Xidirov Karim Imamnazarovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘sish va rivojlanishdan qolgan buqachalarni kompensatsiyalash xususiyatlari va ularni parvarishlash usullari”, 06.02.03 - Xususiy zootexniya. Chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish texnologiyasi (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.PhD/Qx393.
Ilmiy rahbar: Ruziev Raxmonqul Istamovich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand Davlat veterinariya medisinasi, chorvachilik va biotexnolgiyasi universitetining Toshkent filiali, PhD.06/09.07.2020.Qx/V.117.01.
Rasmiy opponentlar: Shaptakov Erkin Suyunovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori; Raximov Madamin Alijonovich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qumitasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi go‘sht mahsuldorligi, sifati va go‘sht uchun intensiv texnologiyalar bilan o‘sish va rivojlanishdan orqada qolgan buqalarning kompensatsiya qilish qobiliyatini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
O‘zbekiston Respublikasi sharoitida ilk marotaba yuqori sifatli go‘sht mahsuloti olish maqsadida bo‘qalarni intensiv oziqlantirish va kompensatsion qobiliyatlarini ilmiy asoslari ishlab chiqilgan;
intensiv oziqlantirish natijasida simmental zotli 18 oylik II guruh buqachalarning muskullar massasi 86,9 kg ga oshirilgan bo‘lib, I guruh buqachalariga nisbatan 2,6 kg (3,1%), III guruh buqachalariga nisbatan 14,1 kg (19,2%) yuqori bo‘lgan, genetik farqlanishi sababli III guruh buqachalar nazorat guruhiga nisbatan 11,5 kg (15,7%) past ko‘rsatkichga ega bo‘lganligi aniqlangan;
go‘sht tarkibidagi quruq moddaning suvga nisbati guruhlar bo‘yicha 0,35:1, 0,36:1, 0,34:1 nisbatda bo‘lib, go‘sht tarkibidagi oqsil miqdori II guruh buqachalari tengqurlari bo‘lgan I guruhga nisbatan 2,43% ga, III guruhga nisbatan 5,23% ga yuqori bo‘lgan;
o‘sish va rivojlanishdan orqada qolgan buqachalarni intensiv oziqlantirish natijasida o‘stirishning rentabellik darajasi I guruhda 17,6%, II guruhda 27,2%, III guruhda 13,6% ga oshganligi aniqlangan;
simmental zotli II guruh buqachalaridan yuqori tirik vazn olinganligi sababli I guruh buqachalariga nisbatan 2910,0 so‘m (8,2%), III guruhga nisbatan 3506 so‘m (9,9 %) tannarxi kam bo‘lib, II guruh buqachalaridan tengdoshlariga nisbatan mos ravishda 1266,3 va 1394,6 ming so‘m ko‘proq sof foyda olinganligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘sish va rivojlanishdan orqada qolgan buqalar etishtirishning biologik va texnologik asoslarini o‘rganish natijalari bo‘yicha olib borilgan ilmiy-tadqiqot natijalari asosida:
Toshkent viloyati Ohangaron tumani “Gulobod-meva” sabzabotchilik, mevachilik va chorvachilik xo‘jaligida 33 bosh o‘sishdan qolgan kam vaznli shvis zotli buqachalarda joriy etilgan. Shvis zotiga mansub o‘sishdan qolgan buqachalarni o‘ziga xos o‘stirish va kompensatsiya xususiyatlarining usullari joriy etilgan (Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish Davlat qo‘mitasining 2021-yil 17-dekabrdagi 02/23-438-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘stirilgan va bo‘rdoqilangan har bir bosh buqachadan 342,8 kg tirik vazn olinib, 2935400 so‘m sof foyda olingan va joriy qilingan ish natijalari asosida tajribadagi buqachalarning tengqurlariga nisbatan o‘stirish rentabellik darajasi 24,8 foizga oshgan;
Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumani O‘zbekiston-Britaniya qo‘shma korxonasi “INZIM-TEX” MChJ naslchilik xo‘jaligida o‘sishdan qolgan kam vaznli simmental zotli buqachalarida o‘sishdan qolgan buqachalarni o‘ziga xos o‘stirish va kompensatsiya xususiyatlarining usullari joriy etilgan (Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish Davlat qo‘mitasining 2021-yil 17-dekabrdagi 02/23-438-son ma’lumotnomasi). Natijada 10-15% kam vaznli har bir bosh buqachalar tengqurlariga nisbatan olingan daromad 3342700 so‘mni, 25-30% kam vaznli buqachalardan olingan daromad 144700 so‘mni tashkil etgan. Guruhlar bo‘yicha iqtisodiy samaradorlik 26,9 % va 15,4 % ga teng bo‘lgan;
Sirdaryo viloyati Mirzabod tumani “Sardoba temir yo‘l agrosanoat majmuasi” UK naslchilik xo‘jaligida 38 bosh o‘sishdan qolgan simmental zotli buqachalarda o‘ziga xos o‘stirish va kompensatsiya xususiyatlarining usullari joriy etilgan (Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish Davlat qo‘mitasining 2021 yil 17-dekabrdagi 02/23-438-son ma’lumotnomasi). Natijada har bir bosh buqachadan qo‘shimcha daromad 3172800 so‘m bo‘lib, iqtisodiy samaradorlik o‘rtacha 25,2% ga teng bo‘lgan.