Karimov Ulugbek Begalievichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘tkir koronar sindromlarni davolash va profilaktikasini optimallashtirish yo‘llari (klinik-epidemiologik tadqiqotlar)» 14.00.43 – Profilaktik tibbiyot (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1.PhD/Tib194.
Ilmiy rahbar: Mamasoliev Nematjon Solievich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat tibbiyot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Andijon davlat tibbiyot instituti PhD.04/04.03.2022.Tib.95.02.
Rasmiy opponentlar: Rustamova Mamlakat Tulyabaevna, tibbiyot fanlari doktori, dotsent; Soliev Kodir Karimovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat tibbiyot instituti.
Dissertatsiyaning yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga muvofiq.
II. Tadqiqotning maqsadi: maxsus registrni joriy etish, shuningdek kasallikning epidemiologik va klinik jihatlarini aniqlash orqali o‘tkir koronar sindromlarni oldini olish va davolashni optimallashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Andijon shahri zamonaviy populyasiyasining demografik o‘ziga xosligiga bog‘liq holda, o‘tkir koronar sindromlar tarqalishining, Evropa va Rossiya registrlari ko‘rsatkichlariga nisbatan, milliy urf-odatlar va geografik joylashishi sababli qon-tomir kasalliklarning o‘rtacha 4-8 yilga mintaqaviy epidemiologik yosharganligi aniqlangan;
o‘tkir koronar sindromning klinik, demografik va anamnestik xususiyatlariga bog‘liq holda, kasallikning xavf stratifikatsiyasi markerlari orasida aynan giperxolesterinemiya, oilada erta YuIK, arterial gipertenziya, tana vazni indeksi va gipodinamiyaning Andijon shahri kattalar populyasiyasida keng tarqalganligi sababli prognostik marker ekanligi aniqlangan;
o‘tkir koronar sindrom strukturasidagi faktik mintaqaviy o‘lim ko‘rsatkichlari bemorlarning yoshi va jinsiga, miokardning shikastlanish turiga va yurak etishmovchiligining og‘irligiga, gemoglobin darajasiga, shuningdek GRACE va RECORD shkalalari qiymatlariga epidemiologik bog‘liqligi aniqlagan;
o‘tkir koronar sindromning rivojlanish xavfi 18-44 yosh oralig‘ida erkaklarda ayollarga nisbatan sezilarli darajada yuqoriligi, o‘rta yosh guruhida ushbu nisbatning tenglashishi va keksalar orasida gospital o‘lim ko‘rsatkichining ortgani xolda ayollarda 3,9 marotaba yaqqol ustunligi Andijon shahri aholisining yashash tarziga bog‘liq ekanligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘tkir koronar sindromlarni oldini olish va davolashni optimallashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
o‘tkir koronar sindromlarni oldini olish va davolashni optimallashtirish bo‘yicha tadqiqotning ilmiy natijalari asosida ishlab chiqilgan «O‘tkir koronar sindromlarni oldini olish va davolashni optimallashtirish algoritmi va dasturi» nomli uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2022 yil 29 martdagi 08-09/8558-son ma’lumotnomasi). Taklif etilgan tavsiyalar o‘tkir koronar sindromlarning oldini olish va davolash xususiyatlarini tavsiflash, har bir hudud yoki tibbiyot muassasasi uchun kamchiliklarni aniqlash, shuningdek, o‘tkir koronar sindromlarni davolashni optimallashtirish va ularning erta “so‘nggi nuqtalar” ini oldini olish yo‘llarini aniqlashga imkon bergan.
o‘tkir koronar sindromlarning oldini olish va davolashni optimallashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining va Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Andijon filiallariga joriy etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2022 yil 29 martdagi 08-09/8558-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalarining amaliyotga tatbiq etilishi o‘tkir koronar sindromlarni erta aniqlash, asoratlarini oldini olish, bemorlarning hayot sifatini yaxshilash va statsionar davolanish xarajatlarini kamaytirish imkonini bergan.