Ibroximov Nodirbek Ikromjonovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Past energiyali kumush, kumush-kobal`t klasterlarining mis va kumush sirti bilan o‘zaro ta’siri jarayonini modellashtirish”, 01.04.04 – Fizik elektronika (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.4.PhD/FM445.
Ilmiy rahbari: Yadgarov Ishmumin Djabbarovich, fizika-matematika fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona politexnika instituti hamda O‘zbekiston Resbublikasi Fanlar Akademiyasi Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Urganch davlat universiteti, PhD.03/30.09.2020.FM.55.04
Rasmiy opponentlar: Tashatov Allanazar Qarshievich, fizika-matematika fanlari doktori, professor; Kurbanov Muzaffar Kadambaevich, fizika-matematika fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi metall kristallar sirtiga klasterlarning cho‘kishida nanostrukturalar hosil bo‘lishi va kam atomli metall klasterlarning barqaror konfiguratsiyalarini energiyani minimallashtirish usuli asosida o‘rganishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
kam atomli klasterlar (Ag, Cu, Co) ning barqaror tuzilmalari va konfiguratsiyalari, shuningdek ulardagi har bir atom uchun bog‘lanish energiyalari, bog‘lanish energiyasining atomlar soniga bog‘liqligi aniqlangan;
mis, kumush, kobal`t klaster (Cun, Agn va Con, n=3-60) lari va aralash (CunCo1 n=2-9 va CunCo2 n=2-8) klasterlar atomlari orasidagi bog‘ uzunliklari aniqlangan;
mis kristallari yuzasiga mayda kumush klasterlarning cho‘kishida, klasterning ba’zi atomlari sirt qatlamlari orasiga kirishi, kichik klasterlar sezilarli darajada deformatsiyalanishi va klaster energiyasining ortishi bilan uning kristall ichiga kirib borish chuqurligi ortishi aniqlangan;
mis kristallari yuzasiga kichik klasterlarni cho‘ktirish jarayonida klaster atomlari kristall ichiga kirib borishi, kirib borish chuqurligi energiyaga hamda ularning hajmiga bog‘liqligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Past energiyali kumush, kumush-kobal`t klasterlarining mis va kumush sirtlari bilan o‘zaro ta’siri jarayonlarini o‘rganish natijalari:
mis, kumush va kobal`t atomlaridan tashkil topgan kam atomli klasterlari va aralash klasterlarning barqaror strukturalari, konfiguratsiyalari hamda atomlar orasidagi bog‘lanish energiyalarini aniqlash OT-F2-51 raqamli “Fullerenlar va ularning hosilalari asosida optoelektronika va quyosh energetikasi uchun yangi funksional nanomateriallar sintez qilishning fundamental asoslari” nomli fundamental loyihada foydalanilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining 2022 yil 25 martdagi №01-126-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish silliq tagliklar sirtida nanoo‘lchamli uglerodli geterostrukturalarning shakllanishidagi molekulalararo ta’sirlarni baholash va klasterlarning sirtlarda joylashishini aniqlash imkonini bergan;
kumush klasterlarining mis kristali sirtiga cho‘kishi jarayonida, klaster atomlarining kristal ichiga kirishi klaster o‘lchamlari va energiyasiga bog‘liq ekanligini aniqlash №OT-Atex-2018-503 raqamli “Si, Ni sirti qatlamlari va ularning oksidlari elektron tuzilishlari, emissiya va optik xususiyatlarini ion bomardimoni bilan o‘zgartirish” nomli fundamental loyihada foydalanilgan. (Toshkent davlat texnika universitetining 2022 yil 11 apreldagi №01/19-14-1108-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijadan foydalanish nanoo‘lchamli tizimlar xossalarini o‘rganish va fizikaviy fundamental qonuniyatlarni o‘zlashtirish imkonini bergan.