Xegay Ol`ga Aleksandrovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Autoimmun tireoiditli ayollarda reproduktiv buzilishini olib borish taktikasini klinik-immunologik asoslash», 14.00.36–Allergologiya va immunologiya va 14.00.01–Akusherlik va ginekologiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/Tib149.
Ilmiy raxbarlar: Ismailova Guli Amindjanovna, tibbiyot fanlari doktori, professor; Asatova Munira Miryusupovna, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Respublika immunologiya ilmiy markazi va Toshkent tibbiyot akademiyasi, DSc.27.06.2017.Tib.50.01.
Rasmiy opponentlar: Urazmetova Maisa Dmitrievna, tibbiyot fanlari doktori, professor; Kattaxodjaeva Maxmuda Xamdamovna, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent pediatriya tibbiyot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotningmaqsadi: autoimmun tireoidli ayollar reproduktiv faoliyati buzilishi patogenezida immun va neyroendokrin bo‘g‘inlar xususiyatlarini aniqlash hamda fertillikni tiklash tamoyillarini asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
AITli ayollarda reproduktiv faoliyatning buzilishida immunologik va neyroendokrin tizimlarning xususiyatlari aniqlangan;
ilk bor AIT turli bosqichlarida immunologik va neyroendokrin tizim ko‘rsatkichlari o‘zgarishining o‘zaro bog‘liqligi aniqlangan;
AITning turli klinik bosqichlarida immunoregulyator va effektor sitokinlar roli aniqlangan;
AITli ayollar menstrual sikli va reproduktiv faoliyati buzilishining patogenezi immunologik va endokrin o‘zgarishlar darajasi va AIT kechish bosqichiga bog‘liqligi asoslangan;
AIT kasalligi bosqichlarida tuxumdon etishmovchiligi sindromi shakllanishining xususiyatlari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Autoimmun tireoiditli ayollarda reproduktiv o‘zgarishning klinik-immunologik tashxisi va davolash taktikasi xususiyatlarining zamonaviy jihatlari bo‘yicha olingan natijalar asosida:
ayollarda reproduktiv faoliyat o‘zgarishlarini tashxislash, davolash va reproduktiv faoliyatini tiklash bo‘yicha olingan tadqiqot natijalari asosida ishlab chiqilgan «Autoimmun tireodit bo‘lgan ayollarda reproduktiv funksiyalarni tiklash» mavzusidagi uslubiy qo‘llanmasi, 10 raqamli «Autoimmun tireoidli va reproduktiv faoliyati buzilgan ayollarni olib borish protokoli» mavzusidagi kasallarni olib borish klinik protokoli va DGU 03510 raqamli «Autoimmun tireoditda homilaning tushib qolish xavfini prognozlash uchun dastur» dasturiy patenti tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2016 yil 20 dekabrdagi 8N-d/81-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy qo‘llanma kasallarni olib borish klinik protokol va dasturiy patent autoimmun tireoiditli ayollarda reproduktiv o‘zgarishlarni erta tashxislash, klinik kechishini aniqlash, organizmning immunologik holatini baholash va homilaning tushib qolish xavfini prognozlash imkonini yaratgan;
autoimmun tireoiditli ayollarda reproduktiv faoliyat o‘zgarishlarini tashxislash, reproduktiv faoliyatini tiklash va davolashni optimallashtirish chora-tadbirlari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash tizimiga, jumladan Toshkent shahar perinatal markazi va Toshkent shahar 43-oilaviy poliklinikasi amaliyotiga hamda Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti o‘quv jarayoniga tatbiq qilingan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2016 yil 20 dekabrdagi 8N-d/81-son ma’lumotnomasi). Joriy qilingan natijalar AITli ayollarda reproduktiv faoliyat o‘zgarishlarini erta tashxislash, reproduktiv faoliyatini tiklash va davolashni optimallashtirishda keng foydalanish imkonini bergan.