Matibaev Taspolat Baltabaevichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekistonda davlat va jamiyat hayotining demokratlashuvi jarayonida ijtimoiy hamkorlik tizimini rivojlantirish omillari», 22.00.02–Ijtimoiy tuzilish, ijtimoiy institutlar va turmush tarzi (sotsiologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.DSc/Sots5.
Ilmiy maslahatchi: Xolbekov Abdug‘ani Jumanazarovich, sotsiologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.27.06.2017.F.01.05 raqamli ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Saifnazarov Ismoil Saifnazarovich, falsafa fanlari doktori, professor; Sodiqova Shohida Marhaboevna, sotsiologiya fanlari doktori; Ramatov Jumaniyoz Sultanovich, falsafa fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekistonda davlat va jamiyat hayotining demokratlashuvi jarayonida ijtimoiy hamkorlik tizimini takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalarni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
O‘zbekiston jamiyatida ijtimoiy ishtirok, ijtimoiy sheriklik, ijtimoiy hamkorlikdan iborat o‘ziga xos munosabat shakllarining amal qilishi ochib berilgan;
fuqarolik jamiyatini barpo etish jarayonida sotsial munosabatlardagi gomeostazis (muvozanat) va sotsiostazis (o‘zini o‘zi tartibga solish) mexanizmlari vositasida ijtimoiy hamkorlikning ta’minlanishi isbotlangan;
O‘zbekistonda shakllanayotgan o‘rta mulkdorlar qatlami ta’sirida ijtimoiy hamkorlik tizimining rivojlanish tendensiyalari aniqlangan;
davlat va jamiyat hayotining demokratlashuvi ijtimoiy hamkorlik modellari (bipartizm, tripartizm, polipartizm)ning shakllanishiga, ular o‘z navbatida demokratik boshqaruvning amal qilishiga ta’sir etishi sotsiologik tamoyil ekani asoslangan;
jamiyat hayotida ijtimoiy hamkorlik tizimini izdan chiqaruvchi salbiy ijtimoiy fenomenlar (byurokratiya, korrupsiya, uyushgan jinoyatchilik) va buzg‘unchi g‘oyalar (diniy ekstremizm va terrorizm) ta’sirining oldini olish maqsadida fuqarolarda mafkuraviy immunitetni shakllantirishning ta’sirchan media vositalarini qo‘llash usullari takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Ijtimoiy hamkorlik tizimini shakllantirish bo‘yicha olingan tadqiqot natijalari asosida:
O‘zbekiston jamiyatida ijtimoiy ishtirok, ijtimoiy sheriklik, ijtimoiy hamkorlikdan iborat o‘zaro munosabat shakllarining amal qilishi xususiyatlariga oid takliflardan O‘zbekiston Respublikasining “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi Qonunini (4-,5-,6-,7-,12-,24-moddalar) ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining 2016 yil 19 avgustdagi 1- son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning amaliyotga joriy etilishi davlat organlari va jamoat tashkilotlari, shuningdek, turli mehnat jamoalarida ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini amalga oshirish mexanizmlarini yanada takomillashtirishga xizmat qilgan;
davlatni demokratlashtirish va fuqarolik jamiyatini barpo etish jarayonida ijtimoiy hamkorlikni ta’minlashning gomeostazis (muvozanat) va sotsiostazis (o‘zini o‘zi tartibga solish) mexanizmlari amal qilishi bilan bog‘liq ilmiy takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ijtimoiy tadqiqotlar instituti hamda Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti faoliyatida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ijtimoiy tadqiqotlar institutining 2016 yil 23 noyabrdagi 01/07-336-son ma’lumotnomasi; Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil institutining 2016 yil 1 iyuldagi 203/TF-son ma’lumotnomasi). Natijada maqsadli tadqiqotlar o‘tkazish orqali aholi turmush darajasi monitoringini tashkil etish imkoni yaratilgan;
mamlakatimizda o‘rta mulkdorlar qatlamining shakllanish jarayonlarini hamda o‘rta sinfning ijtimoiy hamkorlik tizimi rivojiga ta’sirini empirik tadqiqotlar orqali aniqlashga xizmat qiluvchi so‘rovnomaning yangi, modifikatsiyalashtirilgan metodikasi “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik markazi faoliyatiga joriy etilgan (“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik markazining 2016 yil 23 maydagi 01-16/175-son ma’lumotnomasi). Natijada bu o‘rta sinfning shakllanishi bilan bog‘liq ravishda davlat va jamiyat hayotida ijtimoiy hamkorlik tizimining rivojlanish tendensiyasini empirik tarzda aniqlashga imkon bergan;
sotsiumda ijtimoiy hamkorlik modellari (bipartizm, tripartizm va polipartizm)ni qo‘llashga oid takliflardan O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi faoliyatida, xususan mehnat jamoalarida ishlab chiqarish nizolarini bartaraf etishda foydalanilgan (O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashining 2016 yil 29 avgustdagi BM-05/1322-son ma’lumotnomasi). Bu takliflar bandlik, ish haqi, sug‘urta, ijtimoiy himoyalash munosabatlarini tartibga solishga xizmat qilgan;
jamiyat hayotida ijtimoiy hamkorlik tizimini izdan chiqaruvchi salbiy ijtimoiy fenomenlar (byurokratiya, korrupsiya, uyushgan jinoyatchilik) va buzg‘unchi g‘oyalar (diniy ekstremizm va terrorizm) ta’sirining oldini olish maqsadida fuqarolarda mafkuraviy immunitetni shakllantirishning ta’sirchan media vositalarini qo‘llash usullariga oid ilmiy-amaliy takliflardan “Qiyomatga qolgan qarz” va “Xoinlik” nomli hujjatli fil`mlar ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Toshkent” teleradiokanali davlat unitar korxonasining 2016 yil 2 iyundagi 0101-323-son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur fil`mlar turli zararli g‘oyalarga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantirishga, oilaviy hayotda ahillikni mustahkamlashga, shaxslararo munosabatlarni yaxshilashga xizmat qilgan.