan;
Kesh vohasi ilk o‘rta asrlarda qishloqlar joylashuvining sxematik tuzilishi, xo‘jalik hayotining o‘troq dehqonchilik va yarim ko‘chmanchilikka asoslangan chorvachilikka xos asosiy xususiyatlari hamda moddiy madaniyati, me’morchiligida xom g‘ishtdan ma’lum bir standartga ega bo‘lgan o‘lchamlar asosida qurilish olib borilganligi Yakkabog‘ tumanidagi To‘rtko‘ltepa, Sarkobtepalarning qishloq hayoti misolida dalillangan;
Kesh vohasiga ilk o‘rta asrlarda quyi Sirdaryodan “Jetiasar” madaniyatining kirib kelganligi va mahalliy aholi madaniyatiga moddiy va ma’naviy ta’sir ko‘rsatganligi aniqlangan;
Kesh vohasining ilk o‘rta asrlar davri qishloqlarining madaniyatini aks ettiruvchi qishloqlarining umumiy so‘g‘d madaniyatiga xos turar joy qoldiqlari, ularning ichki tuzilishi, xonalarning qurilish uslublari, shinam va ko‘rkam me’moriy qurilishlar tarixi ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Kesh vohasi ilk o‘rta asrlar davri qishloqlari tarixi va madaniyati mavzusiga doir olingan ilmiy natijalar va amaliy takliflardan:
mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida makon va qishloqlardan boshlangan tariximizni o‘rganish, ularning topografik joylashuvi va rivojlanish bosqichlarini tizimlashtirish, xususan, arxeologik yodgorliklarni o‘rganish, asrash, ulardan foydalanish, ommalashtirish bo‘yicha echim topishda 2012-2014 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Arxeologik tadqiqotlar institutida bajarilgan “Qashqadaryo vohasi madaniyatining rivojlanish bosqichlari va sug‘orilish tarixi (qadimda va o‘rta asrlarda)” (shifri: A1-FA-0–17607); 2015-2017 yillarda bajarilgan “Qashqadaryo vohasining qadimgi va o‘rta asrlar davri tarixiy topografiyasi (yozma va arxeologik manbalar asosida” (shifri: FA-A1-G012) mavzusidagi amaliy tadqiqotlar dasturlari loyihalarida foydalanilgan. (Milliy arxeologiya markazining 2020 yil 30 noyabrdagi 284-son ma’lumotnomasi). Natijada Qashqadaryo viloyati tumanlarida arxeologik yodgorliklarni ro‘yxatga olish va ularning tarixini yoritish imkonini bergan;
ilk o‘rta asrlar qishloqlari tarixini yoritish va o‘rganish bo‘yicha amalga oshirilgan izlanishlar asosida yig‘ilgan ma’lumotlardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O’zbekiston tarixi” telekanalining 2020 yil 22 aprelda efirga berilgan “O‘zbekiston Ipak yo‘llarida” ko‘rsatuvini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining 2020 yil 12 oktyabrdagi 02-40-954-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi aholi va turar joylarning taraqqiy etib borish jarayoni bo‘yicha aniq xulosalar chiqarish imkonini bergan;
Kesh vohasi ilk o‘rta asrlarda qishloqlar joylashuvining sxematik tuzilishi, turmush tarzi, xujalik hayotining asosiy xususiyatlari hamda moddiy madaniyati, me’morchiligi turlari, qishloq aholisining turmush tarzi, diniy va dunyoviy qarashlari tarixi Yakkabog‘ tumanidagi To‘rtko‘ltepa, Sarkobtepalarning qishloq hayoti haqida ma’lumot beruvchi artefaktlar sifatida Qashqadaryo tarixi va madaniyati davlat muzeyi va Shahrisabz davlat muzey-qo‘riqxonasi fondi materiallaridan foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligining 2022 yil 8 yanvardagi 01-12/54-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu asori atiqalar orqali qishloqlar tarixini keng jamoatchilikka etkazish imkonini bergan.