Jo‘raev Ruzimat To‘xtasinovichning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekistonda umumdavlat va hududiy manfaatlar mutanosibligiga erishish mexanizmlarini takomillashtirish», 23.00.02–Siyosiy institutlar, jarayonlar va texnologiyalar (siyosiy fanlar).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.DSc/Siyos12.

Ilmiy maslahatchi: Munavvarov Zohidilla Inomxodjaevich, siyosiy fanlar doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan davlat  universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa, IK raqami:  O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.29.08.2017.S.01.08.

Rasmiy opponentlar: Ibodulla Ergashev, siyosiy fanlar doktori, professor; Qirg‘izboev Abdug‘affor Karimjonovich, tarix fanlari doktori, professor; Ravshanov Fazliddin Ravshanovich, siyosiy fanlar doktori.

Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekistonda umumdavlat va hududiy manfaatlar mutanosibligiga erishishni  takomillashtirishga doir tavsiyalar ishlab chiqish.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

O‘zbekistonda “markaz-hududlar” tarzida hokimiyat munosabatlarini rivojlantirish, hokimiyat bo‘g‘inlari o‘rtasidagi munosabatlar chegarasini belgilash va hududlarning o‘z-o‘zini boshqarishni kengaytirish zarurati asoslab berilgan;

nomarkazlashgan, nisbatan nomarkazlashgan, markazlashgan unitar davlat turlariga asoslangan davlatning hududiy-siyosiy tuzilishi tasnifini qayta ko‘rib chiqib, uni barcha ma’muriy-hududiy birliklarga o‘zini o‘zi boshqarish maqomining berilishini nazarda tutadigan “hududiy davlat” tushunchasi bilan to‘ldirish taklif etilgan;

O‘zbekistondagi real voqelikdan kelib chiqib, “hudud” tushunchasi tegishli hududda yashovchi aholining uyushmasi, ya’ni hududiy jamoa sifatida ilmiy muomalaga kiritilgan;

mamlakatimizda hududlarning o‘z-o‘zini boshqarishini ta’minlashga erishishda “davlat aralashuvi”ning ko‘rinishlari, xususan, hokimning vakolatini muddatidan oldin tugatish davlat aralashuvning majburlash chorasi ekani hamda turli bo‘g‘indagi hokimliklar vakolatlarini amalga oshirish reglamentlarining ishlab chiqilishi zarurati asoslab berilgan;

hududlarning qonun chiqaruvchi va ijro hokimiyatini amalga oshirishdagi ishtirokini “hududiy ishtirok” instituti sifatida qabul qilish va uning mexanizmlarini takomillashtirishga oid ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasining dissertatsiyadagi “markaz-hududlar” tarzida hokimiyat munosabatlarini rivojlantirish, hokimiyat bo‘g‘inlari o‘rtasidagi munosabatlar chegarasini belgilash va hududlarning o‘z-o‘zini boshqarishni kengaytirish hamda Senatning hududiy dasturlari (Namangan viloyati misolida) ijrosini ta’minlash borasidagi amaliy takliflardan milliy qonunchilikni yanada takomillashtirishda foy­dalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2012 yil 7 maydagi  06-15/332-son ma’lumotnomasi). Natijada “markaz-hududlar” tarzida hokimiyat munosabatlarida mutanosiblikni ta’minlash, hududiy manfaatlarga davlat e’tiborining qaratilishi va Senatning hududiy dasturlarining samaradorli amalga oshirilishi ta’minlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasi faoliyatida dissertatsiya natijalari bo‘yicha ishlab chiqilgan: “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatalari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlarini namunali deb topish to‘g‘risidagi masala Senat tomonidan tuziladigan ishchi guruh tomonidan dastavval o‘rganib chiqilishi hamda Senat ishchi guruhi tarkibiga har bir hududdan bittadan senator, respublika miqyosidagi tashkilotlar mutaxassislari, nodavlat notijorat tashkilotlar ham fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining vakillari va olimlar kiritilishi kerakligi”, bilan bog‘liq takliflari  O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati Kengashining 2017 yil 27 oktyabrdagi QK-255-III-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Xalq deputatlari viloyat, tuman(shahar) kengashini “namunali” deb topishning mezonlari to‘g‘risidagi Nizomda o‘z aksini topgan” (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasining 2017 yil 5 dekabrdagi 11-09/1359-son ma’lumotnomasi). Natijada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatalari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari faoliyatining samarali tashkil etilishi, faoliyatini nazorat qilish mexanizmining samardorligini oshirishga xizmat qilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi dissertatsiyaning O‘zbekiston Respublikasi “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi to‘g‘risida”gi Qonunining 27-moddasida Qonunchilik palatasiga kiritilayotgan qonun loyihasiga ilova qilinadigan hujjatlar qatoriga o‘zgartirish kiritish taklifini ma’qullagan. Mazkur hujjatlar qatoriga “Qonun loyihasining hududiy manfaatlarga mosligi to‘g‘risidagi xulosani” qo‘shish ko‘zlangan maqsadlarga erishish imkonini beradi. Bunday qoidaning o‘rnatilishi deputat yoki boshqa qonunchilik tashabbusi huquqi sub’ekti tomonidan qonun loyihalarini tayyorlashga hududlarni jalb qilish majburiyatini yuklaydi. Bu, o‘z navbatida, qonunchilik jarayoninini ommaviy siyosat yuritish taomillari asosida tashkil etishga va qabul qilinayotgan qarorlarning samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. (Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasining  2017 yil 1 dekabrdagi 4-12-son ma’lumotnomasi). Natijada qonun loyihalarini tayyorlashga hududlarni jalb qilish, qonunchilik jarayonini markaz-hududlar manfaatlari asosida tashkil etishga va qabul qilinayotgan qarorlarning samaradorligini oshirishga xizmat qilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasining dissertatsiyadagi O‘zbekistonda “markaz-hududlar” tarzida hokimiyat munosabatlarini rivojlantirish, hokimiyat bo‘g‘inlari o‘rtasidagi munosabatlar chegarasini belgilash va hududlarning o‘z-o‘zini boshqarishni kengaytirish bora­sidagi amaliy takliflardan foydalanilgan (Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasining  2017 yil 5 oktyabrdagi 06-17/117-son ma’lumotnomasi). Natijada umumdavlat va hududiy manfaatlar muta­nosibligini ta’minlashda Oliy Majlisning rolini oshirish, uning mamla­kat ichki va tashqi siyosatiga oid muhim vazifalarni hal etish hamda ijro hokimiyati faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirish bo‘yicha vakolatlariga aniqlik kiritilgan.

O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqining dissertatsiya materiallaridan umumdavlat va hududiy manfaatlar mutanosibligiga erishishda yoshlarning ishtirokini faollashtirish va takomillashtirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqining 2017 yil 6 oktyabrdagi 02-06/16-son ma’lumotnomasi). Natijada Yoshlar forumlari, Yoshlar Ittifoqi yetakchilarining saylovlari­ni o‘tkazish jarayonlarini yanada takomillashtirish, respublika va viloyatlar manfaatlar uyg‘unligini ta’minlashda yoshlarning ishtiroki, manfaati doirasi belgilab berilgan.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashining dissertatsiyadagi mamlakatimiz hududlarining qonun chiqaruvchi va ijro hokimiyatini amalga oshirishdagi ishtirokini “hududiy ishtirok” institutini tizimili ravishda yo‘lga qo‘yish, uning mexanizmlarini takomillashtirishda o‘zini o‘zi boshqarish organlarining ishtirokini ta’mishlashga oid ilmiy asoslangan tavsiyalaridan foydalanildi. Shuningdek, mahalliy hokimiyat organlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamkorligini ta’minlash, mahalliy hokimiyatning mahalla ishiga aralashuvi tartibini solish, ularni amaliyotda qo‘llashni tartibga solish borasidagi tavsiyalaridan foydalanildi. (Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashining 2017 yil 30 noyabrdagi 02–03/8062-son ma’lumotnomasi). Natijada fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatiga davlat organlari va mansabdor shaxslarning aralashuviga yo‘l qo‘yilmaslik, ularni amaliyotda qo‘llashni tartibga solish borasidagi muammolar asoslab berilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish