Kayumova Mexriniso Miraxmatovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi: “Haldun Taner dramalarining poetikasi (50-60 yillar misolida)”, 10.00.05 – Osiyo va Afrika xalqlari tili va adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.4.PhD/Fil2089.
Ilmiy rahbar: Kenjaeva Poshshajon Umidovna, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, DSc.03/30.2019.Fil/Tar.21.01.
Rasmiy opponentlar: To‘xliev Boqijon, filologiya fanlari doktori, professor; Tilavov Abdumurod Xolmuratovich, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Haldun Taner dramalarining poetikasi, xususan, dramalarida g‘oyaviy-estetik mazmun va xarakterlararo konfliktning hayotiyligi, ramziylikning ko‘p ohangli ifodasi, badiiy til va uslub masalalarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
Haldun Taner dramalarida g‘oyaviy-estetik mazmunning hayotiyligi voqea-hodisalar jarayonida kechayotgan joy, vaqt, sahnadagi holat va qahramonlar ruhiyatining harakati asosan kabare teatri namunalari misolida isbotlangan;
Haldun Taner xarakterlararo konfliktlar vositasida o‘z davrining bir-biriga qarama-qarshi odamlar hayotini dramalarining syujetida aks ettirganligi, shuningdek, o‘sha davr nuqtai nazaridan shiddat bilan kechayotgan ichki kurashlar va ziddiyatlar asarlari uchun asos bo‘lganligi ochib berilgan; 
dramaturg dramalarida ramziylikning ko‘pohangli ifodasi hayotning falsafiy mohiyatini, mushohadatalab ma’nolarini badiiy kashf etishda, qahramonning murakkab va betakror ruhiy dunyosini yoritishda, shu bilan birga voqelikning ba’zida dramatik, ba’zida komik jihatlarini tanqidiy ruhda talqin qilishda muhim vosita bo‘lganligi dalillangan; 
Haldun Taner asarlarida soddalikni saqlab, qahramonlarni o‘z davrining tiliga yaqin, tushunarli so‘zlatish orqali, dramada so‘z qo‘llash me’yoriga amal qilganligi, vaholanki,  Evropa madaniyatining targ‘ibotchisi sifatida ham fransuz, nemis, ingliz tilidagi so‘zlardan keng ko‘lamda foydalanganligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Haldun Taner dramalarining poetikasi masalalari bo‘yicha olib borilgan tadqiqotning ilmiy natijalari asosida:
zamonaviy turk dramaturgiyasining shakllanish omillari, Haldun Taner dramaturgiyasi, uning “Keshanlik Ali dostoni” dramasining o‘zbek tiliga tarjimasi orqali asarning uslubi va tiliga oid xulosalaridan “Turk tili” (2-qism) darsligining “Turk dramaturgiyasi” hamda “Haldun Taner dramaturgiyasi” boblarini yozishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2021 yil 25 dekabrdagi 538-son buyrug‘i). Natijada, tadqiqot materiallari zamonaviy turk adabiyotshunosligining dolzarb muammolari va tahlil metodlarini batafsilroq o‘rganishga zamin yaratgan;
zamonaviy turk dramaturgiyasining ilk davri bo‘lgan Tanzimotdan Jumhuriyat davrigacha bo‘lgan rivojlanish va shakllanishiga oid xulosalardan “Turk adabiyoti” (3-qism) darsligining 2-bobini yozishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2021 yil 25 dekabrdagi 538-son buyrug‘i). Ilmiy natijaning amaliyotga tadbiq etilishi asnosida zamonaviy turk dramaturgiyasining tadrijiy rivoji jarayonlari aniqlangan;
Turk dramaturgiyasi taraqqiyotining so‘nggi davri jarayonlari va yirik dramaturg Haldun Tanerning ijodi, dramatik asarlarining o‘ziga xos xususiyatlari, uning uslubi va badiiy mahoratini tadqiq qilishga bag‘ishlangan tahliliy fikrlari va nazariy xulosalaridan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston” teleradiokanali DUK muharririyati tomonidan tayyorlangan “Assalom, O‘zbekiston!” hamda “Ijod zavqi” nomli ko‘rsatuvlari ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali DUKning 2021 yil 23 dekabrdagi 01-13-17-41-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi adabiyotshunoslar va o‘zbek kitobxonlariga ma’lumot berishda, tomoshabinlarni turk adabiyoti namunalaridan bahramand etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish