Najmiddinov Eldorjon Xalilovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Farg‘ona vodiysi ayrim baliqlarining gel`mintlari», 03.00.06 – Zoologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.2.PhD/V512.
Ilmiy rahbar: Kuchboev Abduraxim Ergashevich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, PhD.03/30.06.2021.B.05.06.
Rasmiy opponentlar: Xurramov Alisher Shukurovich, biologiya fanlari doktori, dotsent; Xoliqov Maxamatjon Yigitalievich, biologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Namangan davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Farg‘ona vodiysi hududida Sirdaryoning yuqori oqimi suv havzalari ayrim baliq gel`mintlarining taksonomik tarkibi, tarqalishi, bioekologiyasi, zoogeografik tahlili va asosiy gel`mintoz kasalliklarga qarshi kurash bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Farg‘ona vodiysida 15 tur baliqlarda 37 tur gel`mintlarning tur tarkibi ro‘yxatga olinib, gel`mintofaunaning shakllanishi va shu bilan birga Tog‘li Osiyo baliqlari kompleksining ixtioparazitlar faunasining tarqalishidagi o‘rni asoslangan;
tadqiqot hududida aniqlangan baliq gel`mintlari faunasining 37 turidan 1 ta kenja turi (Rhabdochona hellichi turkestanica) Markaziy Osiyo faunasi uchun ilk bor qayd etilgan, 2 ta turi (Philometra ovata, Rhabdochona gnedini) Farg‘ona vodiysi suv havzalarida uchrashi birinchi marta aniqlangan, 7 ta turi (Ligula intestinalis, Rhipidocotyle campanula, Asymphylotrema leninabadi, Sanguinicola inermis, Neoechinorhynchus rutili, Capillaria tomentosa, Dioctophyme renale) boshqa xo‘jayinda ilk bor uchrashi isbotlangan;
Bathybothrium, Ligula, Orientocreadium, Allocreadium, Capillaria, Dioctophyme, Rhabdochona, Neoechinorhynchus, Diplostomum, Gnathostoma, Raphidascaris va boshqa dominant avlodlarning vakillarini ilmiy-nazariy hamda amaliy tibbiyot va agrar-xo‘jalik faoliyat nuqtai nazaridan ahamiyatliligi isbotlangan;
Sanguinicolidae, Diplostomidae, Bothriocephalidae, Ligulidae, Rhabdochonidae Anisakidae oilalariga mansub patogen turlar baliqchilik sohasining rivojlanishiga sezilarli salbiy ta’sir ko‘rsatishi aniqlangan;
Sirdaryoning yuqori oqimi suv havzasida, Farg‘ona vodiysi tog‘ daryolari baliqlari parazitlari faunasining shakllanishida va tarqalishida biotik hamda antropogen omillarning o‘rni asoslangan;
sestoda, trematoda, akantotsefalar va nematoda sinflariga mansub turlarning taksonomik guruhlari va dominant turlarning ekologik valentligiga hamda ularning o‘zaro nisbatlanishiga muvofiq baho berilib, baliqlarning gel`mintoz kasalliklarining kelib chiqish sabablari va ularga qarshi kurash chora-tadbirlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Farg‘ona vodiysi suv havzalarida baliqlar gel`mintlari mavzusi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
sazan (karp) va oq do‘ngpeshona baliqlari gel`mintozlari va ularning kasalliklariga qarshi kurash chora-tadbirlari bo‘yicha ishlab chiqilgan amaliy tavsiyanoma Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlari baliqchilik xo‘jaliklariga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasining 2021 yil 9 dekabrdagi 01/23-2223-son ma’lumotnomasi). Natijada, cazan va oq do‘ngpeshona baliqlarining asosiy sestodozlari, trematodozlari, nematodozlari va akantotsefalyozlarini tashxislash va ularga qarshi kurash amaliy chora- tadbirlarni ishlab chiqish imkonini bergan;
Farg‘ona vodiysidagi sazan va oq do‘ngpeshona baliqlarini asosiy gel`mintozlari hisoblangan ligulidoz va rafidaskaridoz kasalliklariga qarshi antigel`mintik preparatlarni qo‘llash bo‘yicha ishlab chiqilgan tavsiyalar O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasini amaliyotiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasining 2022 yil 1 martdagi 02/23-370-son ma’lumotnomasi). Natijada, antigel`mintik xususiyatga ega bo‘lgan dori preparatlari gel`mintoz kasalliklarini 70-95% gacha bartaraf etishga hamda baliqlarning mahsuldorlik ko‘rsatkichini oshishi va iqtisodiy samaradorlikni oshirish imkonini bergan.