Haydarov Komil Donabaevichning 
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Yangilanayotgan O‘zbekistonda ma’naviy qadriyatlarning tiklanishi va uning uzluksiz ta’lim tizimidagi ahamiyati”, 09.00.04 – Ijtimoiy falsafa (falsafa fanlari). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.3.DSc/Fa171.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti, DSc.03/30.12.2019.F.02.02
Ilmiy maslahatchi: Nazarov Qiyom Normirzaevich, falsafa fanlari doktori, professor. 
Rasmiy opponentlar: Xajieva Maqsuda Sultanovna, falsafa fanlari doktori, professor; Norqulov Do‘stmurod Toshpo‘latovich, falsafa fanlari doktori, professor; Xuseynova Abira Amanovna, falsafa fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat transport universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Yangi O‘zbekistonda ma’naviy qadriyatlarning tiklanishi, uning uzluksiz ta’lim mazmuniga ta’sir etish jarayonining mazmun-mohiyatini ochib berish va uni takomillashtirishga doir taklif-tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
“qadriyat”, “ma’naviy qadriyatlar”, “ma’naviy meros”, “ma’naviy taraqqiyotda vorislik”, “milliy qadriyatlar tiklanishi”, “komillik”, “barkamol avlod”, “barkamol shaxs tarbiyasi” kabi tushunchalarning jamiyat barqarorligiga asoslangan umuminsoniy mohiyati va hozirgi davrga xos ma’naviy-mafkuraviy jihatlari umummetodologik nuqtai nazardan ochib berilgan;
“insoniyat tarixi – ma’naviyat tarixi” tamoyilining Sharq ijtimoiy-falsafiy merosiga xos ezgulik va insonparvarlik g‘oyalari zamonaviy ta’lim tizimi o‘zagini tashkil qiluvchi paradigmal asos va innovatsion tendensiyalar omili ekanligi isbotlangan;
milliy-ma’naviy qadriyatlarning Yangi O‘zbekiston uzluksiz ta’lim tizimidagi o‘zgarishlar va yangilanishlarga ta’siri hamda uning samaradorligini oshirishga qaratilgan tarixiy etno-aksiologik va taraqqiyotga monand zamonaviy kreativ-pragmatik imkoniyatlari falsafiy asoslangan; 
barkamol avlod tarbiyasiga qaratilgan uzluksiz ta’lim jarayonini optimallashtirishda ma’naviy qadriyatlar omilidan foydalanish texnologiyalari samaradorligini oshirishga doir “gorizontal” va “vertikal” vorislik, ma’naviy, ilmiy va ijodiy muhit uyg‘unligi qonuniyatlari orqali namoyon bo‘lishi aniqlangan;
O‘zbekistonda yangi davr poydevorini yaratishda milliy-ma’naviy qadriyatlarga asoslangan uzluksiz ta’lim tizimini shakllantirish zaruriyati, zamonaviy yo‘nalishlari va istiqbollari falsafiy jihatdan mantiqiy dalillangan va ularning birlamchi omil ekanligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ma’naviy qadriyatlarning uzluksiz ta’lim tizimidagi ahamiyati va ta’sirchanligini oshirish mavzusini o‘rganishga doir olingan ilmiy natijalar asosida:
“qadriyat”, “ma’naviy qadriyatlar”, “ma’naviy meros”, “ma’naviy taraqqiyotda vorislik”, “komillik”, “barkamol avlod”, “barkamol shaxs tarbiyasi” degan tushunchalarning umuminsoniy mohiyati va davrga xos jihatlarini ochib berish bilan bog‘liq ilmiy-nazariy xulosa va metodologik g‘oyalaridan “Milliy g‘oya va O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” nomli darslikning “O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning Harakatlar strategiyasi – faoliyatimiz dasturulamali” deb nomlangan 5-mavzusini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 20 iyuldagi 654son buyrug‘i asosida berilgan 654-065-son ma’lumotnomasi). Natijada darslikning mazmunini boyitish va barkamol shaxs tarbiyasining zamonaviy yondashuvlarini ilmiy asoslashga xizmat qilgan;
“insoniyat tarixi – ma’naviyat tarixi” degan tamoyildan kelib chiqib, Sharq xalqlari ijtimoiy-falsafiy merosiga xos insonparvarlik g‘oyalari zamonaviy ta’lim tizimi o‘zagini tashkil qiluvchi muhim tendensiya ekanligini asoslashga doir ilmiy-nazariy xulosa va tavsiyalardan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan 2020 yilda milliy tarbiya uslublari, axloqiy qadriyatlar va tamoyillarni o‘z ichiga olgan “Milliy tarbiya” antologiyasini chop etishda foydalanilgan (Respublika ma’naviyat va ma’rifat Markazining 2021 yil 6 iyundagi 02/08-770-son dalolatnomasi). Natijada antologiyaning ilmiy-falsafiy mazmuni boyitilishiga xizmat qilgan;
milliy-ma’naviy qadriyatlarning Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining bosh omili sifatida uzluksiz ta’lim tizimidagi o‘zgarishlar va yangilanishlarga ta’sir ko‘rsatuvchi ustuvor tendensiya ekanligini, uning ta’lim samaradorligini oshirishdagi pragmatik imkoniyatlarini asoslashga doir ilmiy-nazariy xulosa va tavsiyalaridan “Milliy g‘oya va O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” nomli darslikning “O‘zbekistonning ta’lim sohasidagi strategiyasi va kadrlar tayyorlashning zamonaviy tamoyillari” nomli 9-mavzusini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 20 iyuldagi 654son buyrug‘i asosida berilgan 654-065-son ma’lumotnomasi). Natijada darslikning mazmun-mohiyatini boyitishga xizmat qilgan;
barkamol avlod tarbiyasida ma’naviy qadriyatlar omilidan foydalanish texnologiyalari samaradorligi va ahamiyatini oshirishning usul va vositalariga oid ilmiy-nazariy xulosa va tavsiyalardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 18 fevraldagi PF-5958-son Farmoni asosida respublikada “Mahalla – qadriyatlar maskani” haftaligi, mahallalarda to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarning ma’naviy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan ma’rifiy tadbirlar tashkil qilish va o‘tkazish, mahallalarda kutubxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, “Oqsoqollar o‘giti”, “Duogo‘ylar minbari”, “Avlodlar uchrashuvi”, “Ustoz-shogird” kabi an’analarni tizimlashtirishda hamda “Eng faol keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha o‘rinbosar” tanlovining Samarqand viloyat bosqichi ssenariysini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining 2021 yil 10 maydagi 02-02/1280-son dalolatnomasi). Tadqiqot natijalari yoshlar ta’lim-tarbiyasi mazmuniga ma’naviy qadriyatlarni singdirish, taraqqiyotning yangi bosqichida ularni yanada takomillashtirishga xizmat qilgan;
O‘zbekistonda uchinchi Renessans davri poydevorini yaratishga qaratilgan islohot va yangilanishlar jarayonida uzluksiz ta’lim tizimida ma’naviy qadriyatlar ta’sirini oshirishning zamonaviy, kreativ yo‘nalishlari va istiqbollarini belgilashga doir taklif-tavsiyalaridan 2021 yilning 8 fevral` kuni “Samarqand” telekanali orqali efirga uzatilgan “Yoshlarni  qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” davlat dasturining barkamol avlod tarbiyasidagi ahamiyati masalalariga bag‘ishlangan 30 daqiqalik ochiq muloqot dastur ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (Samarqand viloyat teleradiokompaniyasining 2021 yil 14 iyundagi 09-09/249-son ma’lumotnomasi). Natijada efirga uzatilayotgan ma’naviy-ma’rifiy mazmundagi ko‘rsatuvlarning ta’sirchanligini oshirishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish