Toshtemirov Umarali To‘lqin o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Kon lahimlarini o‘tishda burg‘ilash-portlatish ishlarining samaradorligini oshirish», 04.00.10 – Geotexnologiya (ochiq, er osti va qurilish) (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.2.PhD/T673.
Ilmiy rahbar: Akbarov Taxirjan Gulyamovich, texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti, DSc.17/04.06.2021.T.06.02.
Rasmiy opponentlar: Umarov Farxodbek Yarkulovich, texnika fanlari doktori; Melikulov Abdusattor Djabbarovich, texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: «O‘zbekko‘mir» AJ.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi er osti gorizontal kon lahimlarini o‘tish samaradorligini oshirishni ta’minlovchi burg‘ilash-portlatish ishlarining optimal ko‘rsatkichlarini tanlash va asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
sanoat portlovchi moddalarining energetik xususiyatlarini hamda tog‘ jinslarining fizik-mexanik xossalari va portlatiladigan blok ko‘rsatkichlariga bog‘liq xolda siqilgan muhitda piramidasimon shakldagi shpur zaryadlarining portlashi ta’sirida kon massivining maydalanish zonasi aniqlangan;
burg‘ilash-portlatish ishlari sifatini pasaytirmasdan portlatish ishlarining yuqori samaradorligini va kon ishlarining jadalligini ta’minlash imkonini beruvchi kompensatsiya shpurli piramidasimon o‘yiqni kovjoy yuzasi bo‘ylab joylashtirish bo‘yicha burg‘ilash-portlatish ishlari pasportining texnologik sxemasi ishlab chiqilgan;
zaryadlanmaydigan shpur diametriga, tog‘ jinslarining maydalanish koeffisienti va zaryadlangan shpurlarning diametriga bog‘liq holda kompensatsiya va zaryadlanuvchi shpurlar orasidagi masofaning o‘zgarishi aniqlangan va buning asosida muhandislik formulasi ishlab chiqilgan;
gorizontal kon lahimlarini o‘tishda burg‘ilash-portlatish ishlari ko‘rsatkichlarini hisoblash algoritmi ishlab chiqilgan va kon lahimlarini o‘tishda kon massasini parchalash va o‘yiq bo‘shlig‘idagi o‘yiq hosil qiluvchi shpur zaryadlarining ishlashini hisobga olgan holda o‘yiq bo‘shlig‘ini hosil qilish va o‘yiq bo‘shlig‘ida maydalangan tog‘ jinslarini chiqarib olish uchun portlatish usullarining tasnifi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Er osti gorizontal kon lahimlarini o‘tishda burg‘ilash-portlatish ishlari samaradorligini oshirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
burg‘ilash-portlatish ishlari pasportini loyihalashda kovjoy yuzasida kompensatsiya shpurli piramidasimon o‘yiq hosil qilishda shpurlarni joylashtirishning hisob-grafik usuli «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJning «Kovuldi» konida amaliyotga joriy etilgan («Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJning 2021 yil 5 oktyabrdagi 57-05-686-son ma’lumotnomasi). Natijada, portlovchi modda umumiy sarfini odatdagi sarfga nisbatan 7,2 % gacha kamaytirish imkonini bergan;
kompensatsiya shpurli piramidasimon o‘yiq «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJning «Kovuldi» konida amaliyotga joriy etilgan («Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJning 2021 yil 9 noyabrdagi OU-188-son ma’lumotnomasi). Natijada, shpurlardan foydalanish koeffisientini 0,75 dan 0,90 gacha oshirish imkonini bergan.