Ismailov Oralbay Kanatbaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: «Fuqarolarning bank omonatlariga nisbatan huquqlarini ta’minlashning fuqarolik-huquqiy kafolatlari», 12.00.03 – Fuqarolik huquqi. Tadbirkorlik huquqi. Oila huquqi. Xalqaro xususiy huquq (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.3.PhD/Yu.302.
Ilmiy rahbarning F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Matkurbanov Rashid Joldasbaevich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/30.12.2019.Yu.22.01.
Rasmiy opponentlar: Imomov Nurillo Fayzullaevich, yuridik fanlar doktori, professor; Eshonqulov Sayyor Yusuf o‘g‘li, yuridik fanlar nomzodi.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Sud`yalar oliy kengashi huzuridagi Sud`yalar oliy maktabi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi fuqarolarning bank omonatlariga nisbatan huquqlarini ta’minlashni fuqarolik-huquqiy kafolatlashning nazariy va amaliy muammolarini, uning mohiyati va ahamiyatini ochib berish, hozirgi zamon real voqeligi asosida mavjud sohaviy qonunchilik hujjatlarini yanada takomillashtirishga qaratilgan konseptual taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
banklar tomonidan omonatlarga taalluqli bank sirining oshkor qilinishiga doir qoidalarni istisno etuvchi holatlarning aniq chegarasini tegishli sohaviy qonunchilikda yaqqol tarzda aks ettirish zarurligi asoslab berilgan;
O‘zbekiston Respublikasi vakolatli organlari va chet davlatlarning vakolatli organlari o‘rtasida bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni qonunchilikda va xalqaro shartnomalarda nazarda tutilgan tartibda almashish mumkinligi asoslantirilgan;
sohaviy qonunchilik hujjatlarini qonunchilik texnikasi talablari asosida to‘g‘ri talqin va tatbiq qilish orqali jismoniy shaxslarning bank omonatlarini himoya qilishda ishtirok etuvchi fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondining mol-mulki doirasini aniq ifodalash lozimligi asoslab berilgan;
qimmatbaho metallarning fuqarolik muomalasi kengayishi va uning huquqiy asoslari yaratilganligi bilan omonat shartnomasining predmeti sifatida pullardan tashqari qimmatbaho metallarni bankka omonatga qo‘yish mumkinligi asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Fuqarolarning bank omonatlariga nisbatan huquqlarini ta’minlashning fuqarolik-huquqiy kafolatlarini o‘rganishga qaratilgan tadqiqot bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
banklar tomonidan omonatlarga taalluqli bank sirining oshkor qilinishiga doir qoidalarni istisno etuvchi holatlarning aniq chegarasini tegishli sohaviy qonunchilikda yaqqol tarzda aks ettirish to‘g‘risidagi taklif «Bank siri to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 5-moddasi ikkinchi qismi 1 va 2-xatboshilariga qo‘shimchalar kiritishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasining 2021 yil 18 oktyabrdagi 04/1-1146-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif boshqa turdagi bank xizmatlari kabi bank omonatlari bilan bog‘liq bank siri oshkor qilinishi mumkin bo‘lgan uchinchi shaxslar doirasining soha qonunchiligida aniq belgilanishiga xizmat qilgan;
O‘zbekiston Respublikasi vakolatli organlari va chet davlatlarning vakolatli organlari o‘rtasida bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni qonunchilikda va xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan tartibda almashish mumkinligi oid taklif «Bank siri to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 5-moddasi ikkinchi qismi uchinchi xatboshisiga qo‘shimchalar kiritishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasining 2021 yil 18 oktyabrdagi 04/1-1146-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklif bank siriga oid ma’lumotlarni chet el davlati banklari bilan almashish qoidalarini aniqlashtirish imkonini bergan;
sohaviy qonunchilik hujjatlarini qonunchilik texnikasi talablari asosida to‘g‘ri talqin va tatbiq qilish orqali jismoniy shaxslarning bank omonatlarini himoya qilishda ishtirok etuvchi fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondining mol-mulki doirasini aniq ifodalash lozimligi to‘g‘risidagi taklif «Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalash kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonunining 4-moddasi to‘rtinchi qismiga o‘zgartirish kiritishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasining 2021 yil 18 oktyabrdagi 04/1-1146-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondining mol-mulkini nafaqat qonunchilik hujjatlari, balki boshqa qonun osti hujjatlari bilan ham shakllantirish mumkin ekanligi to‘g‘risidagi tartibning joriy etilishiga xizmat qilgan;
qimmatbaho metallarni bankka omonatga qo‘yish mumkinligiga oid taklifdan yangi tahrirdagi Fuqarolik kodeksi loyihasining «Majburiyatlarning ayrim turlari» kichik bulimi, «Bank omonati» bobi, «Qimmatbaho metallarda bank omonati shartnomasining xususiyatlari» nomli moddasini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Huquqiy siyosat tadqiqot institutining 2022 yil 4 fevraldagi 2/2-3-35-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif qimmatbaho metallarning fuqarolik muomalasi kengayishi va uning huquqiy asoslari yaratilganligi bilan omonat shartnomasinig predmeti sifatida pullardan tashqari qimmatbaho metallarni ham omonatga qo‘yish imkonini bergan.