Eshova Xolisa Saidovnaning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekiston cho‘l hududlaridagi nematodalar va ularning yashash muhiti sharoitlariga moslashish yo‘llari», 03.00.06–Zoologiya (biologiya fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/B16.

Ilmiy maslahatchi: Mavlonov Ochil Mavlonovich, biologiya fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Zoologiya instituti va O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.29.08.2017.V.52.01.

Rasmiy opponentlar: Pozilov Abduvaeit, biologiya fanlari doktori; Xurramov Shukur Xurramovich, biologiya fanlari doktori, professor; Kojevnikova Alevtina Grigor`evna, biologiya fanlari doktori, professor.

Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekiston cho‘l mintaqasi nematodalarining taksonomik, ekologik-trofik tarkibini aniqlash va ularni atrof-muhitning ekstremal sharoitlariga moslashish yo‘llarini ochib berishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

ilk bor O‘zbekiston cho‘l mintaqasi sharoitlarida nematoda turlarining xilma-xilligi va ildiz oldi tuproqlari hamda o‘simlik jamoalari nematodalarining faunistik kompleklari aniqlangan;

ilk bor O‘zbekiston cho‘l mintaqasining 176 turdan iborat nematodalari ro‘yhati tuzilgan va fan uchun nematodalarning yangi 6 turi, O‘zbekiston faunasi uchun 5 turi aniqlangan;

devisaprobiont, pararizobiont va ektoparazitlarni o‘z ichiga oluvchi nematoda jamoalarining morfologik va ekologik o‘ziga xosligi ochib berilgan;

nematoda turlarining dominantlik qiluvchi guruhlari va o‘simlik-xo‘jayin tarkibi bo‘yicha farq qiluvchi jamoalarining akrobeloid, dolixodoroid, akrobeloid-dolixodoroid, dolixodoroid-dorilaymoid va sefaloboid-akrobeloid tiplari aniqlangan;

nematodalarning ekologik yashash sharoitlariga bog‘liq holda tana qoplamasi shakllanishi murakkablashuvining korrelyativ aloqalari isbotlangan;

cho‘l iqlimi sharoitlariga nematodalar adaptiv reaksiyasining anatomo-morfologik va fiziologik jihatlari ochib berilgan;

nematodalarning morfologik, fiziologik tavsiflari va ularning o‘simlik-xo‘jayin bilan trofik munosabatiga ko‘ra 15 ta kichik ekologik guruhlari aniqlangan;

Acrobelinae oilasiga kiruvchi nematodalar devisaprobiotik turlarining cho‘l mintaqasi qum tuproqlaridagi to‘kilgan o‘simlik qoldiqlarini qayta ishlovchi asosiy agentlar ekanligi isbotlangan;

qurg‘oqchil cho‘l tuproqlari gidrotermik rejimini o‘simliklarning xavfli paraziti – bo‘rtma nematodaning hayot siklidagi o‘rni aniqlangan va shu asosda g‘o‘za fitogel`mintozlarining oldini olish usullari ishlab chiqilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

O‘zbekiston cho‘l zonalarining nematodalari va ularning yashash muhiti sharoitlariga adaptatsiyasi yo‘llari yuzasidan olingan ilmiy natijalar asosida:

nematodalardan zararlanmaydigan yoki kam zararlanadigan beda va don ekinlarini qo‘llash orqali meloydogenoz qo‘zg‘atuvchisi bilan g‘o‘zani zararlanishini kamaytirish bo‘yicha ishlab chiqilgan chora-tadbirlar qishloq fermer xo‘jaliklariga joriy qilingan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2017 yil 17 martdagi 02/12-258-son ma’lumotnomasi). Natijada tuproq muhiti va ekinlarni o‘sish sharoitini yaxshilash orqali g‘o‘zani parazit nematodalarga chidamliligini oshirish imkonini bergan;

nematodalar bilan zararlangan hududlarda qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini nematoda invazion lichinkalari faol bo‘lmagan erta muddatlarda ekish bo‘yicha agrotexnik tadbirlar fermer xo‘jaliklarga joriy qilingan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2017 yil 17 martdagi 02/12-258-son ma’lumotnomasi). Natijada gidrologik rejimni boshqarish orqali tuproqdagi nematodalar miqdorini kamaytirish va sabzavot-poliz ekinlarini ulardan zararlanishini pasaytirish imkonini bergan;

nematodalarga qarshi kurashishni o‘z ichiga oluvchi engil tuproqli dalalarda g‘o‘zani kalta egatlar orqali qisqa vaqt davomida va kam me’yorda sug‘orish sxemasi o‘simliklar karantini amaliyotiga joriy etilgan (O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasining 2017 yil 20 sentyabrdagi 50-04-702-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalar g‘o‘zani nematoda bilan zararlanishini 57% kamaytirish va hosildorligini oshirish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish